Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:41

OzodTa'sir: Bobolov G‘aniyevga xat yozdi, tomchilatib sug‘orish mojarosi "yopdi-yopdi qilinmoqda"


Tomchilatib sug‘orish. Illyustrativ surat.
Tomchilatib sug‘orish. Illyustrativ surat.

Shu yilning 29-iyul kuni Ozodlik Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Termiz-Jayxun Klasster” MChJ tomonidan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishda soxtakorlikka yo‘l qo‘yilgani, jami 40 milliard so‘mlik subsidiyalar o‘zlashtirilgani, ammo ish amalda bajarilmagani haqida maqola chop qilgandi.

Maqolada tomchilatib sug‘orish texnologiyalari bilan bog‘liq ko‘zbo‘yamachiliklar yer maydonlarining “Dream cotton textile” klasteriga o‘tkazilishi jarayonida fosh bo‘lgani aytilgan. “Dream cotton textile” klasteri ishchilarining noroziligi tufayli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani o‘rtaga chiqqandi.

30-iyul kuni Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevga rasmiy xat bilan murojaat qilib, yerlarni yana Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Termiz Jayxun Klasster" MChJ tasarrufiga qaytarishni so‘ragan.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevga yo‘llagan xati nusxasi.
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevga yo‘llagan xati nusxasi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, shu kunning o‘zida Bosh vazir o‘rinbosari Sh. G‘aniyevning bayonnomasi tuzilib, yer Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Termiz Jayxun Klasster" MChJga qaytarilgan. Ozodlikning Surxondaryo viloyat hokimligidagi manbasining iddao qilishicha, tomchilatib sug‘orish bo‘yicha "o‘zlashtirilgan milliardlarning oshkor bo‘lishidan Surxondaryo viloyati hokimi ham, Bosh vazir o‘rinbosari ham manfaatdor emas".

Ozodlik tahririyatiga so‘nggi kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot va Kegeyli tumanlarida ham tomchilatib sug‘orishda yo‘l qo‘yilgan talon-torojliklar borasida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgani haqida ma’lumotlar kelib tushdi.

Dastlabki surishtiruvlar davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Keygeyli tumanidagi “Kegeyli Chimboy agroklasster” MChJda 7 milliard so‘mlik, Qo‘ng‘irot tumanidagi “Chili Osiyo Qo‘ng‘irot” agroklasterida 4,8 milliard so‘mlik talon-trojliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Respublika bo‘ylab klasterlar ustidan boshlangan tekshiruv va tergov jarayonlari borasida hozircha biron rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

Мирзиёевларга қариндош кластердан норози фермерларга бошқа кластер танлашга рухсат берилмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:52 0:00

O‘zbekistonda paxta va g‘allachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarni klaster korxonalariga birlashtirish prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan uch yil avval boshlangan edi.

Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya professori Kristian Lasslett 2020- yilgi tadqiqotida O‘zbekistondagi klasterlar faoliyatida shaffoflikning deyarli yo‘qligiga e’tibor qaratgandi.

Ozodlikka murojaat qilgan fermerlar klaster tizimi joriy qilinishi ortidan o‘zlarining yaxshi ishlov berilgan yerlari hokimiyatga yaqin shaxs va guruhlarga noqonuniy ravishda olib berilganidan shikoyat qilishgan.

XS
SM
MD
LG