Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Milliy yig‘inda (parlament) qilgan chiqishi chog‘ida mamlakat Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXSHT) chiqishga hozirlanayotganini ma’lum qildi, deya xabar qildi Ozodlikning arman xizmati. Bu haqda TASS va “Interfaks” agentliklari ham xabar qilishgan.
“Sizlar nima deb o‘ylaysizlar? Keyingi qadam qanday bo‘lishi lozim? Siz ortga qaytamiz, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, boshqa yo‘l yo‘q. Xavotir olmang, ortga qaytmaymiz”, deya bildirgan Pashinyan.
U mamlakatning KXSHTga kirgani uchun aybni mamlakatning avvalgi rasmiylariga yukladi. Pashinyanga ko‘ra, ular “a’zolari shartnomadagi o‘z majburiyatlarini bajarmaydigan pufak-ittifoqni tuzganlar”.
Joriy yilning fevral oyida Pashinyan Armaniston KXSHTdagi o‘z a’zoligini “muzlatib qo‘ygani”ni bildirgan edi. Bahorda mamlakat tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘ygandi. Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Armanistonning KXSHT oldidagi moliyaviy majburiyati saqlanayotganini ma’lum qilgan.