Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:17

OzodTarmoq: Jarga yetaklayotgan jaholat


Turkistonda jadidchilik harakati namoyandalari. Illyustrativ surat
Turkistonda jadidchilik harakati namoyandalari. Illyustrativ surat

2016 - yilgacha import cheklovlari, konvertatsiyaning yo‘qligi, mahalliylashtirish dasturlari, avtarkiya orqali qancha pul topilganini va nima uchun monopoliya yomon ekanligini tushunish uchun xalqning besh yil umri ketdi.

Shu besh yil davomida ko‘plab iqtisodchilar, publitsistlar va jurnalistlarning sa’y-harakatlari bilan odamlar tushunib yetdi. Hozir ko‘chada duch kelgan bolakay ham monopoliya nima ekani va nega u iste’molchini yanada qashshoq qilishini biladi.

Biz o‘yinning yangi bosqichiga o‘tdik. Bu yog‘i yanada qiyin bo‘ladi. Bir davlatning boshqa davlat ustidan siyosiy va iqtisodiy hukmronligi qanday amalga oshirilishini tushunish uchun o‘z tariximizni yaxshi bilishimiz kerak. Birinchi navbatda mustamlakachilik davri tarixini.

Tarixni bilganlar Rossiya bilan savdo-sotiq qilgan yirik savdogarlar o‘lkamizning bosib olinishiga qanday hissa qo‘shgani, 1865 - yilda ramziy ma’noda Toshkent kalitini topshirgani, keyin esa shaharni Rossiya imperiyasiga qo‘shib olishni so‘raganini yaxshi eslasa kerak. Juda qiziq o‘xshashlik, shunday emasmi?

Yoki jadidlarga qarshi kurashda ulamolarning roli qanday bo‘lganini, eng muhim pallada ular qaysi tomonda bo‘lganini unutmagandirsiz.

Yoki nega mamlakatimizda paxtani ommaviy etishtirish 1865 - yilda AQShda qora tanli qullar paxta plantatsiyalaridan ozod qilingandan keyingina paydo bo‘lganiyu Ivanovo manufakturalari esa Amerika paxtasiga juda muhtoj bo‘lganini hamma ham bilavermasa kerak. Turkistonning zabt etilishi bevosita resurs bazasi bilan bog‘liq edi. O‘shandan keyin bizga Amerika chigitini olib kelishdi va yetishtirilgan paxta o‘sha Ivanovodagi korxonalarga jo‘natildi. Biz esa uni ko‘klarga ko‘tarib, gerbimizda tasvirlab yuribmiz...

Biz hatto “Qarg‘alar” qo‘shig‘i “Yalla” guruhining sho‘x raqsbop qo‘shig‘i emas, balki 1915-1916 - yillarda Uraldan ham nariroqqa poyezdlarda og‘ir mehnatga – temir yo‘l qurilishiga majburan olib ketilgan yigitlarning g‘amgin qo‘shig‘i ekanini ham unutib qo‘ydik...Mehnat muhojirlarining ta’sirchan prototipi.

Bizda siyosatshunoslik fan sifatida yo‘q qilindi. Fakultetlar, kafedralar yopildi, mutaxassislik olib tashlandi. Tarixni bilmaslik va siyosatshunoslikning fan sifatida yo‘qligi xatolarni takrorlash uchun ajoyib zamin yaratadi. So‘nggi 150 yilda bizni jaholat, sodda-go‘lligimiz, voqelikni baholashda yuzakilik, tahlil qila olmaslik va sabab-oqibatini ko‘ra olmaslik muntazam ravishda halok qildi.

Hozir ham, aftidan, jarga yetaklayapti...

Aziza Umarova, Smartgov Consulting rahbari, bloger

(#Aziza Umar Kundaligi Telegram-kanalidan olindi)

OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG