Линклар

Шошилинч хабар
26 июл 2021, Тошкент вақти: 17:51

"Partiyani qo‘ying, o‘zingizni o‘ylang!" - yangi tuzilayotgan partiya faollari bosimdan shikoyat qilmoqda


Illyustrativ surat

1 - dekabr kuni Adliya vazirligi “Xalq manfaatlari” siyosiy partiyasi tashkiliy qo‘mitasining partiya ta’sis qurultoyini o‘tkazish to‘g‘risidagi xabarnomasini rasman qabul qildi. Ta’sis qurultoyi 28 - yanvarga rejalashtirildi.

Yana bir yangi partiya – “Haqiqat va Taraqqiyot”ning tashkiliy qo‘mitasi yig‘ilishi 15 - dekabrgacha o‘tkazilishi kutilmoqda.

Ayni paytda ba’zi viloyatlarda bu partiyalarga xayrixohlarga ichki ishlar xodimlari bosim o‘tkazishni boshlagani haqida xabarlar kelmoqda. “Haqiqat va Taraqqiyot”ga xayrixoh sirdaryolik bloger 28 - noyabrda Guliston shahar IIBda 5 soat ushlab turildi. “Xalq manfaatlari” partiyasi tashkiliy qo‘mitasi o‘zining 28 - noyabrdagi yig‘ilishini ko‘chada o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Sirdaryolik bloger, 4 farzandning otasi, oliy ma’lumotli muhandis, 47 yashar Xayrullo Qilichev 28 - noyabrda Guliston shahar IIB binosida ushlab turilgani to‘g‘risida 1 - dekabrda Ozodlikka “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi tashkiliy qo‘mitasi a’zosi, jurnalist Baxtiyor Karim xabar qildi.

5 soatga cho‘zilgan "suhbat"

Xayrullo Qilichev 1 - dekabrda Ozodlikka uni 28 - noyabr uni ertalab soat 10.10 dan 15.30 gacha IIB binosining qaysi qavatidagi qaysi xonasida ushlab turishganini, kimlar “suhbat” o‘tkazganini aytib berdi.

Qilichevning aytishicha, uni IIBning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i va xodimlari ushlab turgan.

Sirdaryolik bloger Xayrullo Qilichev
Sirdaryolik bloger Xayrullo Qilichev

“28 - noyabrdan oldin bir haftacha kunda, kunora qo‘ng‘iroq qilib, kelib keting deyishdi. Men bormadim. Xohishim ham, vaqtim ham yo‘q edi. 28 - noyabr kuni soat 10.05 da Guliston shahridagi Markaziy pochta binosi oldidan IIBning uch xodimi tomonidan shahar IIB iga majburan olib ketildim”, dedi Xayrullo Qilichev.

Uning aytishicha, ichki ishlar idorasida o‘tgan 5 soat davomida IIB xodimlari uning telefonini 1, 1,5 soatcha tekshirishgan, olib kelishayotganida “ustingdan ariza tushdi” deyishgan, lekin na o‘sha ariza to‘g‘risida, na boshqa bir tayinli gap bo‘lgan. Hatto tushlik payti u bilan ikki xodim birga ovqatlangan ham.

“Oxir-oqibat xodimlardan biri maqsadga o‘tdi. Siz bilan oldingi safar kelisha olmagandik. Bu gal kelishaylik endi. Partiya-martiyani qo‘ying. Inson huquqlari bilan ishingiz bo‘lmasin, o‘zingizni o‘ylang. Nima yordam kerak bo‘lsa, ayting, biz yordam beraylik. Xullas, jim yuring. Bundan buyog‘iga ortiqcha harakat qiladigan bo‘lsangiz, bola-chaqangiz ko‘chada qolib ketadi, biz siz bilan boshqacha gaplashishga majbur bo‘lamiz, deb, ko‘chaga olib chiqib qo‘yishdi”, dedi yangi tuzilayotgan “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasiga xayrixoh Xayrullo Qilichev. Aytishicha, uni 28 - oktabrda ham IIBga olib ketganlar va o‘shanda 2,5 soat davomida undan siyosatga aralashmaslik, odamlar orasida yangi partiyani targ‘ib qilmaslik so‘ralgan.

“Men o‘shanda ham aytganman, partiyalar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi degan fikrdan kelib chiqib aytyapman yangi partiya haqida odamlarga, ularni majburlab a’zo qilayotganim yo‘q, hatto o‘zim ham a’zo bo‘lamanmi-yo‘qmi – hozircha noma’lum deganman”, dedi Qilichev.

Ismi birdan o‘zgarib qolgan IIB xodimi

Ozodlik bloger bilan “profilaktik suhbat” o‘tkazgan olti xodimdan uch nafarining telefonlarini topdi. Ikki xodim telefonini ko‘tarmadi. Uchinchisi o‘zining “IIB Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi xodimi Sunnat” ekanligini avvaliga tan oldi, keyin gap Xayrullo Qilichev bilan bog‘liq voqeaga ko‘chgach, “Yo‘q, men Sunnat emas, Sardorman”, dedi va aloqani uzishga majbur bo‘ldik.

“Haqiqat va Taraqqiyot”ning tashkiliy qo‘mitasi a’zosi, jurnalist Baxtiyor Karimning Ozodlikka 1 - dekabrda ma’lum qilishicha, Xayrullo Qilichev yangi partiyaning bosimga uchragan yagona xayrixohi emas. Qo‘qonlik Mahmudjon Qodirov partiya uchun imzo yiqqani uchun IIB xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytdi Baxtiyor Karim. Ozodlik hozircha bu voqeani batafsil o‘rganishga ulgurmadi.

Adliya vazirligining "Haqiqat va Taraqqiyot" partiyasi ta’sischilariga 30 - oktabrdagi xati.
Adliya vazirligining "Haqiqat va Taraqqiyot" partiyasi ta’sischilariga 30 - oktabrdagi xati.

“Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi tashkiliy qo‘mitasi ta’sis yig‘ilishi 15 -dekabrgacha o‘tkazilishi kutilmoqda. Adliya vazirligi 30 - oktabrdagi xati bilan partiya tashabbuschilari koronavirus karantini cheklovlariga rioya qilgan holda ta’sis yig‘ilishi o‘tkazishga rasman ruxsat bergan.

Adliya vazirligi xabardor qilindi

“Xalq manfaatlari” siyosiy partiyasi tashkiliy qo‘mitasi ta’sis yig‘ilishi esa, 28 - noyabrda bo‘lib o‘tdi va o‘sha yig‘ilish haqidagi xabarnomani Adliya vazirligi 1 -dekabrda rasman qabul qilib oldi.

"Xalq manfaatlari" partiyasi ta’sischilari Adliya vazirligiga 1 dekabrda yo‘llagan xabarnomasi.
"Xalq manfaatlari" partiyasi ta’sischilari Adliya vazirligiga 1 dekabrda yo‘llagan xabarnomasi.

“Endi Adliya vazirligining rasmiy javobini kutamiz. Javobni olgach, qonun talablaridan kelib chiqib, 8 ta viloyatdan yangi partiyaga xayrixoh 20 ming kishining imzosini to‘playmiz va 28 - yanvarda ta’sis qurultoyi o‘tkazamiz. Bu muddat biroz kechikishi ham mumkin”, dedi “Xalq manfaatlari” siyosiy partiyasi tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

"Noma’lum kuchlar" buzishga uringan yig‘ilish

Ma’lum bo‘lishicha, “Xalq manfaatlari” siyosiy partiyasi tashkiliy qo‘mitasining 28 - noyabrdagi yig‘ilishi avvaldan rejalashtirilgan formatda o‘tmagan. Mahmudjon Yo‘ldoshevning Ozodlikka aytishicha, uning maslakdoshlari 28 -noyabrga rejalashtirilgan yig‘ilishni o‘tkazish uchun Tshkentdagi Center Palas biznes markazi shartnoma tuzgan.

27 - noyabr, soat 17 larda Center Palas ma’muriyati telefon qilib shartnomani bekor qilmoqchi ekanligini, ularga qandaydir kuchlar ta’sir, bosim o‘tkazayotganini aytishdi. Biz biz yig‘inimizni bekor qilolmasligimizni aytdik. 28 - noyabrda bizning asosiy tashvishlarimiz boshlandi. Biz karantin talablariga javob beraylik, odamlar orasida masofa bo‘lsin, deb ikkita zalni egallaydigan ham bo‘ldik, rad etishdi. Yig‘ilishlaringni restoranda o‘tkazinglar deyishdi, bunga ham ko‘ndik, ammo bu ham bekor qilindi. Oxir-oqibat, biz ma’muriyatni shartnoma noqonuniy bekor qilingani uchun biz ularni sudga berishimizdan ogohlantirib yig‘ilishimizni Center Palas biznes markazining eshigi oldida ochiq havoda o‘tkazishga majbur bo‘ldik”, - dedi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

“Partiya-partiya” o‘yinimi yoki sog‘lom siyosiy hayot boshlanyaptimi?

Bu savolni Ozodlik O‘zbekiston mustaqilligi arafasida tuzilgan va siyosiy repressiyalarga uchragan “Birlik” va “Erk” demokratik partiyalari asoschilaridan biri Dilorom Ishoqovaga berdi.

"Men bu partiyalarni tuzish ishlariga aralashayotgan bo‘lmasam ham, uzoqdan kuzatib turibman, deb boshladi gapni Ishoqova, - Bu jarayonga “partiya-partiya” o‘yini, deb qarashdan uzoqman. Chunki bu partiyalarning tuzilishiga muayyan bir sharoit yaratildi. Birov sezdimi-yo‘qmi, har holda biroz erkinlik berildi. Aks holda partiya tuzaman, degan fikr hech kimning xayoliga kelmasdi".

"Biroz erkinlik berilganiga" ishonayotgan Dilorom Ishoqova bu erkinlik ertaga ham davom etishiga amin emas:

"Ertaga nima bo‘lishini bilmayman, lekin hozircha izn bor va tashabbuschilar partiya tuzishning eng mashaqqatli dastlabki ishlarini deyarli tugatib, ommaga chiqishni boshlashdi. U partiyani ham, bunisini ham hukumat tomonidan maxsus uyushtirilayotgan partiya demayman. Hatto bunday emas, deb aniq aytishim mumkin. Lekin ertaga nima bo‘ladi? Ertaga tazyiq boshlansa, “Birlik” va “Erk”ka bo‘lgani kabi tazyiqlar boshlansa bular chidash bera oladimi? Muxolif partiya sifatida turish bera oladimi? Yoki faoliyatini to‘xtatishadimi? Yoki mavjud 5 ta cho‘ntak partiyadan biriga aylanib qolishadimi? Men uchun bugungi eng muhim savollar mana shulardir", - dedi Dilorom Ishoqova.

XS
SM
MD
LG