Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 04:23

OzodTarmoq: Iskandarning shoxi bor yoxud qiyshiq basharalar sahna yuzini ko‘rmoqda


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi logosi - illyustrativ surat

18 dekabr kuni Senatning yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritilishi haqida paydo bo‘lgan xabarlarni rad etgan. Norboyevaning aytishicha, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar masalasi kun tartibida yo‘q.

"Mabodo kiritilgan taqdirda ham xalqimiz bilan bamaslahat ish tutiladi. Konstitutsiya juda ham muhim qomusimiz. O‘zbekistonda hech qaysi qonun hujjati "sirli" qabul qilinmaydi. Hamma narsa ochiq-oshkora qabul qilinyapti, ko‘rib chiqilyapti", - deya Senat raisining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz nashri.

Mamlakatning qonun chiqaruvchi hokimiyatini amalga oshiradigan Senatning yalpi majlisi qonun nazorati uchun mas’ul Bosh prokuratura tizimidagi mojaro manzarasida o‘tmoqda. Oliy Majlisning Senat va Qonunchilik palatasi hozirga qadar Buxoro shahar prokurori va Bosh prokuror hamda o‘tmishda Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev orasidagi korrupsiya mojarosiga munosabat bildirmagan. Avvalroq Prezident Xalq qabulxonasi iddaolar tekshirilishi haqida bayonot bergan edi.

O‘zbekistonlik jurnalist Umid Soriyev Argument_uz Telegram kanalida e’lon qilgan maqolasida bu va boshqa mojarolar hamda O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat haqida mushohada yuritadi. Maqola muallifning roziligi va juz’iy qisqartirish bilan e’lon qilinmoqda.

Blog mualliflarining fikri Ozodlik nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

Iskandarning shohi bor

yohud qiyshiq basharalar sahna yuzini ko‘rmoqda

(Tahlil)

Qadimda podsholarga maza bo‘lgan ekan-da. Iskandariyam, boshqalariyam deyman-da. Deylik, bitta-yarimtasi "Iskandarning shohi bor" deb nay chalib yuborsa yo pinhona xirurgik yo‘l bilan o‘sha shohni olib tashlagan, yo "E, senimi" deb o‘sha norozi bo‘lib, quduqqa qichqirganning boshini olgan qo‘ygan, tamom-vassalom.

Hozir O‘zbekistonda bo‘layotgan ijtimoiy portlashlar, norozilik, isyon shu darajaga yetdiki, jamiyatniku, qo‘yavering, ijtimoiy tarmoqlarni portlatib yo‘q qilib yubormasa, deb qo‘rqasan kishi. Aytganday, AYBDORI TOPILMAYOTGAN SARDOBA SUV OMBORI MAMLAKATDAGI KUN SAYIN KUCHAYAYOTGAN VAHIMADAN YORILIB KETMADIMIKIN?

Namanganda bir ayol MIB va ichki ishlar xodimlari ko‘z o‘ngida o‘ziga o‘t qo‘ydi. Andijonda bir ayol prokuratura oldida o‘ziga o‘t qo‘ydi. Sirdaryoning Shirin shahrida bir ayol ikki guldek go‘dagi bilan o‘zini suvga tashlamoqchi bo‘lganida ekologiya xodimlari qutqarib qolishdi. Qashqadaryo viloyati hokimligi oldida ishsiz, yupun ayol "Tupurdim, O‘zbekistonga" deb hayqirdi. Har kuni yuraklarni zir titratuvchi bir-biridan mudhish xabarlar...

Bularning barchasi jamiyatda yuzaga kelgan keskin taranglikni, qonunlarning ishlamasligi, moddiy boyliklarning bir paytlar shoir Jo‘qi "Nafsing o‘xshar nahangga, ofarin ishtahangga" deganidek, ochofat ajdarholar tomonidan yutib yuborilayotganini, millionlab odamlar ishsizlikka, yupunlikka, ochlikka giriftor etilayotgani yetmagandek, bola-chaqasi bilan qishda gazsiz, svetsiz sovuq qotishga mahkum etilayotganini ko‘rsatmoqda.

O, birodarimey. Yaqinda bundan ham qizig‘i bo‘ldi. Senu biz qal’aga o‘xshatgan, tashqaridan qo‘riqlanadigan, har qanday shikoyat yorib kirolmaydigan prokuraturaning avra-astari ochildi. Buxoro shaxar prokurori Jasur Fozilov respublika bosh prokurori o‘g‘rilar homiysi, bosh poraxo‘r, deganidan "Menga qilsa yuz jafo bir marta faryod aylamam" deb yurgan uyatchan xalqimiz hijolatda qoldi.

Qarashlarida doimo "Qamatib yuboraman" degan dag‘dag‘a zuhr etib turadigan, uylari qasrmonand, odamlarni, korxona-yu tashkilot rahbarlarini zir titratib turadigan bu tizim odamlarida ham dard bo‘larkanmi?

Tavbangdan ketay. Jasur Fozilov bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevning nafaqat Buxorodagi, balki Toshkent viloyatining Pskent tumanidagi jinoyatlaridan ham xabardor ekan.

Endi kimga dod deysan? 30 yil davomida 50 ming so‘m olgan-poraxo‘r, bir xalta don olgan-davlat jinoyatchisi ataldi. Goh dalamizni, goh uyimizni buzishdi, hatto arzimagan ish haqimizga ham chang solishdi. Xalqqa kelganda qonunlar ishlamadi. Qonunlarni istaganicha o‘zlariga moslab olishdi. Konstitutsiya deganimiz o‘nyamoq bo‘lib ketdi...

Ichki ishlar jarima kasaliga yo‘liqqaniga ancha bo‘ldi. Haydovchi va yo‘l patrul xizmati xodimlari mojarosi kunora ijtimoiy tarmoqlarni junbushga solmoqda. Hatto jarimashunos komandirlarning topshiriqlari ham ommaga oshkor qilinmoqda.

Ibtidoiy odam sho‘rlik ko‘p savol bermasa, bermagandir. Qorni to‘q, usti but bo‘lsa kifoya qilgandir. Bugungi avtokratik rejim esa poraxo‘rlik, korrupsiya, zo‘ravonlik, qonunsizlik tufayli chok-chokidan so‘kilmoqda. Gogolning "Revizor" komediyasidagi singari qiyshiq basharalar sahna yuzini ko‘rmoqda.

Umid SORIYEV,
jurnalist

Тавсия этилади

XS
SM
MD
LG