AQSH Ozodlikning ukrain xizmati surishtiruvida nomlari zikr etilgan Rossiyadagi to‘rtta va Yevropadagi ikkita shirkatga nisbatan sanksiyalar joriy etdi. Shu yil aprelida yoyinlangan surishtiruvda Rossiyaning “Su” rusumidagi qiruvchi uchoqlari uchun xorijdan elektronik jihozlar qay yo‘llar bilan yetkazib berilayotgani haqida so‘z borgan.
Mazkur surishtiruvda nomlari keltirilgan olti firma AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlar ustidan nazorat boshqarmasi (OFAC) tomonidan 23-avgust kuni yangilangan sanksiya ro‘yxatiga qo‘shilgan.
AQSH Moliya vazirligi va Davlat departamenti tomonidan sanksiya ro‘yxatiga Rossiyada, shuningdek, Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharqda faoliyat yurituvchi jami 400 ta yuridik va jismoniy shaxs kiritilgan bo‘lib, ular o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan Rossiyaga xalqaro sanksiyalarni aylanib o‘tishda va harbiy harakatlarni davom ettirishda ko‘maklashayotgani aytilmoqda.
Ozodlik surishtiruvida Rossiya Federatsiyasiga g‘arb mamlakatlaridan elektronik jihozlar yetkazib berayotgan Moskva viloyati va Smolenskdagi “Eksiton” nomli ikki shirkat, “Displey Komponent” kompaniyasi, “Aspektrium” firmasi, shuningdek, Vengriyadagi Matrix Metal Group va Kiprdagi Noratec Holdings shirkatlari haqida so‘z yuritilgan.
AQSH Rossiya va Yevropada faoliyat olib borayotgan bu firmalarning egalariga qarshi hali sanksiya joriy etganicha yo‘q.