Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:50

OzodTarmoq: Mobilizatsiya 100 yil oldin ham bo‘lgan - Aziza Umarova 1916-yil qo‘zg‘oloni haqida


1916-yilda Turkistonda yuz bergan qo‘zg‘olon Chor armiyasi tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan.
1916-yilda Turkistonda yuz bergan qo‘zg‘olon Chor armiyasi tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan.

Mobilizatsiya (harbiy safarbarlik) o‘tmishda ham amalga oshirilgan. Yuz yildan ziyod vaqt muqaddam, Birinchi jahon urushi davrida.

Muhoraba maydonida mag‘lubiyatga uchrab, tinka-madori qurigan Rossiyaga qo‘shimcha kuchlar zarur bo‘lib qoladi. 1916-yilning yozida frontorti hududlarda mudofaa inshootlarini barpo etish ishlariga doir hukumat yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Ma’lum bo‘lishicha, bir million odam kerak ekan. O‘shanda musulmon aholini frontorti ishlariga yuborish qarori qabul qilinadi.

1916-yil 25-iyunda imperator Nikolay II saltanatning 19 yoshdan 43 yoshgacha bo‘lgan g‘ayritabaa (ruslardan boshqa xalqlar, xususan sharq elatlari – tahr.) aholisi erkaklarini frontda mudofaa ishlariga jalb etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekadi. Bu o‘rinda gap Turkiston (O‘rta Osiyo) va Step – Dasht o‘lkasi (Qozog‘iston) haqida bo‘lib, (safarbarlik) istisnosiz o‘zbeklar, qozoqlar, qirg‘izlar, tojiklaru turkmanlarga taalluqli edi.

O‘sha davr mustamlaka qonunchiligiga ko‘ra, Turkiston aholisi harbiy xizmat o‘tashga majbur emas edi. Zotan, mahalliy aholi urush boshlangandayoq 21 foiz miqdorida harbiy boj to‘lagandi.
O‘lka ma’muriyati oshig‘ich ravishda ro‘yxat tuzib, qashshoq oilalar boshliqlarini olib ketishga tushadi. Erkaklar zaruriy aslaha va issiq kiyim-kechaksiz shimolga – quruq qo‘l bilan xandaq qazish va temiryo‘l uchun to‘sin yotqizishga haydaladi. Toshkentdagi Qatag‘on qurbonlari muzeyida bir qator ko‘rgazma stendlari bor. Ular bilan tanishib, Paustovskiy qishda, Qozonda yupun kiyimda armiyaga olib ketilayotgan o‘zbeklar haqida nimalar yozganidan voqif bo‘lasiz. “Yalla” guruhining “Qarg‘alar...” qo‘shig‘i ham aslida fojiaviy ruhda ekani va aynan o‘sha davrda ijod qilinganini o‘zingiz uchun kashf etasiz.

Muammo shundaki, safarbarlik asnosida umumiy vaziyat inobatga olinmagani sababli norozilik to‘lqini yuzaga keladi. Eng avvalo, qishloq xo‘jaligiga tayangan mintaqalarda erkaklarning (frontortiga) yuborilishi ularning oilasini ochlikka mahkum etishi tayin edi. Shu tariqa dastlab Xo‘jandda yirik norozilik boshlanadi, keyin esa u Toshkent, Qo‘qon, Andijon, Marg‘ilon, Namangan, Jizzax, Kattaqo‘rg‘onga – deyarli barcha shaharlarga yoyiladi.

Isyon ko‘targan omma chor va mahalliy ma’muriyat idoralari, uy va dalahovlilarini yakson qiladi, temiryo‘llarni buzib tashlaydi, elektr va telegraf tarmoqlarini ishdan chiqaradi, ko‘priklarga o‘t qo‘yadi.

Hammasi noxush tarzda yakunlanadi. Qo‘zg‘olon bostiriladi. O‘shanda ko‘pchilik o‘z uyini tark etib, boshpana istagancha Xitoyga (avlodlari haligacha yashab kelayotgan o‘sha Shinjonga) ravona bo‘ladi.

Shu tariqa mintaqadagi chor hukumatiga nisbatan tutab turgan norozilik olovi rosmona alangaga aylanadi.

Darvoqe, bu – chor Rusiyasi hududida mustamlakachilikka qarshi so‘nggi isyon sifatida tarixga kirdi. Bir yil o‘tib imperiya parokandalikka yuz tutdi.

Aziza Umarova, Smartgov Consulting rahbari, bloger

(Muallifning Facebook sahifasidan olindi)

OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG