Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:12

Pandemiya ham 18 mamlakatni qatllardan to‘xtata olmadi


Eronda o‘lim jazosiga qarshi namoyish
Eronda o‘lim jazosiga qarshi namoyish

Amnesty International inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti 2020 - yilda o‘lim jazosi so‘nggi 10 yil ichida eng oz qo‘llangani, ammo COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan misli ko‘rilmagan muammolarga qaramay, Eron va yana 17 mamlakat qatllarni amalga oshirishda davom etganini bildirdi.

Tashkilot 21 - aprel kuni e’lon qilgan o‘lim jazosiga doir yillik global hisobotda yozilishicha, o‘tgan yili dunyo miqyosida kamida 483 kishi qatl etilgan. Bu ko‘rsatkich 2019 - yilga nisbatan 26 foizga kamaygan.

Ammo ushbu raqam o‘lim jazosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar davlat siri sifatida tasniflanadigan yoki bu borada to‘liq axborot olib bo‘lmaydigan Xitoy, Shimoliy Koreya, Suriya va Vyetnam kabi mamlakatlarni o‘z ichiga olmaydi.

Rasman tasdiqlangan qatllarning 88 foizi Eron (kamida 246), Misr (kamida 107), Iroq (kamida 45) va Saudiya Arabistoni (27) hissasiga to‘g‘ri keldi.

2020 - yilda dunyo bo‘ylab 1477 ta o‘lim hukmi chiqarilgan. Bu oldingi yilga nisbatan 36 foizga kamroqdir.

“Dunyo ahli odamzodni COVID-19 dan himoya qilish yo‘llarini izlashga e’tibor qaratar ekan, bir necha hukumat nima bo‘lishidan qat’i nazar, o‘lim jazosidan foydalanish va mahkumlarni qatl etishda xavotirga molik qat’iyat ko‘rsatdi”, – deydi Amnesty International bosh kotibi Agnes Kallamard.

Qayd etilishicha, pandemiya tufayli o‘lim jazosiga hukm qilingan ko‘plab shaxslar qonuniy vakil va advokatlar bilan yuzma-yuz suhbatlasha olmadilar, yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lganlarning ko‘pchiligi o‘z salomatligi uchun xavfli, ammo mutlaqo oldini olish mumkin bo‘lgan xavflarga duchor bo‘ldi.

Tashkilot hisobotida e’tirof etilishicha, o‘lim jazosi eng ko‘p qo‘llanadigan mamlakat Xitoy bo‘lib, mamlakatda har yili minglab mahkum qatl etilayotganiga ishoniladi.

Hisobotga ko‘ra, Eronda qayd etilgan qatllar soni avvalgi yillarga qaraganda kamaygan, ammo rasmiy Tehron “xalqaro qonunchilikka zid ravishda o‘lim jazosidan dissidentlar, namoyishchilar va etnik ozchilik vakillariga qarshi siyosiy qatag‘on quroli o‘laroq foydalangan”.

Misrda 2019 - yilga nisbatan yillik qatllar soni uch baravarga oshgan. Saudiya Arabistonida 85 foizga, Iroqda esa ikki baravarga kamaygan.

AQSh Amerika qit’asida 2020 - yilda o‘lim hukmi ijro etilgan yagona mamlakatdir. Prezident Donald Tramp ma’muriyati 17 yillik tanaffusdan keyin federal qatllarni qayta boshladi va olti oydan oz vaqt ichida 10 nafar mahkum qatl etildi.

Hindiston, O‘mon, Qatar va Tayvanda ham o‘lim hukmi ijrosi qayta boshlangan.

Amnesty International o‘lim jazosidan foydalanilishi ma’lum bo‘lgan 54 mamlakatning 30 tasida yangi o‘lim jazosi hukmlari soni kamayganini qayd etgan.

Pokistonda bu ko‘rsatkich 2019 - yilda 632 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 - yilda 49 taga tushgan.

2020 - yilda avvalgi yilda qatllar amalga oshirilgan olti mamlakatda – Pokiston, Belarus, Bahrayn, Yaponiya, Singapur va Sudanda birorta qatl qayd etilmagan.

O‘tgan yili Afrikaning Chad davlati va AQShning Kolorado shtatida o‘lim jazosi bekor qilingan.

Qozog‘iston esa xalqaro huquq me’yorlariga binoan ushbu jazo turini bekor qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan. Barbadosda ham o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilgan.

2021 - yil aprel oyi holatga ko‘ra, 108 ta davlatda o‘lim jazosi to‘liq bekor qilingan.

XS
SM
MD
LG