Qoraqalpog‘istonda 2022-yil iyul oyida ro‘y bergan ommaviy norozilik namoyishi ishtirokchilaridan 943 nafari huquqbuzarlik sodir etgani uchun ogohlantirilgan, 6135 nafariga ma’muriy jarima, 2639 nafariga ma’muriy qamoq jazosi belgilangan. 61 kishi esa jinoyat sodir etgani aniqlangan.Bu haqda 26-dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan komissiya axborotida so‘z borgan.
Nukusda yuz bergan voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha Ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligidagi, 14 nafar deputat, senatorlar, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillaridan tashkil topgan komissiya 2022-yil 15- iyulida tuzilgandi.
Quyi palata matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tartibsizliklar natijasida fuqarolar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining og‘ir tan jarohati olishi va halok bo‘lishi, shuningdek, fuqarolar va davlat idoralarining mol-mulkiga katta miqdorda (6,8 milliard so‘m) moddiy zarar yetkazilgan.
Komissiya axborotiga ko‘ra, ommaviy tartibsizliklar davomida 21 nafar fuqaro, shu jumladan, 2 nafar huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi vafot etgan va 413 nafari jarohatlangan (shundan 183 nafari huquq-tartibot idoralari xodimlari).
Jinoyat ishi doirasida sudgacha qamoqqa olingan jami 168 nafar shaxsning 107 nafari (ikki nafar ayol) komissiya iltimosnomasiga ko‘ra oilasiga qaytarilgan.
Ma’lum qilinishicha, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan ommaviy tartibsizliklarni ma’muriy binolardan uzoqlashtirish, tarqatib yuborish, ma’muriy bino va strategik obyektlarni egallashga urinishlarni bartaraf etish maqsadida xalqaro amaliyotda qo‘llanadigan vositalardan (suv va rangli suyuqlik purkovchi texnika, ko‘zdan yosh oqizuvchi maxsus granatalar) foydalanilgan.
Ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish jarayonida inson huquqlari va ularning qonuniy manfaatlarini buzishga yo‘l qo‘ygan ichki ishlar organlari xodimlarining uch nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Komissiya davlat organlariga ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan foydalaniladigan maxsus vositalarni qo‘llash va tartibbuzarlarni tarqatish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni yetakchi xorijiy davlatlar tajribasi asosida muntazam takomillashtirib borish kabi tavsiyalarni ilgari surgan.
2022-yilning iyul oyi boshida Qoraqalpog‘istonda aholi poytaxt Nukus shahrining markaziy maydonida ommaviy norozilik aksiyasiga chiqqan. Odamlar Toshkentning Qoraqalpog‘istonni O‘zbekiston tarkibidagi suveren respublika maqomidan mahrum etish rejasiga shu yo‘sinda norozilik bildirishgan. Hukumat namoyishni kuch bilan bostirgan.
Nukus voqealari bo‘yicha o‘tkazilgan sudlarda umumiy hisobda 61 kishi javobgarlikda tortilgan.
Ozodlik avval xabar berganidek, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti Nukus voqealarining ikki yilligi munosabati bilan bergan bayonotda norozilik chiqishlarini bostirishda haddan ziyod kuch qo‘llangani uchun birorta ham yuqori lavozimli mulozim javobgarlikka tortilmaganiga e’tibor qaratgandi.