RAW in WAR xalqaro huquqbonlik tashkiloti Anna Politkovskaya nomidagi mukofotni falastinlik jurnalist ayollarga berishga qaror qildi. Bu haqda tashkilot xabarnomasida ma’lum qilingan.
“Isroil xorijlik jurnalistlarning G‘azoga mustaqil ravishda kirishini taqiqlab qo‘yganidan keyin orasida ayollar ko‘p bo‘lgan falastinlik jurnalistlar G‘azo sektoridan deyarli yagona xabar manbasi va yagona ovozga aylanishdi”, deya qayd etgan mojarolar hududlaridagi ayollarni dastaklab kelayotgan RAW in WAR.
Tashkilot falastinlik barcha ayol jurnalistlarning dovyurakligini, ular jonlari tahlikada bo‘lishiga qaramay, “davom etayotgan mojaro sharoitida voqealarni haqqoniy yoritishga urinayotgani”ni urg‘ulagan.
Urush manzarasida kechgan bir yil ichida G‘azoda 150 dan ziyod jurnalist va OAV xodimi halok bo‘ldi, deyilgan RAW in WAR xabarnomasida. Halok bo‘lgan media xodimlarining soni aniq emas va ular soni Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi hisob-kitobiga ko‘ra 139 nafardan Falastin tomoni ma’lumotiga ko‘ra 175 nafargachadir. 2024-yil fevralida BMT ekspertlari G‘azodagi to‘qnashuvni “eng yangi tarixda jurnalistlar uchun eng halokatli va xavfli” mojaro deb atashgan.
Falastinlik jurnalist ayollarga mazkur mukofot 2025-yil martida bo‘lib o‘tadigan “Jahon ayollari” festivalida topshiriladi.
Isroil G‘azo sektorida harbiy amaliyotni AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan HAMAS guruhining 2023-yil 7-oktyabrida mamlakat janubiga hujumiga javob o‘laroq o‘tkazmoqda. Bir yil muqaddam amalga oshirilgan mazkur hujumda Isroilda 1200 dan ziyod odam o‘lgan, 250 dan ziyod kishi asirga olinib, G‘azoga olib ketilgan. Ularning ayrimlari hali ham sektorda qolmoqda. Isroil o‘z maqsadi HAMASni butunlay yo‘q qilish ekanini aytmoqda.
Xalqaro hamjamiyatning bir qismi Isroilni G‘azoda tinch aholi vakili bo‘lgan falastinliklarni qirayotganlikda ayblayapti. HAMAS nazorati ostidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlari oqibatida sektorda 41 mingdan ziyod falastinlik nobud bo‘lgan – ularning aksariyatini ayollar va bolalar tashkil qilgan.
Isroillik harbiylar faqat HAMAS infratuzilmalariga zarba berganlarini bildirishib, guruh tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalangan holda, o‘z obyektlarini aholi zid yashaydigan mavzelarda joylashtirayotganini iddao qilishmoqda.