Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:55

OzodTarmoq:Prezident Administratsiyasi rahbari "sehrli tayoqcha" bo‘la oladimi?


O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov bilan. 13-dekabr, Ashxobod, Turkmaniston.
O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov bilan. 13-dekabr, Ashxobod, Turkmaniston.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda ikki fenomen kuzatilmoqda: qishning ilk ayozli kunlari bilan baravar boshlangan navbatdagi (sanog‘iga yetib bo‘lmay qolgan!) energetika kollapsi va hukumatning ushbu muammoni qanday hal etmoqchi bo‘layotgani.

Mazkur ikki muammoni sirasi bilan ko‘rib chiqamiz.

– Qizig‘i shundaki, O‘zbekiston 50 mlrd kubometrdan ziyod gaz qazib oladi va hatto eksport ham qiladi, ammo gazga ichki ehtiyojlarini qondira olmaydi. Bu o‘z navbatida quyidagi ikki muammo bilan bog‘liq:

a) 2003-2004-yillardayoq asosiy gaz konlari qazib olingan yoqilg‘ini bo‘lib olish sharti bilan Rossiya shirkatlariga topshirilgan. Rossiya shirkatlari qazib olingan gaz miqdori haqida ishonchli ma’lumot berganida edi bu shart O‘zbekiston uchun maqbul bo‘lur edi. Biroq, aftidan, rossiyaliklarning bosh energetika idoralaridagi qazilma hajmiga doir ma’lumotlarni tasdiqlab beruvchi mulozimlar bilan tili bir, shuning oqibatida qazuv hajmiga doir ma’lumotlar kamaytirib ko‘rsatilmoqda va O‘zbekiston bu shartnomalardagi o‘z ulushini to‘liq ololmayapti. Albatta, mazkur shartnomalarni qayta ko‘rib chiqishni talab qilayotganlar bor. Lekin ularga o‘zbek hukumatidagi Rossiya lobbisi xalal beryapti.

b) So‘nggi vaqtlarda quyosh energiyasini ishlab chiqaruvchi yirik elektr stansiyalarni qurish loyihalari amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, uy xo‘jaliklari va fermer xo‘jaliklarini quyosh energiyasiga o‘tkazishga mutlaqo e’tibor berilmayapti, holbuki butun mamlakat elektr energiyasi iste’molining qariyb yarmi shular hissasiga to‘g‘ri keladi. Uy xo‘jaliklarining aqalli yarmi quyosh panellari va akkumulyator batareyalari o‘rnatib olganida edi, bu, gaz sohasida islohot bo‘lmagan taqdirda ham ichki bozordagi gaz taqchilligi muammosini yaqin bir necha yil sezdirmagan bo‘lur edi. Ammo buning uchun davlat darajasida zarur dastur qabul qilish, logistika va servisni yo‘lga qo‘yish, qator tenderlar o‘tkazish, shuningdek uy xo‘jaliklarini quyosh panellari va batareyalar o‘rnatishga qiziqtirish uchun ularga grantlar ajratish kerak. Quyosh energiyasi qiymati allaqachon gazga nisbatan arzonlashganini, ayniqsa, jahon bozorida gaz yoqilg‘isi narxi keskin oshib ketganini hisobga olganda bu uy xo‘jaliklari uchun juda ham foydali bo‘lur edi.

Endi, hukumat ko‘rayotgan choralar haqida. Birinchidan, hukumat gaz sohasidagi vaziyatni va inqirozning konkret sabablarini tahlil qilishga, ushbu ma’lumotlarni jamiyat bilan bo‘lishishga, shuningdek aniqlangan muammolarni hal etish uchun samarali strategiya ishlab chiqishga urinayotgani yo‘q. Buning o‘rniga ichki gaz ta’minotiga mas’ul kichkina mulozimlar bilan o‘ralashib, ular ustidan jinoyat ishi ochishyapti, hatto bittasini hukumat yig‘ilishida kishanband qilishdi. Bu, albatta, xo‘jako‘rsinga, aniqrog‘i, ommani yupatish va hukumat chora ko‘rayotganini namoyish etish uchun qilindi. Biroq, aftidan, bu choralar sohadagi aybdor qilish mo‘ljallanayotgan shaxslarga qarshi qatag‘onlar bilan cheklanib qoladiganga o‘xshaydi. Lekin kelasi yil inqiroz takrorlanmasligiga kafolat bormi? Takrorlansa, yana kimlardir qatag‘on qilinadimi?

To‘g‘ri, Turkmanistondan gaz sotib olish yo‘li bilan muammoga yechim topmoqchi bo‘lishyapti, garchi O‘zbekistonning o‘zi ham mintaqaning gaz qazib oluvchi mamlakatlaridan biri bo‘lsa-da. Bu yuqorida qayd etganimiz ichki muammolar hal etilmay qolishini bildiradi.

Va nihoyat, gaz importi bo‘yicha muzokara qilish uchun Ashxobodga bosh vazir yoki energetika vaziri emas, balki prezident administratsiyasi rahbari bordi. Bu nima degani? Chamasi, prezident o‘zi tayinlagan hukumatga ishonmaydi, degani. Ayni vaziyatda Umurzoqov o‘zini shunchaki prezident administratsiyasi rahbari emas, balki hukumat tagiga oldirib yuborgan o‘tkir muammolarni bartaraf etishga chog‘langan krizis-menejer kabi tutmoqda.

Президент Администрациясининг янги раҳбари Сардор Умурзоқов ким?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:12 0:00

Bu yerda eng katta inqiroz gaz taqchilligi emas, balki – layoqatsizligi va korrupsiyalashgani tufayli boshqaruv masalalarini hal etishga ojiz ma’muriy tizimdir. Aynan tizim noshudligi sababli tartib-intizom o‘rnatish Umurzoqovga topshirilgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri unga bo‘ysunuvchi hokim o‘rinbosari lavozimlari joriy qilinayotgan edi, endi bo‘lsa u hukumat funksiyalarini ham bajara boshladi.

Biroq ma’muriy tizim islohotida ijobiy natija bo‘lmas ekan, Umurzoqov sehrli tayoqcha misol prezidentni sabotajlardan yoki davlat boshqaruvi kollapsidan qutqara oladimi? Mening bunga ko‘zim yetmaydi.

Alisher Ilhomov

Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi direktori

(Facebook sahifasidan olindi)

OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG