Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:14

OzodDayjest: Yunusobod metrosi qurilishida halok bo‘lganlarning oilalariga tovon puli haligacha to‘liq berilmagan


Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida 2019 - yil dekabrida yuz bergan yer o‘pirilishi oqibatida 6 kishi nobud bo‘lgandi
Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida 2019 - yil dekabrida yuz bergan yer o‘pirilishi oqibatida 6 kishi nobud bo‘lgandi

Qirg‘iziston prezidentining “Mirziyoyev Karimovdan qolgan diktaturani yo‘qotgani”ga oid gapi o‘zbek jamoatchiligi orasida turlicha qarshi olindi. Metropoliten qurilishida ro‘y bergan fojiada jabr ko‘rgan oilalarga va’da qilingan mablag‘ haligacha to‘liq to‘lab berilmagan. Diniy qo‘mita raisi o‘rinbosari tahdid yo‘li bilan maqolalarni o‘chirtirishga urindi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

__________________________________________________________

O‘zAda prezident Karimov davri “kuchli diktatura” deb ataldi. Bu borada jamoatchilik ikki “lager”ga bo‘lindi

O‘zbekiston rasmiy axborot agentligi saytida “Mirziyoyev O‘zbekistonda Karimovdan qolgan diktaturani yo‘qotdi” deb nomlangan maqola chop etildi (www.uza.uz, 29 - yanvar). Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov VVS nashriga intervьyusida prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimovdan qolgan diktaturani yo‘q qilganini bayon etgan.

“Islom Karimov davrida kuchli diktatura edi. Uni butun dunyo bilardi, qo‘shni davlatlar va biz ham bilganmiz. Shavkat Mirziyoyev kelgach, diktaturani olib tashlab, dunyoga eshigini ochdi. Hozir qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?! Agar diktaturani o‘rnataman desa, Islom Karimovning diktaturasini davom ettirib ketsa bo‘lar edi. Ammo davom ettirmadi-ku”, degan S. Japarov.

Rasmiy axborot agentligi saytida birinch prezident boshqaruvi davri “kuchli diktatura” deb atalishi ijtimoiy tarmoqlarda turlicha baholandi. Ayrimlar bu holatni keskin tanqid qildi.

“O‘zini O‘zbekistonning bittayu bitta va yagona axborot agentligi deb hisoblaydigan manba tomonidan tomonidan ajoyib bir material berilibdi. ...maqolada “Islom Karimovdan qolgan diktatura” iborasi 4 marta, avvalgi rejimga tegishli “diktatura” so‘zi esa yana alohida 4 marta ishlatilgan. Bir maqola uchun ko‘p emasmi?! Lekin, kelib-kelib amaldagi hukumatni ag‘darib, tarixda eng kam saylovchilar ishtirok etgan saylovda bir amallab saylangan davlat rahbari gapini ura-uraga aylantirish kerakmikan?” deb yozdi “Davr24” axborot nashri.

Boshqa bir guruh foydalanuvchilar esa prezident Islom Karimov davri chindan ham diktatura bo‘lgani, O‘zA esa yaqin o‘tmish voqeligini o‘z nomini bilan ataganini qayd etgan va agentlikni oqlagan.

Metro qurilishida tuproq ostida qolgan ishchilarning oilalari haligacha rozi qilinmagan

2019 - yil 18 - dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘li qurilishida ro‘y bergan fojiada jabr ko‘rgan oilalarga va’da qilingan mablag‘ haligacha to‘liq to‘lab berilmagan (www.kun.uz, 3 - fevral). O‘shanda 6 nafar ishchi tuproq ostida qolib halok bo‘lgan.

Marhumlarning bir nafari “O‘zbekiston temir yo‘llari mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi, qolgan 5 nafari “SBK Universal Construction Group” MChJ xodimlari bo‘lgan.

Fojia oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tuzilgan hukumat komissiyasi topshirig‘iga muvofiq halok bo‘lgan ishchilarning har biri uchun ularning oila a’zolariga 100 million so‘m kompensatsiya puli, shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqalari berilishi belgilangan.

Kun.uz ma’lumotlariga ko‘ra, “SBK Universal Construction Group” MChJ marhumlarning oila a’zolariga maxsus komissiya tayinlagan nafaqa pullarini o‘z vaqtida va yetarli miqdorda to‘lab bermagan. Hatto baxtsiz hodisa tufayli halok bo‘lganlarning yaqinlari biryo‘la va oyma-oy to‘lanadigan nafaqalar o‘z vaqtida to‘lab berilmagani sababli sudga da’vo arizasi kiritgan.

Ayrim jabrlanuvchilarga tovon puli tergov ishi tugatilganidan 4-5 oy o‘tganidan keyin to‘langanki, bu ham jiddiy qonun buzilishi hisoblanadi.

Prokuratura odamlar o‘limiga olib kelgan hodisa aybdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini 2020 - yil 18 - mart kuni tugatgan. Bunga esa vafot etganlarning oila a’zolariga yetkazilgan zarar o‘rni ish beruvchi tomonidan “to‘liq qoplangani” asos qilingan.

Kun.uz nashriga ko‘ra, Bosh prokuratura tergovni tugatish asoslari qonuniyligini qayta ko‘rib chiqishi lozim.

Diniy qo‘mita raisi o‘rinbosari Azon.uz caytiga tahdid qilib maqolalarni oldirib tashlamoqchi bo‘ldi

3 - fevral kuni Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Raimov tahririyatga nisbatan bosim o‘tkazilgani sababli ishdan bo‘shash haqida ariza yozganini e’lon qildi. Bu haqda qator axborot nashrlari xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev Azon.uz saytida e’lon qilingan ikki maqola (“Qorilar mahallasi – Prezidentning taklifi ahli ilmlarni to‘lqinlantirib yubordi” hamda “Shavkat Mirziyoyev diniy sohada qanday erkinliklarni qaytardi?”) yuzasidan sayt ta’sischisi, diniy olim Mubashshir Ahmadga qo‘ng‘iroq qilib, haqorat va tahdid bilan ularni o‘chirishni talab qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, D.Eshnayev bunga qadar ham Azon.uz sayti va Azon TV onlayn televideniyesidagi e’lon qilingan ko‘plab ko‘rsatuvlar va maqolalarni o‘chirishning tashabbuskori bo‘lgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu xabarni rad etib, maqolalarni o‘chirtirish borasida rahbariyat tomonidan topshiriq berilmaganini bildirgan.

Qo‘mita bayonotiga javob bergan Azon.uz tahririyati sayt ta’sischisiga chindan ham qo‘mita raisi o‘rinbosari haqoratli so‘zlar bilan tahdid qilgani, ushbu so‘zlashuv audioyozuvi mavjudligini bildirgan.

2018 - yilda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan sobiq DXX xodimi Eshnayev 2019 - yil sentabr oyida Nuriymon Abulhasanning o‘rniga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari – Diniy ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori lavozimini egallagan edi.

Kun.uz nashri cobiq DXX xodimining bu harakatlari prezident Sh.Mirziyoyevning ochiqlik va erkinlik siyosatiga zid ekanini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG