Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2021, Тошкент вақти: 07:49

Pandemiyadan singanlar: "Molimizni sotib bo‘lsa ham kreditdan qutulmoqchimiz"


O‘zbekiston Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, pandemiya davridagi cheklovlar sabab umumiy ovqatlanish tarmog‘ida 13 ming, savdoda 45 ming, xizmat ko‘rsatishda 20 mingga yaqin korxona faoliyatini to‘xtatgan

O‘zbekistonda minglab hususiy shirkat koronavirus pandemiyasi keltirgan zararlardan hanuz oyoqqa turolmayapti.

Ozodlikka kelayotgan murojaatlardan karantin cheklovlari davrida faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lgan yoki ishchilar oyligini to‘lolmay qolganlar orasida davlatga qarashli yirik korxonalar ham bor.

Bu esa ko‘plab fuqarolarning ishsiz, daromadsiz qolishiga olib keldi.

Ozodlik muxbiri pandemiya zarbasidan kasodga uchraganlarning ayrimlari bilan suhbatlashdi.

Xorazmning Xiva shahridagi milliy an’analar asosida qurilgan "Zarif ota" hususiy mehmonxonasi egasi Sardor Matkarimov pandemiya davrida ziyoratchilar kamaygani sabab faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lganini aytadi.

"Xivaga o‘tgan yil apreli, aniqrog‘i, mart oyi o‘rtalaridan turistlar kelishi taqa-taq to‘xtadi. Nafaqat chet elliklar, balki boshqa viloyatlardan ham kelmay qo‘ydi. O‘rtada karantin bo‘ldi. Endi hozir hamma yoq ochilyapti, lekin baribir turist yo‘q. Bizning mehmonxona ellik o‘rinli, yigirmadan ortiq odam ishlardi. Konsertlar uyushtirardik. Milliy taomlar, tandirda yopilgan nonlar bilan kelganlarni siylardik, o‘z an’analarimizni ko‘rsatardik. Hammasi to‘xtadi. Ishchilarning hammasiga javob berib, mehmonxonani yopdik. Chunki daromad nol, ishchilarga oylik berish kerak, pul yo‘q. Bundan tashqari gaz, svet, suvga to‘lash kerak. Shuning uchun to‘xtatdik. Qachon hammasi iziga tushib ketsa ocharmiz, lekin qachon yaxshi bo‘ladi, birgina Xudo biladi", - deydi xivalik tadbirkor.

Matkarimovning aytishicha, Xivadagi boshqa mehmonxonalar ham qiyin kunlarni boshdan kechirmoqda.

"Ko‘pchilik mehmonxonalar faqat restorani hisobiga kun ko‘ryapti. Kunlik rasxodini chiqarib olsa bo‘ldi", - deydi tadbirkor.

Xivaliklar daromadi asosan sayyohlikdan ekanini aytishadi.
Xivaliklar daromadi asosan sayyohlikdan ekanini aytishadi.

Ozodlikning ijtimoiy tarmoqda "Pandemiyaning sizning biznesingizga ta’siri qanday bo‘ldi?" degan mazmundagi so‘rovida qatnashganlarning ko‘pchiligi pandemiyadan eng ko‘p turizm bilan bog‘liq bizneslar ziyon ko‘rganini aytishadi.

"Turistlar kelmayotganligi sababli turistik viloyatlar Buxoro, Samarqand, Xivada ko‘pchilik hunarmandlarning ishi to‘xtab qolgan", - deb yozdi Bobur Irisov ismli Feysbuk foydalanuvchisi.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ham mamlakatga turistlar oqimi 2020 - yilda qariyb 80 foizga kamaygani, bunga asosan koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.

Qo‘mitaga ko‘ra, o‘tgan yil O‘zbekistonga kelgan xorijliklar soni 1 million 501 ming 400 nafarni tashkil etgan va bu oqim asosan pandemiyagacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelgan.

Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar O‘zbekistonda nafaqat turizm, balki umumiy ovqatlanish va xizmatlar sektoriga mansub ko‘plab kichik va o‘rta biznes korxonalarini ham kasodga uchratgan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan umumiy ovqatlanish shirkatlari egalari koronavirus pandemiyasi zararidan hanuz oyoqqa turolmayotganliklarini aytishadi.

Ayrimlari bankdan olgan kredit bo‘yicha to‘lov majburiyatlarini bajarolmay, qarzga botgan.

"Molimizni sotib kreditdan qutulmoqchimiz"

Ozodlik Qashqadaryoning Mirishkor tumanidagi xususiy oshxona egasi Umar Muhammedovdan pandemiya uning biznesiga qanday ta’sir qilgani haqida so‘radi:

"8 oy bo‘ldi hali ham yopiq. O‘tirib qoldik. Ishni qayta tiklolmay yuribman. Restoran ishchilari asosan o‘zim va oilam. Shu oshxona ro‘zg‘orimizni tebratib turuvdi. Qarzni to‘lolmay qiyin ahvolga tushib qoldik", - deydi tadbirkor.

Umar Muhammedov ikki yil avval bankdan olgan kreditini qaytara olmayapti.

"Hozir kimki bankdan kredit olgan bo‘lsa, onasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘ryapti. Ikki yil avval oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturi bo‘yicha Milliy bankdan kredit olganmiz. Kredit oylik to‘lovi 4 million so‘m. Biznes rejamiz bo‘yicha har oy tushgan puldan shu to‘lovni to‘lab borishimiz kerak edi. O‘rtada karantin bo‘lib, hammasi rasvo bo‘ldi. Oktabrdan 2 oy kechikding, deb endi bank sudga berib yotibdi. Hozir molimizni sotib bo‘lsa ham shu kreditdan qutilib olsak bo‘ldi, u yog‘i bir gap bo‘lar, - deydi qashqadaryolik tadbirkor.

O‘tgan yil mart oyida imzolangan prezident farmoni bilan "Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq jismoniy shaxslar va korxonalar uchun bir qator soliq imtiyozlari berilgan.

2020 - yil 1 - apreldan 1 - oktabrgacha kredit ta’tili ham berilgan edi.

"To‘g‘ri, karantin payti kredit ta’tili berdi, lekin foiz minib qarzimiz yana ko‘paydi. Karantin davrida yig‘ilgan foizlar, qarz to‘lovlari va uzaytirilgan muddat uchun yana foizlar", - deydi xususiy oshxona egasi Umar Muhammedov.

80 mingga yaqin korxona faoliyatini to‘xtatdi

O‘zbekiston Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, pandemiya davridagi cheklovlar sabab umumiy ovqatlanish tarmog‘ida 13 ming, savdoda 45 ming, xizmat ko‘rsatishda 20 mingga yaqin korxona faoliyatini to‘xtatgan.

Pandemiya sabab faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan, ishchilarni o‘z hisobidan ta’tilga chiqarayotganlar faqat xususiy sektor emas. Ayrim davlat korxona va muassasalari ham qiyin moliyaviy ahvolda qolgan.

Toshkent viloyatidagi “Bekobodyo‘lindustriya” unitar korxonasi ishchilari Ozodlikka olti oydan buyon oyliklari berilmayotgani, ayrim ishchilar esa o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlanayotgani haqida aytishgan.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neft gaz quduqlarini sinash tashkilotining o‘nlab ishchisi ham o‘z hisobidan ta’tilga chiqishga majburlangan.

"Hozir hamma norozi. Yuzlab odam bessoderjaniyada oyliksiz o‘tiribdi. Oilasini boqishga puli yo‘q.

Bessaderjaniya bo‘laversa kambag‘allik ko‘payadi. 1 yarim million oylik olamiz. Zo‘rg‘a kunimizni ko‘ramiz. Shu pul ham hozir yo‘q", - Koson tumanidagi Neft gaz quduqlarini sinash tashkilotining suv sexi mutaxassisi Mahmud Eramonov.

18 - yanvar kuni Ozodlik Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi - FNQIZ Oltiariq bo‘limining yuzlab ishchisi zavodda qisqartirish boshlanganidan norozi ishchilar har kuni ishdan so‘ng zavod oldidagi yo‘lni to‘sib qo‘yish bilan norozilik bildira boshlagani haqda xabar bergan edi.

Pandemiya sizning biznesingiz yoki oilangiz daromadiga qanday ta’sir qildi?

Hukumat ko‘rayotgan choralar yetarlimi? Inqirozdani chiqish yo‘llarini nimada ko‘rasiz?

Bu haqda Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga yozing¸ surat va video jo‘nating!

XS
SM
MD
LG