Линклар

Шошилинч хабар
23 октябр 2021, Тошкент вақти: 10:47

Pandemiya va monopoliya. O‘zbekistonga yarim yilda xorijdan 5700 tijoratchi keldi


Toshkent xalqaro aeroporti.

2021 - yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga qariyb 700 ming xorijliklar safar qilgan bo‘lib, ulardan atigi 5700 nafari – tijoriy maqsadlarda kirib kelgan. Shu bilan birga, Davlat statistika qo‘mitasi yil boshidan o‘tgan vaqt mobaynida mamlakat eksport ulushining kamaygani va importining oshganini qayd etgan.

Bu pandemiyadan oldingi - 2019 - yildagi raqamlar (6,7 million)ga nisbatan taqriban 5 barobarga kam.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hukumati pandemiya davrida iqtisodiy faoliyatni dastaklash uchun davlat g‘aznasidan taqriban 8 milliard dollar mablag‘ sarflaganini aytgan. Bu mablag‘larning katta qismi davlat monopoliyalarini qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan. Mustaqil iqtisodiy tahlilchilar davlat g‘aznasiga to‘lanadigan soliqlarning katta ulushi zimmasiga to‘g‘ri keladigan o‘rta va kichik biznes davlatning dastagidan mahrum qolganini aytishadi.

Xorijlik tijoratchilar sonining kamaygani mamlakat tashqi savdo oborotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Ozodlik suhbatlashgan iqtisodiy tahlilchilar deyarli butun ishlab chiqarish va savdo-sotiqni monopollashtirgan davlatda mayda va o‘rta biznesning tashqi savdodagi o‘rni ahamiyatsiz, degan fikrda.

Yarim yilda O‘zbekistonga tijoriy maqsadlarda kelganlar soni – 5700 kishi

Joriy yilning dastlabki 6 oyida O‘zbekistonga xorijdan 691,7 ming nafar chet ellik safar qilgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumot tarqatdi.

Davstatqo‘m qaydicha, O‘zbekistonga kelgan xorijliklardan 577,8 ming nafari qarindoshlarni yo‘qlash uchun, 65,7 ming nafari dam olish maqsadida, 27,4 ming nafari xizmat yuzasidan, 11,8 ming nafari davolanish uchun, 3,3 ming o‘qish maqsadida tashrif buyurgan.

Avvalroq qo‘mita birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga 147,2 ming kishi ko‘chib kelgani, 156,8 ming kishi esa ko‘chib ketgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

Davlatstatqo‘m keltirgan raqamlardan 2021 - yilning birinchi yarim yilida O‘zbekistonga atigi 5 ming 700 nafar odam tijoriy maqsadlar bilan kelgani anglashiladi.

Shu bilan birga, Davlat statistika qo‘mitasi 2021 - yil yanvar-avgust O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining umumiy hajmi qariyb 25 mlrd. AQSh dollarini tashkil etganini ham ma’lum qildi.

Ko‘rsatilgan muddat ichida O‘zbekiston eksport ulushi 9, 3 milliard dollarni (7, 7 milliard mahsulot sotish va 1, 6 milliard xizmatlar ko‘rsatish) tashkil etgani aytildi. Bu 2020 - yil yanvar-avgust oylarida 20, 1 foizga pasayish qayd etilgani demakdir. Import hajmi esa 15, 7 milliard dollarga yetib (14, 7 milliard tovarlar va 1, 0 milliard xizmatlar), o‘sish 20, 9 foizni ko‘rsatgan. Raqamlar tashqi savdo aylanmasi saldosi -6,5 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan.

Qo‘shnilarda vaziyat qanday?

Iqtisodiy kuzatuvchilar barcha Markaziy Osiyo davlatlari tayyor mahsulotlar eksportini ko‘paytirishdan manfaatdor ekaniga e’tibor qaratib kelmoqda.

Biroq koronavirus cheklovlarining joriy etilishi bu mamlakatlar o‘rtasidagi transport va boshqa yo‘llarning ham qisman yopilishiga olib keldi. Ayniqsa, bu holat mintaqaning markazida joy olgan O‘zbekiston uchun muhim ekani ko‘zga tashlandi.

O‘zbekiston uchun transport sohasida qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish juda muhimligicha qolmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekiston temir yo‘l transporti sohasida 9 ta yirik xalqaro transport yo‘laklaridan foydalanadi. Ulardan 6 ta yo‘nalish Qozog‘iston va 2 ta yo‘nalish Turkmaniston orqali o‘tadi.

O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarda ham koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin cheklovlari iqtisodiyotning, ayniqsa savdo sohasiga salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Tojikiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 - yilning yetti oyida mamlakat savdo hajmi 3, 55 milliard dollardan oshdi.

Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44, 7% li o‘sishni ko‘rsatdi.

Qirg‘iziston Tashqi savdo aylanmasi 2021 - yil yanvar-aprel oylarida 2, 1 milliard dollarni tashkil etdi va 2021 - yilning yanvar-apreliga nisbatan 13, 9 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Eksport yetkazib berish 8, 7%ga kamayib, 590, 4 mln dollarni tashkil etdi, import tushumlari, aksincha, 26, 2%ga oshib, 1 mlrd 493,9 mln dollarni tashkil etdi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan yagona Qozog‘istonda 2021 - yil birinchi yarmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish dinamikasini ko‘rsatganini ko‘rish mumkin.

Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvarь-iyulь oylarida Qozog‘iston Respublikasining tashqi savdo aylanmasi 53, 7 milliard dollarni (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan +7,4 foiz) tashkil etdi. Shu jumladan, eksport ko‘rsatkichi 32 mlrd dollarni (+ 10, 6%), tovar importi esa 21, 7 mlrd dollarga (+ 3, 0%) etib, o‘sish ko‘rsatdi. Umumiy hisobda, savdo balansi 10, 4 milliard dollarlik ijobiy ko‘rsatkichda saqlanib qolgan.

Iqtisodiy tahlilchi: Hamma muammo – davlat monopoliyasida

Yuzaga kelgan vaziyatda tijorat va savdo maqsadlarida kelib-ketayotgan biznesmenlarning soni yarim yilda 5700 kishiga tushishi mamlakatdagi iqtisodiy faoliyat va sarmoya muhiti haqida qanday tasavvur beradi?

Tijoriy aloqalar keskin kamayib ketgan bir paytda O‘zbekiston o‘zining savdo muammolarini qanday hal etmoqda? Eksport ulushining kamayishi va importning oshishi faqat Covid-19 bilan bog‘liqmi?

Toshkentlik iqtisodchi Ahmad Ibrohimning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari vizasiz bordi-keldi qilayotgani sababli bu mamlakatlardan kirib kelayotgan biznesmenlar hisobga kiritilmagan.

- O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Turkiya bo‘lib, bu mamlakatlardan biznesmenlar vizasiz ham kelaveradi. Yuqoridagi 5700 kishi , bu - viza joriy qilingan mamlakatlardan kelgan shaxslardir. O‘zbekiston 73 davlatga vizasiz kirib kelishga yo‘l ochib bergan. Ikkinchidan, biznesmenlarning O‘zbekistonga kelib-ketayotgani mamlakat eksport-import jarayoni bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq joyi yo‘q, - deydi suhbatdosh.

Ahmad Ibrohim O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik biznesmenlar soni mamlakatning ichki va tashqi savdo oborotiga jiddiy ta’sir o‘tkazmasligiga deyarli barcha sohalar davlat monopoliyasiga aylantirilganini sabab qilib ko‘rsatdi.

- Chunki bizda yirik biznesning o‘zi yo‘q! Xususan, O‘zbekistonda yirik biznesning asosiy ulushi davlat monopoliyasiga aylantirilgan. Navoiy, Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinatlari, Bekobod metallurgiya, tsement zavodlar, avtomobil ishlab chiqarish, dori-darmon ishlab chiqarish, kimyo sanoati, paxta va gaz sotish – hammasi davlat qo‘lida. Hatto bank sohasining 80 foizi davlat monopoliyasi! O‘zbekistonning eksport va importi bilan, asosan amaldorlar shug‘ullanmoqda. Ya’ni oddiy biznesmenlar bizda bu ko‘rsatkichlarga ta’sir o‘tkazmaydi. Bir narsani aniq aytish mumkinki, O‘zbekiston eksport ulushining kamayishi bevosita pandemiya cheklovlari bilan bog‘liq. Biroq import o‘sishining sababi – qattiq lokdaun mahalda ham bizda qurilish ishlari to‘xtatilmadi. Katta balansning yuzaga kelganini esa, o‘zbek hukumatining Osiyo banki, Islom banki, Xitoy va boshqa ko‘plab moliya institutlaridan kreditlarni olayotgani va 2020-21 og‘ir yillarda kredit portfelining o‘sishi bilan izohlash mumkin. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sanoqsiz loyihalarning tagini surishtirib ko‘rsangiz – hammasi kredit ekanini ko‘rasiz, - dedi iqtisodiy tahlilchi.

Review.uz tahliliy nashr ma’lumotiga binoan, O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor-davlatlar orasidan to‘rtta davlat, xususan, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkiya bilan faol tashqi savdo balansini saqlab kelmoqda. Qolgan 16 ta davlat bilan passiv tashqi savdo aloqalari saqlanib qolmoqda.

O‘zbekiston jahonning 174 ta mamlakatlari bilan savdo aloqalarini o‘rnatgan bo‘lib, tashqi savdo aloqalarning nisbatan salmoqli hissasi Xitoy (19,2 %), Rossiya (17,9 %), Qozog‘iston (9,9%), Turkiya (8,6 %), Janubiy Koreya (4,8 %), Qirg‘iziston (2,4 %) va Germaniyaga (1,9%) to‘g‘ri keladi.

Shu yilning 20 - avgust kuni Toshkentda o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan "ochiq" deb aytilayotgan muloqotni o‘tkazgan prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga $600 million dollar ajratilishini va’da qildi.

Bundan tashqari, prezident bundan buyon O‘zbekistonda 20 - avgustni Tadbirkorlar kuni, deb e’lon qilishni taklif qildi.

XS
SM
MD
LG