Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:53

Pandora Papers: Putin atrofidagilar va Nazarboyevning "ikkinchi xotini" qanday boyidi?


Nursulton Nazarboyev va Vladimir Putin - Moskva, 7 - sentabr, 2019.
Nursulton Nazarboyev va Vladimir Putin - Moskva, 7 - sentabr, 2019.

Dunyoning 120 mamlakatidan 600 dan ziyod jurnalist bir necha yil davomida o‘rgangan maxfiy hujjatlar siyosatchilar, davlat amaldorlari va ularning qarindoshlariga oid ofshor va hisobvaraqlardagi ma’lumotlarni o‘rtaga chiqardi.

"Pandora hujjatlari" (Pandora Papers) deb nom berilgan global surishtiruv doirasida jurnalistlar qariyb 12 million hujjatni o‘rganib chiqishgan. "Pandora hujjatlari"ni Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumiga (ICIJ) xavfsizlik nuqtai nazaridan ismini sir tutgan manba bergani aytilmoqda. Surishtiruvlar asnosida MDHdagi qator mamlakatlarning rahbarlari, ularning qarindoshlari, yaqinlari va katta mulozimlar egalik qilayotgan yashirin boyliklar ham o‘rtaga chiqdi.

Rossiya: Putinning taxminiy ma’shuqasi va boshqalar

Surishtiruvda nomi tilga olinganlar orasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yo‘q, ammo unga yaqin odamlar zikr qilingan.

E’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya prezidentining ma’shuqasi o‘laroq tanilgan va qizi Liza Putinga “quyib qo‘ygandek o‘xshash” deya ta’riflanadigan Svetlana Krivonogix 2006 - yildan beri Britaniya Virgin orollarida ro‘yxatdan o‘tgan “Brockville Development Ltd” shirkatining benefitsiari sanaladi. Monako ko‘chmas mulk qaydnomasiga ko‘ra, “Brockville” shirkati hashamatli “Monte Carlo Star” turar-joy majmuasidagi 3.6 million yevro qiymatli shohona kvartiraning rasmiy sohibidir.

Urg‘ulanishicha, qog‘ozlarda “Brockville” mulkdori sifatida Panamadagi “Radnor Investments SA” ofshor shirkati nomi qayd qilingan. Ilgari mazkur shirkat Putinning do‘sti, tadbirkor Gennadiy Timchenkoga qarashli “SNG Trading” neft treyderi oldi-berdi qilgani oshkor bo‘lgan edi.

Britaniya Virgin orollarida Svetlana Krivonogixdan tashqari, Putinning talabalik davrida orttirgan do‘stlari – Nikolay Yegorov hamda Viktor Xmarinlar ham o‘z shirkatlarini ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Xususan, Yegorov egalik qiladigan “Pollux Global Corp” firmasi aktivlarining taxminiy qiymati 50 million dollarga teng. Xmarin esa, surishtiruvga ko‘ra, “Luciano Services Corp” shirkati benefitsiaridir – mazkur shirkat 2009 - yilda, Shveysariyaning BSI bankida hisobvaraq saqlash maqsadida ta’sis qilingan.

O‘z navbatida, Putin amakivachchasining o‘g‘li bo‘lgan Roman Putin Seyshel orollarida qayddan o‘tgan “Infinite Capital Corp” ofshoriga kamida 2013 - yilga qadar egalik qilgan. Shirkat biznes-aviatsiya sohasiga sarmoya yotqizish bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan, uning nizom jamg‘armasi esa 100 ming dollarni tashkil etgan.

Jurnalistlarning ishonishicha, “Sberbank” boshqaruvi raisi German Gref o‘z shirkatini Singapurda ta’sis etgan. Shirkat Grefning oilasiga qarashli qiymati 55 million dollardan ortiq aktivlarni boshqargan. 2017 - yilda “Sberbank” rahbari Shveysariyada istiqomat qiluvchi jiyani Oskarni “Angelus Trust” boshqaruvchisi va benefitsiari etib tayinlashga qaror qilgan.

Nihoyat, surishtiruvda “Rostex” korporatsiyasi rahbari bo‘lmish Sergey Chemezov oilasi 22 milliard rubl qiymatli mol-mulklarini, jumladan Ispaniyadagi hashamatli chorbog‘i hamda yaxtasini ofshor shirkatlar orqali ko‘zdan pana qilgani aytiladi.

Surishtiruvda tilga olinganlarning ko‘pchiligi e’lon qilingan ma’lumotlar yuzasidan izoh berishganicha yo‘q.

Xalqaro jurnalistik loyihada Rossiya vakili sifatida ishtirok etgan “Vajniye istorii” nashri global surishtiruvda Rossiya Davlat Dumasining ko‘plab deputatlari va davlat shirkatlari rahbarlarining qarindosh-urug‘lariga oid ma’lumotlar ham mavjudligini bildirgan. Nashr ushbu ma’lumotlarni tez orada ochiqlashga va’da bergan.

Nazarboyevning “ikkinchi xotini" 30 mln dollarni qayerdan oldi?

Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi ixtiyoridagi hujjatlarning bir qismini o‘rgangan Uyushgan jinoyatchilik va korruptsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning norasmiy turmush o‘rtog‘i Asal Qurmanboyeva maxfiy ofshor bitimidan 30 million dollar pul ishlaganini aniqladi. Ushbu oldi-sotdida sobiq prezidentga yaqin ikki oligarxning qo‘li bor, deyiladi tadqiqotda.

“Asal Qurmanboyeva hamda Elboshi (Nazarboyevga berilgan va u hamda oilasini har qanday ta’qiblardan umrbod himoya qiluvchi rasmiy maqom) o‘z aloqalarini hech qachon na tasdiqlaganlar, na inkor etganlar. Ayol sobiq prezidentning "to‘qol" - "ikkinchi xotini" ekani haqidagi gap-so‘zlar u “Qozog‘iston go‘zali” tanlovida yutib chiqqanidan so‘ng tarqagan edi. Qurmanboyevaning ikki o‘g‘li bor va internet saytlarida e’lon qilingan pasport nusxalarida ularning familiyalari “Nursultanuli” deb ko‘rsatilgandi. Qozog‘istonda ota ismi ko‘pincha familiya o‘rniga yoziladi”, deya qayd etishgan tadqiqot mualliflari.

OCCRP ma’lumotiga ko‘ra, Qurmanboyeva Qozog‘istondagi davlatga qarashli ikki raqs institutining badiiy rahbari, shuningdek balet va milliy raqs san’ati sohalariga oid bir necha firma va fondlarning egasi sanaladi.

“Ammo uning madaniyat sohasida ishlab topgan pullari Nazarboyevning davradosh ulfatlaridan olgan boyliklari oldida hech narsa emas”, deyishadi tadqiqotchilar.

Sizdirilgan hujjatlarga qaraganda, Qurmanboyevaning Britaniya Virgin orollarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan maxfiy shirkati bo‘lgan. Shirkat biron faoliyat bilan yolchitib shug‘ullangani ma’lum emas. Shunga qaramay Qurmanboyeva uni 30 million dollarga sotishga muvaffaq bo‘lgan.

OCCRP bayonotiga ko‘ra, ushbu oldi-sotdiga Nazarboyevning sodiq safdoshlari bo‘lmish oligarxlar – Vladimir Ni hamda Vladimir Kim bosh qo‘shishgan. Tadqiqotchilar yozishicha, Qurmanboyeva pulni 2010 - yilda, Vladimir Ni o‘limidan ikki oy o‘tgach olgan. Mablag‘ Nining qizi egaligiga o‘tgan shirkat hisobidan ko‘chirilgan bo‘lib, Vladimir Kim to‘lov guvohi sifatida qayd qilingan.

OCCRP muxbirlari aniqlangan fayllar yuzasidan Nazarboyev va Kimga, Ni oilasiga va Qurmanboyevaga so‘rov jo‘natganlar, ammo ulardan hech biri javob bermagan.

Nazarboyevning urug‘-aymog‘i va do‘stlari ofshor hujjatlarning sizdirilishi bilan bog‘liq burungi tadqiqotlarda ham tilga olingan edi. Xususan, sobiq prezidentning katta qizi Darig‘a Nazarboyeva hamda uning to‘ng‘ich o‘g‘li Nurali Aliyev, kuyovi Temur Quliboyev, jiyani Qayrat Satibaldi va boshqalar oldingi global surishtiruvlarning qahramonlari hisoblanadi.

81 yashar Nursulton Nazarboyev 2019 - yilning mart oyida prezident lavozimidan ketishini e’lon qilgan va o‘rniga eski safdoshlaridan biri Qasim-Jomart Toqayev nomzodini ilgari surgan edi. Biroq mamlakat rahbari lavozimidan ketgan bo‘lsa-da, u iqtidordagi “Nur Otan” partiyasi raisi hamda Xavfsizlik kengashi rahbari sifatida hokimiyatdagi nufuzini saqlab qolmoqda. Ayrim ekspertlar fikricha, mamlakatda yangi prezident bo‘lsa-da, hokimiyat hamon Nazarboyevning qo‘lida.

  • "Pandora hujjatlari"da hammasi bo‘lib 35 nafar sobiq va amaldagi davlat rahbarlari hamda 300 dan ziyod yuqori martabali mulozimlarga tegishli ofshor shirkatlar va ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirilgan. Britaniyaning Guardian nashri chop etgan ro‘yxatda postsovet makondan Putin va Nazarboyevdan tashqari, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hamda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevning ismlari bor.
  • OCCRP tadqiqotchilari yozishicha, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2019 - yilda, prezident bo‘lib saylanishidan birmuncha oldin maxfiy ofshor shirkatdagi ulushini boshqa odamga berib yuborgan. Zelenskiy vakili OCCRP savollariga javob berishni xohlamagan.
  • Hujjatlarga ko‘ra, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ofshor shirkatlar orqali Londondagi 700 million dollar turadigan ko‘chmas mol-mulklarga egalik qiladi.
  • "Pandora hujjatlari" fosh etuvchi ma’lumotlari bilan dunyoni larzaga solgan mashhur "Panama hujjatlari"dan besh yil keyin paydo bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG