Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 16:54

Paxta hali dalada. Ammo xarid narxi norozilik keltirmoqda


O‘zbekistonlik fermerlar paxta xarid nraxining pastligidan shikoyat qiladi.
O‘zbekistonlik fermerlar paxta xarid nraxining pastligidan shikoyat qiladi.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir kilogramm paxta xom-ashyosining minimal narxini 10025 so‘m etib belgiladi.

Biroq klasterlar jahon bozorida paxta narxining tushib ketgani bois bunga norozilik bildirib, vazirlikdan narxni tushirishni talab qilmoqda.

Ayni paytda, fermerlar ham bu narxning paxtaga ketadigan xarajatni qoplamasligini, yonilg‘i, mineral o‘g‘it va texnika xizmati narxi keskin oshganligi sababli minimal narxni 15 ming so‘m qilib belgilashni so‘ramoqda.

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari 10-avgust kuni Andijon viloyat, Shahrixon tumanidagi fermerlar bilan uchrashib muammoni o‘rganishga harakat qilgan.

Bundan avval “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi 2022-yilda bir kilogramm o‘rta tolali paxta xarid narxini 7500 so‘m qilib belgilash haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligiga tavsiya kiritgan edi.

Fermerlarning aytishlaricha, paxta xarid narxi uni yetishtirishga ketadigan xarajat hisob-kitob qilinganidan keyin belgilanishi lozim.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2022-yil hosili bo‘yicha 1 kilogramm o‘rta tolali paxtaning xarid narxini 10025 so‘m etib belgiladi.

O‘tgan yili paxtaning o‘rtacha xarid narxi 7100 so‘m bo‘lgan.

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi 30-iyun kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligiga maktub yozib, bir kilogramm paxtaning minimal xarid narxini 12 ming so‘m qilib belgilanishi maqsadga muvofiqligini yozgan edi.

Respublika Fermerlar kengashi maktubi
Respublika Fermerlar kengashi maktubi

Ammo bu maktubdan oradan uch kun o‘tib “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga kiritgan maktubida jahon bozorida iyul oyida 1 tonna paxta tolasi bahosi 24.245 mln. so‘mni tashkil etgani uchun, paxta xom ashyosining tavsiyaviy narxi kilosiga 7500 so‘mdan oshirmaslikni iltimos qilgan edi.

"O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasining Qishloq xo‘jaligi vazirligiga maktubi.
"O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasining Qishloq xo‘jaligi vazirligiga maktubi.

Fermerlar esa klasterlar tomonidan taqdim etiladigan yonilg‘i, mineral o‘g‘it va texnika xizmati narxi keskin oshganligi sababli minimal narxni 15 ming so‘m qilib belgilashni talab qilmoqdalar.

Ismi sir qolishini so‘ragan qoraqalpog‘istonlik fermerning aytishicha, o‘tgan yili klasterlar fermer hisobidan ikki hissa daromad ko‘rgan:

“Aslida bir kilosiga 7500 so‘m berilsin deb “O‘zto‘qimachiliksanoat” nomidan klasterlar aytyapti. O‘tgan yili biz 7000 so‘mdan paxtani sotgan paytimizda klaster bir tonna tolani 35-36 million so‘mdan sotdi. Agar uch tonna paxtadan bir tonna tola chiqishini hisobga olsak, uch tonna paxta 21 million so‘m bo‘ladi. Endi 3 tonnadan yana 1740 kilogramm chigit, link, lyuk, pux deganlari chiqadi. Chigitning kilosi 6-7 ming so‘m. Buni o‘zini ham 12 millionga sotdilar. Bizlardan 21 millionga sotib olgan uch tonna paxta xom ashyosidan bular o‘tgan yili 47-48 million so‘m pul qildilar. Bu degani bizning hisobimizdan ikki baravar foyda ko‘rgan”.

Fermerning aytishicha, bu yil jahon bozorida narxi pastlagan paxtadan ham klaster katta foyda ko‘radi:

“Hozir Nyu-York birjasida ,bir tonna paxta tolasining narxi 2250 dollar atrofida. Shu baho bilan ham hozir uch tonna paxtadan 13-14 million so‘m foyda qoladi. Bu chigit va boshqa mahsulotlarni hisobga olmay, xom ashyoning o‘zini birjada sotganida. Lekin shunda ham bular bizdan paxtani yarim bahosiga olmoqchi. Bunda fermerlar kasod bo‘ladi. Menimcha davlatimizning siyosati ham fermerni kasod qilish ,shekilli. O‘zbekistondagi 126 klasterning ham ustida 20-25ta aristokrat homiysi bor. Qishloq xo‘jaligi o‘shalarning qo‘liga topshirib qo‘yilgan. Biz ham tadbirkor, klaster ham. Lekin davlat xizmatchilari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi klaster tomonida turib fermerni xonavayron qilmoqchi”.

Buxorolik fermer Shuhrat Razzoqovning aytishicha, paxtaning xarid narxini unga ketgan xarajatga qarab fermerlar va Kengash tomonidan belgilanishi kerak:

“Lekin bizda unday emas. Hammasi buyruq bilan. Bizda yonilg‘ini ham, mineral o‘g‘itlar narxini ham, tadbirkorning mahsulotini ham hukumat belgilaydi. Qizig‘i shundaki, bizda Kengash rahbari senator. Kengash o‘zi fermerlar daromadidan 0,8 foiz ulush olib yashaydi. Kengash fermerlarni hamma joyda himoya qilish o‘rniga rahbari hukumatga qaram. Aslida Kengash hamma narsani o‘rganib chiqib, vazirlikka xat berishi kerak. Bizni mana bu narx qoniqtiradi, deb. Agar rad javob kelsa, ularga paxta sotishni rad qilib, jaxon bozoridan mustaqil xaridor izlash kerak".

Fermerning aytishicha, paxta yetishtirish tannarxi oshsa ham, uning xarid narxi o‘shanga qarab oshmaydi:

“Mana qarang, klaster kilosiga 7,5 ming so‘m beramiz deyapti. O‘tgan yilgi narxku bu. O‘tgan yil 7,5-8 ming so‘m bo‘lgan yonilg‘i hozir 15 ming so‘m. Ikki baravar! Har oy ming-bir yarim ming so‘m oshib boryapti. O‘tgan yil selitra ikki ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa bu yil uch yarim ming so‘mga chiqdi. Ammofos 5000 dan 9000 ga chiqdi, Karbamid 2500 dan 5000 gacha ko‘tarildi, yonilg‘i 14000 dan bo‘ldi. Oshmaydigan narsa bizning mamlakatda faqat inson qadri! Boshqa hamma narsaning narxi oshadi!”

Xorazmlik fermer Ne’mat Ishchanovning aytishicha, klasterlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘rsatgan minimal paxta narxidan ortiq fermerga pul to‘lamaydi:

“Vazirlik minimal narx ko‘rsatyapti. Klasterlar ana shu minimal narxni ushlab olgan. Demak uni maksimal narxi qayerda degan savol paydo bo‘ladi. Maksimalniysi prezidentning davlat paxta xarid narxini belgilamaydi degan qaroridan kelib chiqadi. Demak maksimal narxni Nyu York yoki Liverpuldagi birja narxidan olish kerak. O‘tgan yil biz paxta topshirgan paytda bir kilo paxtaning xarid narxi 14,5 ming so‘m bo‘lgan. Biz shuni hisoblab chiqarganmiz, bular esa 7 mingdan oldi”.

Ishchanovning aytishicha, fyuchers shartnomada narx ko‘rsatilishi shart, ammo fermerlarning besavodligi va o‘z haqqini talab qilolmagani bois, aksariyat fermer shartnomaga faqat imzo va muhr qo‘yib bergan:

“Prezident aytyapti, davlat paxta xarid narxi yo‘q deb, qator qarorlar chiqaryapti, lekin ijro yo‘q. Yana hamma kimlarnidir og‘zaki topshirig‘i bilan ish qilyapti. Fyuchers shartnoma bo‘lishi kerak va unda narx albatta belgilanishi kerak”.

O‘zbekistonlik fermerlarning Telegram kanalida so‘ralgan fermerlarning 21 foizi narxsiz shartnoma qilganini tasdiqlagan.

So‘rovnoma
So‘rovnoma

O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida ishlaydigan Ozodlik manbasining aytishicha, paxta xarid narxini aniq belgilash bo‘yicha vazirlik va klasterlar o‘rtasida tortishuv davom etmoqda:

“Vazirlik paxtaning minimal xarid narxini 10 ming so‘m qilib belgilaganidan so‘ng, klasterlar janjal qilishni boshladi. Ko‘pi bilan 8,5 ming qilib belgilaysan degan bosimlar bo‘lyapti. Vazirlik ham bo‘sh kelmayapti. 10-avgust kuni vazirlikning bir necha vakili Andijon viloyatining Shahrixon tumanida fermerlar bilan uchrashib, ularning o‘zidan paxta parvarishiga qancha xarajat ketishi masalasini o‘rgandi. Natijasi qanday bo‘lganini hozircha bilmayman”.

10-avgust kuni kechga borib fermerlarning Telegram kanalida mana bu xabar paydo bo‘ldi:

“Oxirgi kelgan xabarga ko‘ra andijonlik fermerlar paxtaning tannarxini terim pulisiz va QQSsiz o‘rtacha 8500 so‘mga aylanishini isbotlab berishgan, shunda 1 kg paxta xom ashyosi tannnarxi taxminan 12000 so‘m atrofida bo‘lishini taxmin qilsak bo‘ladi, lekin bu degani paxta narxi 12000 bo‘ladi degani emas, har xolda 10 mingdan tushib ketmasligiga umid qilib turilsa bo‘ladi”.

O‘zbekistonlik fermerlar o‘zlarining Telegram kanallarida bu masalani qizg‘in muhokama qilmoqda:

“Bu korxona to‘g‘risi paxta yetishtirish nima ekanligini umuman bilmaydi. Bila turib paxtani narxini tushirish bilan ovora. Fermerlar tomonidan kanday mashakkat bilan paxta yetishtirilayotganini umuman bilmaydi. Utgan yil va shu yil tolani narxi 37 ming sumga chikganda nima uchun jim utirdi foydani klaster oldiku, fermer karzga botsinmi, kishlok xujalik vazirligini narxiga xam kunmayapti. Paxtani narxi uzi kamida 12500 sumdan kam bulmasligi kerak. Shu 12500 sumdan bulganda xam kamida 20 foiz fermer karz bilan yilni yakunlaydi”.(imlo aslicha saqlanib qoldi – tahr)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 6-martda chiqargan qarorida 2020-yil hosilidan boshlab, davlat tomonidan paxta xom ashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinishi, paxta xom ashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechilishi aytilgan edi.

O‘zbekistonda paxta va bug‘doy xarid narxini har yili Qishloq xo‘jaligi vazirligi belgilab beradi.

Mamlakatda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligida o‘tkazilgan islohotlar ijobiy samara bermaganini fermerlar ko‘p ta’kidlaydi.

Uch yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida klaster tizimi tashkil etilganiga qaramay, hali ham mahalliy hokimiyat ikki mustaqil subyektning ishlariga aralashishdan to‘xtagani yo‘q.

XS
SM
MD
LG