Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:49

Podshoh zulmidan va urushdan qochib. Rossiyalik chechenlar Yevropadan panoh izlashmoqda


Bosniya va Gersegovinaning Xorvatiya bilan chegarasidagi chechen qochqinlari
Bosniya va Gersegovinaning Xorvatiya bilan chegarasidagi chechen qochqinlari

Ukrainadagi urush manzarasida chechenlarning Rossiyani tark etishi davom etmoqda. Ko‘pchilik Yevropa ittifoqi mamlakatlariga Bosniya va Gersegovina orqali o‘tishga harakat qildi – ushbu davlatda rossiyaliklar 30 kungacha vizasiz yurish huquqiga ega. Chechen qochqinlarining rejasi juda oddiy edi: ular Bosniya va Gersegovinadan 2023-yil 1-yanvargacha Xorvatiya hududiga o‘tib olishni (xuddi shu sanada mamlakat Shengen zonasiga qo‘shildi) va so‘ngra “boshlari oqqan” tomonga ketishni ko‘zlagan edilar. Biroq bu hammaga ham nasib etmadi, kuzdan boshlab migratsiya yo‘nalishida to‘siqlar paydo bo‘ldi.

Noyabr oyi boshlarida Xorvatiyada o‘nlab chechenlar hibsga olingani xabari chiqdi. “Yevropa chechenlari assotsiatsiyasi” ma’lumotiga ko‘ra, ayrim chechenlar zo‘ravonlik, tahdid va haqoratlarga duchor bo‘lganlar, ular migratsiya qamoqxonalari xodimlarining noxolis munosabatidan va tibbiy yordam yo‘qligidan shikoyat qilganlar. Keyinroq Xorvatiya sudlari qandaydir ekstremistik harakatlarga aloqadorlikda gumon qilingan chechenlarni Rossiyaga ekstraditsiya qilish masalasini ko‘ra boshladi. Shuningdek, Avstriyada ham chechen qochqinlari ushlangani haqida xabar qilindi.

Dekabrda ularning hatto Bosniya va Gersegovina hududiga kirishiga ham ruxsat bermay qo‘yishdi. Shunga qaramay, mamlakatda Yevroittifoq davlatlarida legallashib olishini kutayotgan yuzlab odamlar bor. Qochqinlar markazlarida qayd qilinmagan va chegaradan noqonuniy o‘tishga urinayotganlar bu hisobga kirmaydi.

2022-yil oxirida Xorvatiya chegarasini kesib o‘tishga uringan chechenlardan biri Kavkaz.Realii bilan suhbatda qochqinlar kelishib harakat qilish va ma’lumot almashish maqsadida maxsus chat ochishganini aytdi. Chegaradan o‘tib olish uchun qaysi uchastka eng qulayligini ular shu chat orqali bir-birlariga xabar qilishar ekan. Eson-omon YI hududiga kirib olgan chechenlar odatda Avstriya yoki Germaniyaga ravona bo‘lishadi – bu tanlov qayerda qarindosh va tanish-bilishlar borligiga bog‘liq.

“Yevropa chechenlari assotsiatsiyasi” huquqiy himoya shu’basi mudiri Isa Dudayevga ko‘ra, Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng mingga yaqin chechen Bosniya va Gersegovina orqali YI mamlakatlariga kirishga harakat qilgan – migrantlar oqimi kuniga o‘rtacha 10 kishini tashkil etadi.

2023-yilning yanvarida chechenistonlik qochqinlar yangi muammolarga ro‘para bo‘lishdi. Ikki qochqin hojatxonaga chiqishga ruxsat so‘ragani uchun xorvat politsiyachilari tomonidan kaltaklanganini bildirdi. Yana bir chechen esa Avstriya hukumati unga va oilasiga siyosiy boshpana berishni rad etganidan so‘ng Xorvatiyaga qaytarib yuborildi.

Chechen qochqinlarining Yevropadagi muammolari Venada miting o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi. Uni diaspora vakillari tashkil qilishdi. Ichkeriyaning Avstriyadagi vakili Roza Dunayevaga ko‘ra, Bolqon mamlakatlarida chechen qochqinlariga nisbatan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar ilgari ham bo‘lib turar, lekin hozirgidek katta ko‘lam kasb etmagan edi.

“Gap safarbarlikdan qochib kelayotgan insonlar haqida bormoqda. Ularni chegaralardan o‘tkazishmayapti, kaltashlashyapti... Ayni chog‘da ularni ushlab turgan mamlakatlar Moskvaning deportatsiya qilingan taqdirda bu odamlarga hech qanday xavf bo‘lmasligi haqidagi gaplariga uchmoqda. Moskvaga aslo ishonmaslik kerak”, deydi u.

Rossiyalik huquq faoli Aleksandr Cherkasov chechen qochqinlari oqimi kattalashganini aynan Ukrainaga qarshi urush va shu munosabat bilan e’lon qilingan safarbarlik bilan izohlaydi. Uning fikricha, chechenistonliklar ilgari tinch-farovon hayot istab Rossiyaning boshqa hududlariga ko‘chib borgan bo‘lsalar, endilikda xavfsiz makon izlashmoqda.

“Grozniy mahallalarida harbiy politsiyachilar izg‘ib yuribdi. Aftidan, so‘nggi paytlarda ko‘p gapirilayotgan safarbarlikning ikkinchi to‘lqini boshlangan. Rossiyaning boshqa hududlariga ko‘chib ketgan bilan safarbarlikdan qutulib qolish qiyin”, deydi Cherkasov.

Ekspertga ko‘ra, yangi voqelik Shimoliy Kavkaz mintaqalaridan Yevropaga yo‘nalgan migratsiya oqimini “bir necha oyga emas, uzoq muddatga” o‘zgartirgan.

Huquq faoli Yevropaning migratsiya xizmatlari chechen qochqinlariga o‘z vatanlarida qanday tahdid mavjudligini idrok eta olgani yo‘q, deb hisoblaydi.

“Biz Checheniston rahbariyati o‘z fuqarolarini butun Rossiya hududi bo‘ylab ta’qib etishini Yevropa mamlakatlari hukumatlariga tushuntirishga urinamiz... Chechen kuchishlatar idoralari ta’qibidan yashirinish avvaldan qiyin edi, hozir mutlaqo imkonsiz. Saratov viloyatiga ko‘chib borasanmi yoki Kamchatkagami, farqi yo‘q – odamlarni yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimi hamma joyda bir xil, kuchishlatar idoralar baza orqali topib olishadi baribir”, deydi Cherkasov.

XS
SM
MD
LG