Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2021, Тошкент вақти: 17:27

POLITICO: Toshkent Vashington oldidagi imijini yaxshiladi. AQSh bu yerga o‘z kuchlarini joylashtirish harakatida


Prezident Shavkat Mirziyoyev kongressmenlar Don Beykon, Dug Lamborn, Troy Nels va Avgust Pflyuger bilan.

O‘zbekiston AQSh rasmiylari bilan Vashington-Toshkent munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan agressiv axborot kompaniyasini olib bormoqda va bu siyosat amalda natija bermoqda, - deb yozdi 13 - oktabr kuni nufuzli POLITICO nashri.

Bildirilishicha, AQShdan O‘zbekistonga borayotgan delegatsiyalar orasida Pentagon vakillari ham bor. Ular Toshkentda Afg‘oniston Tolibon nazoratiga o‘tgani ortidan xavfsizlikni va barqarorlikni ta’minlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda.

Nashrning Kongress va Pentagondagi manbalarga tayangan holda yozishicha, muhokamalar kun tartibidagi asosiy masala AQSh aksilterror kuchlarining mazkur mintaqaga joylashtirilishi bo‘lmoqda.

Bayden ma’muriyati bir necha oydan beri bu masalada O‘zbekiston va Afg‘oniston bilan chegaradosh boshqa davlatlar bilan muzokaralar o‘tkazmoqda, ammo bu borada batafsil ma’lumot bermayapti.

O‘tgan haftada ham Kongressning to‘rt nafar respublikachi a’zosi Toshkentga kelib, prezident Uchrashuvdan so‘ng kongressmenlardan biri Don Beykon NatSec Daily nashriga “Shavkat Mirziyoyev haqida yaxshi taassurot qolgani”ni aytgan va bo‘lajak prezidentlik saylovlarida soxtakorliklar bo‘lishi to‘g‘risida aniq tasdiqlangan ma’lumotlar bo‘lishiga qaramay, “O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qiladigan demokratik davlatga aylanishiga ishonishi”ni ta’kidladi.

12 - oktabrda esa Vakillar palatasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Gregori Miks rahbarligidagi delegatsiya Toshkentda hukumat rahbarlari bilan uchrashdi. Bu boradagi press-relizda aytilishicha: “Delegatsiya Afg‘onistondan AQSh yetakchiligida o‘tkazilgan evakuatsiyada faol ishtirok etgani uchun minnatdorchilik bildirish maqsadida O‘zbekiston hukumati rahbari bilan uchrashgan”.

POLITICO nashrining yozishicha, O‘zbekistonga bu qadar “samimiy munosabat” AQSh Afg‘onistonni tark etgani ortidan paydo bo‘lgan. Toshkent Vashington ro‘yxatidagi prioritet o‘ringa chiqdi.

Ayrim kongressmenlar kelajakda O‘zbekistonni AQSh mintaqaviy manfaatlarini amalga oshirish uchun unikal imkoniyatlarga ega davlat sifatida ko‘rmoqda.

Ayni paytda kongressmenlar O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi ham AQSh Afg‘onistonni tark eta boshlagani ortidan Bayden ma’muriyati va Kongress bilan aloqalarni mustaxkamlash, yangi shaxslar bilan munosabat o‘rnatish borasida faol ishlaganini aytmoqdalar. Jumladan, Don Beykon O‘zbekiston elchixonasi AQSh rasmiylari bilan yangi munosabatlarni o‘rnatish uchun “o‘ta professional darajada ishlagani”ni qayd etdi.

Keyinroq O‘zbekiston elchixonasi urinishlari ijobiy samara berib, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Davlat kotibi Entoni Blinken va mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

POLITICO nashri O‘zbekiston elchixonasidan mazkur ma’lumotlar yuzasidan izoh olishga harakat qildi. Lekin tahririyat savollariga hech kim javob bermadi.

13 - oktabr kuni esa Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi o‘zining yangi hisobotini e’lon qildi. Mazkur hisobotda O‘zbekistonda kamida 2 ming kishi diniy motivlar asosida qamalgani va qiynoqlarga solingani ta’kidlangan.

Vashingtonda hatto O‘zbekiston lobbisi bilan shug‘ullanayotgan kongresmenlar ham mazkur mamlakatda so‘z, matbuot va siyosiy erkinliklar tahdid ostida ekanini tan olmoqda.

“Lekin O‘zbekiston tomonidan hormay-tolmay amalga oshirilgan tadbirlar ortidan Toshkent rasmiy Vashington oldidagi imidjini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi. Bu mazkur shaharda muayyan maqsad uchun yo‘naltirilgan pul va shaxsiy vaqt nimalarga qodir ekaniga yana bir dalil bo‘ldi”,-deyiladi POLITICO maqolasida.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 14 - oktabrda MDH davlatlari tashqi ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston o‘z hududiga AQSh aksilterror kuchlarini joylashtirish masalasini muhokama qilayotganini rad etdi.

Abdulaziz Komilov: “Bu masala kun tartibida ham turgani yo‘q”,-deb aytdi jurnalistlarga bergan intervyusida.

XS
SM
MD
LG