Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2021, Тошкент вақти: 08:14

“Populist” Japarov qirg‘iz-tojik aloqalarini yana xavfga qo‘ydimi?


Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi millatlararo qonli to‘qnashuvdan so‘ng ularning umumiy chegaralarini demarkatsiya qilish masalasida bir oz ijobiy siljishga erishilgan edi. Ammo bir necha kun oldin Sadir Japarov hammasini barbod qilayozdi – uning so‘zlari chegaradagi shusiz ham yetarlicha tarang vaziyatni badtar keskinlashtirishi mumkin.

23 - oktabrdagi matbuot anjumanida Qirg‘iziston prezidenti 2009 - yilgi bitimda tojik hududi deya tan olingan “275 metr” yer haqida gapirdi. Ayni hujjat mazkur yerning Qirg‘izistonga 49 yilga ijaraga berilganini nazarda tutadi. Sadir Japarov esa ushbu joyni Qirg‘izistonga tegishli, deb aytdi va bitimni tan olmasligini bildirdi.

Qirg‘iziston tomonidan bitimni 2009 - yilda mamlakat Xavfsizlik kengashiga rahbarlik qilgan Adaxon Madumarov imzolagan edi.

Prezidentning izohiga javoban Madumarov bitimni majburiy bo‘lmagan hujjat, deb atadi va ushbu masala muhokamasi davom etishini aytdi.

Japarovga ko‘ra, tojik tomoni muzokaralarda hujjat yuridik kuchga egaligini va yer Tojikistonga 1924 - yilda, u Tojik Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi sifatida tashkil etilgan paytda berilganini ta’kidlab kelmoqda.

“Unday bo‘lsa, 1924 - yilda biz sizlarga uch million gektarli Murg‘obni berganmiz. Uni o‘zimizga qaytaring”, dedi Qirg‘iziston prezidenti va tojik tomoni ushbu taklifni rad etganini qo‘shimcha qildi.

Tojikiston aslo rozi bo‘lmasligi tabiiy.

KICHIK, AMMO MUHIM SHAHAR

Birinchidan, gap ulkan yer maydoni haqida ketmoqda. Ikkinchidan, qariyb 16 ming aholi yashaydigan Murg‘ob shaharchasi Tojikiston shimoli-sharqidagi eng katta aholi maskani sanaladi. Shimolda – Qirg‘izistonning O‘shiga, janubda esa Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati markazi bo‘lmish Xorog shahriga eltuvchi yo‘l shu shaharcha orqali o‘tadi. Va bu – Xorogni Tojikistonning qolgan qismi bilan bog‘lovchi ikki yo‘ldan biridir.

Biroq Murg‘ob shaharchasi tevaragidagi shimol va shimoli‑g‘arbga cho‘zilib ketgan yirik mintaqa asrlar bo‘yi ko‘plab etnik qirg‘izlarning vatani bo‘lgan.

Tojikiston hukumati Japarovning luqmasiga rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q, ammo 26 - oktabr kuni Tojikiston Demokratik partiyasi Tojikiston SSR tashkil topganidan beri Murg‘ob tumani respublikaning bir parchasi ekanligi haqida bayonot berdi.

Partiya yetakchisi Saidja’far Usmonzoda Ozodlikning tojik xizmatiga bergan izohida Japarovning Murg‘obga oid so‘zlarini “davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarda Tojikistonga bosim o‘tkazish”, deya ta’rifladi.

Japarovning iddaosi ijtimoiy tarmoqlarning tojik segmentida, kutilganidek, asosan salbiy aks-sado berdi.

Siyosiy mavzularga ixtisoslashgan tojik blogeri Sherali Rizoyon chegaraga oid bahsda o‘z hukumati talqinini himoya qilib chiqdi. 25 - oktabrda e’lon qilgan postida u Qirg‘iziston 49 yilga ijaraga olgan parcha yer “hech qachon unga tegishli bo‘lmagan”ini yozdi.

Japarovning 2009 - yilgi bitimni bekor qilish to‘g‘risidagi bayonotini bloger “kaltabinlik” deb atagan. Uning fikricha, Japarov hujjatni bir tomonlama bekor qilmoqchi bo‘lsa, “Tojikiston o‘zining milliy manfaatlariga uyg‘un bo‘lmagan barcha bitimlarni bekor qilishi mumkin”.

YER-SUVDAN FOYDALANISHGA TO‘SIQLAR

Qishloq xo‘jaligi yerlari va suvdan foydalanish chegaraga tutash hududlar aholisi uchun tobora jiddiy muammoga aylanmoqda. Apreldagi qonli to‘qnashuv ham ikki mamlakat aholisi umumiy foydalanadigan kichik suv omboriga kamera o‘rnatishga urinish ortidan kelib chiqqan edi.

To‘qnashuvdan bir oy oldin, 26 - martda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev Tojikistonga uning Vorux eksklavini qirg‘iz yerlariga almashtirishni taklif qilgan edi.

Bunga javoban Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 7 - aprelda Voruxga kelib, hududni Qirg‘izistonga berish xususida gap bo‘lishi mumkin emasligini aytdi.

Bu voqealarning bari uch haftadan so‘ng chegarada qurolli to‘qnashuv chiqishiga zamin yaratdi.

23 - oktabr kuni Japarov uning hukumati 2021 - yil aprelga qadar O‘zbekiston bilan chegarani demarkatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar bilan ovora bo‘lganini aytdi.

“Shu paytgacha O‘zbekiston bilan chegarani belgilash ustida ishladik, endi Tojikiston bilan chegaralar masalasiga navbat etdi. Bungacha Tojikiston bilan chegaraga doir hujjatlarni o‘rganmagan edim”, dedi qirg‘iz prezidenti.

NOJOIZ JUMLALAR

Japarovning so‘zlari nojoiz bo‘ldi, chunki ular Dushanbe bilan aloqalardagi so‘nggi paytlarda kuzatilayotgan ayrim ijobiy o‘zgarishlarga ko‘lanka soladi.

Qurolli nizodan so‘ng, aprel oyi oxirida chegaraviy masalalar bo‘yicha qirg‘iz-tojik ishchi guruhi qaytadan faoliyat boshlagan edi.

Iyuldagi uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shimcha 48 chaqirim chegara demarkatsiya qilinganini va boshqa 25 gektar yer bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin qolganlarini ma’lum qilishdi.

Apreldagi mojarodan beri, so‘nggi yillarda faoliyati to‘xtab qolgan ishchi guruh oy sayin uchrashib, muzokara qilmoqda.

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari Edil Baysalovning Qirg‘iziston qariyb ikki ming chog‘li tojik talabalarining qirg‘iz OTMlaridagi o‘qishini davom ettirish uchun qaytishlariga monelik qilmasligi haqidagi bayonoti ham ikki mamlakat munosabatlarining iliqlashuvi tomon yana bir qadam bo‘ldi, deyish mumkin.

Aprelь voqealaridan so‘ng Tojikiston fuqarolari Qirg‘izistonga kela olmayotgan edi.

Ko‘pchilik, hatto Tojikistonning o‘zida ham Japarovning so‘zlarini populistik bayonot deb hisoblaydi. Ammo Murg‘ob tumaniga da’voni jiddiy qabul qiluvchilar ham bor va bu chegaradagi keskinlikni yumshatishga xizmat qilmasligi tayin.

XS
SM
MD
LG