Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:54

OzodTarmoq: Saylovlar va Mehribon shoh - Aziza Umarovadan takliflar


Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardobada - may, 2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardobada - may, 2020

OAV tartibsizliklarga chaqirganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish rejalashtirilayotgani haqida yozmoqda. Muntazam ravishda kuch ishlatar tizimi xodimlarining ish haqi ko‘tarilmoqda, nechchi marta formasiyu, qurollari, maxsus texnikalari sotib olinmoqda. Hamma saylov bilan band ekanligi darrov bilinadi. Nokamtarinlik demasangiz, bu borada taklif berishga jazm etsam.

Dunyoning istalgan nuqtasida (Kanadadan Ruandagacha) har qanday siyosiy saylovlar arafasida maslahatchilar jamoasi “low hanging fruits” (so‘zma-so‘z tarjimasi "pastda osilgan mevalar" – “qo‘li yetadigan masalalar”, “hal qilsa bo‘ladigan masalalar” degan ma’noda) ro‘yxatini tuzishadi. Ya’ni, amalga oshirish qiyin bo‘lmagan masalalar. Ularni hal qilishga ketadigan jami xarajat militsiya formasiga yoki kuch ishlatar organlar xodimlarining ish haqiga qo‘shiladigan qo‘shimcha xarajatlardan ancha kam bo‘lishi mumkin, lekin yuz barobar ko‘p samara beradi. Eng muhimi esa, hech kim hukumatga qarshi borishni xayoliga ham keltirmaydi. Aksincha oyog‘ini qo‘lga olib saylov uchastkalariga chopadi.

Shu paytgacha “low hanging fruits” haqida gapirilmagan ekan, o‘z takliflarimni bersam, nima deysiz?

Smartgov Consulting rahbari Aziza Umarova
Smartgov Consulting rahbari Aziza Umarova


Oltita oson qadam:

1. Mehribon shoh vazifasini bajarish.
Moviy gumbazlar parkidagi muammoga kirishib haykal g‘oyasini Toshkent sitiga ko‘chirilishini aytish kifoya. Qarabsizki, ziyolilarning hammasi siz tomonda.

2. IJTIMOIY MASALA. “Biz odamlarga g‘amxo‘rlik qilamiz!” degan shior ostida Ijtimoiy himoya bo‘yicha ixtisoslashgan idora ochilayotganini e’lon qilish. Bizda 2016 - yildan beri ijtimoiy ta’minot yo‘q, aql bovar qilmaydi. Siz tashkil qilgan idora xuddi kinolardagi singari inqiroz yoqasidagi oilalar bilan ishlash uchun kamida 10 ming nafar professional ijtimoiy soha xodimlarini yollaydi yoki tayyorlaydi da, qiynalayotgan bolalar bormi, ilgari sudlanib qamoqdan chiqib kelganlarmi yoki doim eridan kaltak yeb, jonidan to‘yib yurgan ayolmi, nogiron bola va ishsiz ota-onami, xullas ijtimoiy soha xodimi zarurati bo‘lsa boshqa soha vakillarini jalb qilgan holda odamlarning qiyin vaziyatdan chiqib ketishiga yordam beradi.

Bu o‘zini go‘yoki aholiga g‘amxo‘rlik qilayotgandek qilib ko‘rsatish emas, balki to‘laqonli ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini nazarda tutadi. Butun mamlakat bo‘yicha ijtimoiy soha xodimlariga ketadigan byudjet bitta Toshkentni obodonlashtirishga ketadigan yillik byudjetidan bir necha baravar kam bo‘ladi. (Bu miqdorni bilganim uchun aytyapman).

3. BOLALAR. “Biz bolalar uchun g‘amxo‘rlik qilamiz!" degan shior ostida bolalar onkologiyasini isloh qilish. Onkologiya va gematologiya (qon saratoni) bizda hali ham alohida-alohida davolanadi. Bu ham yetmaganday na respublika onkologiyasida va na gematologiyada oddiy reanimatsiya mavjud emas. Bolalar muntazam ravishda operatsiya qilinadiyu ammo ixtisoslashgan bolalar mutaxassislari deyarli yo‘q. Bolalar esa hayotdan ko‘z yumyapti. Zudlik bilan gematologiya va onkologiyani birlashtirib, TAPOICh qoshidagi yangi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi bazasida bolalar onkogematologiyasi uchun 100 ta (undan kam emas, hozirda 20 o‘rin haqida aytilyapti) o‘rin tayyorlash kerak. Muhimi, ingliz tilini biladigan, hozirgi tizimini isloh qila oladigan va xalqaro davolanish protokollarini darhol amaliyotga tatbiq eta oladigan zamonaviy yosh tibbiyot xizmatchilari kerak. Omon qolgan bolalar haqida OAVdagi xabarlarga ko‘z yugurtiring. Saraton kasalligidan aksariyat hollarda boshqa mamlakatlarga davolanishga ketganlar tirik qolmoqda. U yog‘ini davom ettirishim shart emas...

4. BOJLAR. So‘nggi 20 yil ichida ijtimoiy injeneriya (social engineering) odamlar ongiga mahalliy eskirgan avtomobillarni sotib olish eng katta orzu ekanini singdirib ulgurdi. Qadriyatlarning tanazzulga yuz tutayotgani achinarli, lekin endi uni o‘zgartirish qiyin. Ammo buni bilgan holda ''Biz sizning dardingizni ko‘rib turibmiz'' shiori ostida xorijdan olib kiriladigan avtomobillarga import bojlarini kamaytirish kerak. Shu xolos. Bu 100% foydaga ishlaydi. Omma esa sizdan xursand.

5. BUZIShLAR. Ertangi kunga ishonch yo‘qolmoqda. Noqonuniy yer oldi-sotdisi rivojlanmoqda, korrupsiya, qurilish qoidalariga rioya qilinmayapti, yangi qurilgan uylar qulamoqda va boshqa joyga ko‘chib o‘tganlarning yarmidan ko‘pi tovon pulini (kompensatsiya) ololmagan.

Yangi muddatga bunday og‘ir yuk bilan bormaslik uchun nima qilish kerak? Darhol noqonuniy buzilishlarni gapirish va mamlakatning beshta yirik shaharlarining Bosh rejasini e’lon qilish kerak. Hech bo‘lmasa umumiy ma’noda. Uy-joy qurish, ijtimoiy infratuzilma va tijorat ko‘chmas mulki uchun aniq hududlarni ajratib, onlayn e’lon qilish shart. Bu odamlarda kelajakka biroz bo‘lsa ham ishonch uyg‘otadi.

6. HUDUDLAR. Kimdir qishloqlarga gaz, elektr energiyasi va suv yetkazib berish bilan jiddiy shug‘ullanishi dargumon. Buni yosh bola ham bilsa kerak. Ammo qishloqlarga optik tolali aloqani tortib berish orqali o‘zini namoyon qilish (piar qilish) imkoniyati hali ham bor. Axir viloyatlarda hech qanaqa yuqori tezlikdagi internet yo‘q, tosh asri bo‘lib yotibdi. Shu bois, Raqamli O‘zbekiston internetni o‘sish drayveriga aylantirishdan boshlanishi kerak.
Agar eksport soddalashtirilsa, ta’lim beradigan kontentlar ko‘paytirilib, tezkor bilim olish imkoniyati yaratilsa, internet hayot sifatini biroz yaxshilashi mumkin. Saylovchilarga keragi ham shu.

Ro‘yxatni yana uzoq davom ettirsam ham bo‘lardi. Lekin shu oltitasida to‘xtayman. Siz ham o‘z fikrini qo‘shishingiz mumkin.

Aziza Umarova, Smartgov Consulting rahbari

Telegramdagi #Aziza Umar kundaligi kanalidan olindi.

XS
SM
MD
LG