Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2020, Тошкент вақти: 15:16

Pandemiyaga qarshi palov: Rossiyadagi o‘zbek diasporalari shifokorlarga osh tarqatmoqda (FOTO)


Tomskdagi o‘zbeklar jamoasi kuniga 50 kilodan osh damlamoqda

Rossiyaning sharqiy mintaqalaridagi o‘zbek milliy-madaniy markazlari orasida koronavirusga qarshi kurashayotgan kasalxona shifokorlari uchun palov tayyorlash estafetasi bormoqda.

Omsk, Tomsk va Kemerovo o‘zbeklar diasporasi vakillari koronavirus avj olib borayotgan Rossiya shaharlarida minglab odamlar hayotlari uchun kurashayotgan shifokorlarga shu tariqa hurmat-izzat bildirayotganini gapirmoqda.

Rossiyaning Sibir qismida joylashgan shaharlarda o‘zbek diasporalari tomonidan koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot markazlariga osh tarqatish bo‘yicha maxsus tadbirlar uyushtirilmoqda.

Tadbirga allaqachon Omsk, Kemerovo va Tomskda joylashgan o‘zbeklar jamoalari qo‘shildi.

Omsk o‘zbeklar jamoasi shifokorlarga 300 portsiya osh tarqatdi.
Omsk o‘zbeklar jamoasi shifokorlarga 300 portsiya osh tarqatdi.

Omskdagi “O‘zbekistonliklar hamdo‘stligi” jamoatchilik tashkiloti raisi Bahrombek Yusupov Ozodlik bilan suhbatda koronavirus pandemiyasi barchaning hayoti va turmush-tarziga jiddiy o‘zgartish kiritganini gapirdi. Suhbatdosh o‘zbek palovi “Ming bir palov” festivali doirasida tarqatilishi lozimligi, ammo karantin cheklovlari ular rejasiga biroz o‘zgartirish kiritganini aytdi:

- Biz 4 yildan beri Omskda “Ming bir palov” gastronomiya festivalini o‘tkazib kelardik. O‘sha festival bu yil 1 - avgustda Omsk shahar bayramiga moslab o‘tkazishimiz kerak edi. Bunga boshqa shahar diasporalarni ham taklif qilardik. Jami 7-8 qozon bo‘lib, 2- 2,5 ming odamga osh tarqatardik. Biroq, bunday tadbirlar taqiqlangani uchun sentabrgacha ruxsat berilishini kutdik. Qarasak, qish kirib ketyapti - formatini o‘zgartirib, ko‘p bo‘lmasa ham, o‘zimiz 3 qozon osh qilib, koronavirus bilan ishlayotgan uchta shahar kasalxonasiga 300 porsiya osh tarqatdik.

Bahrombek Yusupov ushbu tadbir 22 - oktabr kuni “O‘zbek tili kuniga” bag‘ishlab o‘tkazilganini ham qo‘shimcha qildi. U 50 kilo damlangan palov tarqatilishi bilan mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi shug‘ullanganini bildirdi.

Omsk o‘zbeklar jamoasi rahbari tadbir Sibirning boshqa shaharlarida ham davom etayotganini aytadi.

- Ilgari oshni yetimxonalarga ham berardik, lekin kasallik deb u yerga hozir odam kiritmaydi. Shunga biz kasallikka qarshi kurashayotgan shifokorlarga berishga qaror qildik. Tomskdagi o‘zbek diasporasi Samatullo Ro‘ziyev akamiz boshchiligida yanayam ko‘proq qilib, kuniga bitta qozonda 1 mingta porsiya osh qilib har kuni tarqatishyapti to‘xtatmasdan. Ular oshni bolnitsalarga tarqatyapti, dedi Bahrombek Yusupov.

U pandemiya ortidan kiritilgan taqiqlar mintaqada yashayotgan 15 mingdan ziyod o‘zbekistonliklar turmush-tarziga ham jiddiy ta’sir qilmasdan qolmaganini aytadi.

- Bizda Omskdayam koronavirus bilan bog‘liq vaziyat og‘ir, bahor va yozdagidan ham kasallik ko‘paygan. Kuniga kasallanayotganlar soni 720-730 taga yetgan. Cheklovlar bahordagidek kiritilgani yo‘q. Masalan, kafelar ishlab turibdi, faqat soat kechki 11-dan ertalabki 6-gacha ishi taqiqlangan. Niqob va qo‘lqop rejimi kiritilgan. Magazin va bozorlar, qurilish va boshqa tashkilotlar hozircha ishlab turibdi. Shu uchun yurtdoshlarimiz yozdagidek qiynalgani yo‘q,- dedi Omskdagi “O‘zbekistonliklar hamdo‘stligi” jamoatchilik tashkiloti raisi Bahrombek Yusupov.

2 - noyabr kuni Tomskdagi “Do‘stlik” o‘zbeklar madaniy markazi ham shahar kasalxonalariga palov tarqatishni boshlagan. Tadbir tashabbuschilari O‘ktam Mahmudov, Samatullo Ro‘ziyevlar birinchi 4 kunda koronavirus markazlari shifokorlariga 1600 porsiya osh va salat, 600 dona novvoy non shaharning 11ta tibbiy muassasasiga tarqatilganini xabar qildi.

O‘zbek palovi tarqatishda 40 nafardan ziyod o‘zbekistonlik ko‘ngilli ishtirok etgani aytildi.

Xuddi shunday tadbir Kemerovo shahridagi o‘zbeklar milliy-madaniy markazi tomonidan ham uyushtirildi.

15 - noyabr kuni Rossiyada Covid-19 bilan kasallanganlar soni rasman 22 778-taga bo‘lib, yana rekord ko‘rsatkichga yetdi. Koronavirusga qarshi kurash operativ shtabi xabariga ko‘ra, kasallanganlarning 1/4 qismini belgisiz kasallanganlar tashkil etadi.

Epidemiya boshlanganidan buyon Rossiyada 2 millionga yaqin odam SARS-CoV-2 yuqtirib olgan, ulardan 33,5 mingi vafot etgan.

Rossiya kasallanish sur’atlari bo‘yicha jahonda 5-o‘rinda.

XS
SM
MD
LG