Линклар

Шошилинч хабар
23 сентябр 2021, Тошкент вақти: 16:39

Prezident Bayden ma’muriyati Kobuldagi hukumatning bu qadar tez qulashini kutmagan


AQSh prezidenti Jo Bayden.

Yakshanba kuni Tolibon Afg‘oniston ustidan deyarli butkul nazorat o‘rnatgani prezident Jo Bayden va uning ma’muriyatini lol qoldirgan.

Afg‘oniston hukumati tez suratda qulagani va mamlakatda yuzaga kelgan tartibsizliklar Bayden uchun eng jiddiy sinov bo‘layotgani aytilmoqda. Respublikachilar Bayden muvaffaqiyatsizlikka uchraganini aytib, uni keskin tanqid qilmoqda.

Bayden o‘z saylov kampaniyasi davomida o‘zini xalqaro munosabatlar bo‘yicha tajribali mutaxassis sifatida ko‘rsatgan edi. Prezident so‘nggi bir necha oy davomida AQSh harbiylari Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan keyin, Tolibon hokimiyatni tezda qo‘lga olishi ehtimoli past ekanini ta’kidlab kelayotgan edi.

Ammo yakshanba kuniga kelib, Bayden ma’muriyatining yetakchi rasmiylari Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari bu qadar tez qulaganidan lol qolishganini tan olishdi.

«Biz [Kobuldagi] tuzum mamlakatni himoya qila olmaganiga guvoh bo‘ldik. Bu kutganimizdan tezroq sodir bo‘ldi», dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken CNN telekanaliga bergan intervyusida.

Oq uyning yuqori lavozimli rasmiylariga ko‘ra, Bayden yakshanba kuni Kemp-Devid rezidensiyasida qolgan va xavfsizlik xizmatlari xodimlari bilan video orqali suhbatlashib, Afg‘onistondagi vaziyat haqida muntazam ma’lumot olib turgan.

Keyingi bir necha kun hal qiluvchi ahamiyatga ega, chunki AQSh vaziyatni biror darajada nazorat qila oladimi yoki yo‘qmi, ayon bo‘ladi.

Yakshanba kuni Pentagon va Davlat departamenti e’lon qilgan qo‘shma bayonotda «biz AQSh va uning ittifoqchilari xodimlarini Afg‘onistondan fuqaroviy va harbiy reyslar orqali xavfsiz chiqib ketishini ta’minlash uchun Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroport xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni yakunlayapmiz», deyiladi.

The Associated Press agentligining xabar berishicha, Bayden chorshanba kunigacha Kemp-Devid qarorgohida qolmoqchi. Agar u nutq so‘zlashga qaror qilsa, Oq uyga boradi.

Bayden Afg‘onistonda qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan to‘rtinchi AQSh prezidentidir. Joriy prezident Amerika tarixidagi eng uzoq davom etgan urushini keyingi prezidentga meros qilib qoldirmasligini ta’kidlab keladi.

Ammo Bayden Afg‘onistonda xavfsizlik vaziyati nima uchun bu qadar tez izdan chiqqanini izohlashi kerak bo‘ladi, chunki u va uning qo‘lida ishlayotgan boshqa rasmiylari bunday bo‘lmasligini ta’kidlab kelayotgan edilar.

«Hukm chiqarishga hali erta, lekin Tolibon hamma narsani bosib olishi, butun mamlakatni qo‘lga olishi ehtimoli juda past», degan edi Bayden 8 - iyul kuni.

Atigi bir hafta oldin Bayden Afg‘oniston qo‘shinlari o‘z mamlakatlarini mudofaa qilish uchun iroda topishlariga umid izhor qilgandi. Ammo Bayden ma’muriyati rasmiylari prezidentni Kobul armiyasi qulab tushayotgani haqida ogohlantirgan, shuning uchun AQSh prezidenti payshanba kuni amerikaliklarni evakuatsiya qilish rejalarini tezlashtirishni buyurdi.

Bayden o‘n yildan oshiq vaqt mobaynida Afg‘oniston AQSh uchun boshog‘riq bo‘lib kelayotganini ta’kidlab keladi. Prezident Afg‘oniston hukumati korruptsiyaga botganini, o‘zini-o‘zi himoya qilishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, Bayden maqsadi mamlakat qurish emas, balki amerikaliklarni terror hujumlaridan himoya qilish ekanini aytgan.

Prezident Barak Obama davrida vitse-prezident o‘laroq ishlagan Bayden Obamaning Afg‘onistonni barqarorlashtirish maqsadida mamlakatga qo‘shimcha 30 ming askarini yuborish rejasiga shaxsan qarshi chiqqan edi.

Joriy yilning iyul oyida Bayden jang maydonidan har kuni kelayotgan yangiliklarga tayangan holda qo‘shinlarni Afg‘onistondan olib chiqishga qaror qilganini aytgandi. Aftidan, prezident Afg‘oniston birdaniga qulaydi, deb o‘ylamagan, balki Tolibon bilan tinchlik shartnomasi imzolanishiga umid qilgan.

Terror hujumlari ehtimoli

Afg‘onistondagi vaziyat o‘zgarar ekan, AQSh rasmiylari borgan sari AQShga qarshi terror xurujlari tahdidi kuchayishidan xavotir izhor qilmoqda.

AQShning yuqori martabali generali Mark Mili yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda senatorlarga Afg‘onistonda terrorchi guruhlar avval ishonilgandan tezroq qayta tiklanishi mumkinligini aytgan. Bu haqda ismini oshkor qilmaslik sharti bilan AQSh rasmiysi The Associated Press nashriga so‘zlab bergan.

Iyun oyida Pentagon rahbarlari Afg‘onistonni xorijiy qo‘shinlar tark etganidan keyin ikki yil ichida «Al-Qoida» kabi ekstremistik guruhlar Afg‘onistonda qayta tiklanishi va Amerikaga tahdid solishi mumkinligini aytgan edilar. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, Tolibon «Al-Qoida» bilan aloqani saqlab qolgan. Shuningdek, Tolibon hukmronligi ostida boshqa zo‘ravon guruhlar ham Afg‘onistonda boshpana topishi mumkin.

The Associated Press agentligi manbasiga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyatdan kelib chiqib, rasmiylar hozirda «Al-Qoida» kabi terrorchi guruhlar avval ishonilgandan ancha tezroq tiklanishi mumkin, degan fikrni ilgari surmoqda.

Senatorlar bilan suhbatda ishtirok etgan Bayden ma’muriyati rasmiylari AQSh razvedka agentliklari Afg‘onistondagi hodisalar fonida yangi vaqt jadvalini tuzish ustida ishlayotganini aytishgan.

Yakshanba kuni AQSh razvedkasining amaldagi va sobiq rasmiylari Kobul bu qadar tez qulashini bashorat qila olmaganliklari haqidagi tanqidlarni rad etishdi. Razvedka xizmatining yuqori lavozimli vakillaridan biri:

«Tolibon tezda hokimiyatni egallab olishi har doim bir imkoniyat o‘laroq ko‘rilgan edi», degan.

«Tolibon ilgari siljir ekan, pirovardida oz qarshilikka uchradi. Biz har doim bunday bo‘lishi mumkinligini bilganmiz. Qolaversa, jang maydonida taktik sharoitlar tezda o‘zgarib ketishi mumkin», degan rasmiy. Bu amaldor ham ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan.

Donald Tramp prezidentlikni tark etayotgan paytda Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlarining soni 2 500 ga tushib qolgan bo‘lgan. Bu esa Vashingtonning Afg‘onistondagi razvedka ishlarini cheklab qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Oktabr oyigacha Mudofaa razvedka boshqarmasini boshqargan iste’fodagi general-leytenant Robert Eshlining aytishicha, Afg‘oniston qo‘shinlari orasida amerikaliklarning soni ozaygani afg‘on armiyasi qanday natija ko‘rsatishini bashorat qilishni mushkullashtirgan.

«Tark etganingizdan keyin, bo‘linma darajasida askarlar qanday ruhiy holatda ekanini aniqlashingiz juda qiyin», degan Eshli.

«Afg‘oniston rahbarlari bizga faqat biz eshitishni xohlagan narsani aytib kelgan bo‘lsa, ajablanmagan bo‘lardim», deya qo‘shimcha qilgan u.

AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan hamda Tolibon hokimiyatni konsolidatsiya qilganidan keyin, u yerdagi terrorizm tahdidlarini kuzatib borish yanada mushkul bo‘lishi aytilmoqda.

Senat Tashqi aloqalar qo‘mitasining demokrat a’zosi, Konnektikut shtati senatori Kris Myorfining so‘zlariga ko‘ra, AQSh harbiylari va fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilish yakunlanganidan keyin, Vashington «razvedka va terrorizmga qarshi kurashga» e’tibor qarata boshlaydi. Merfi AQSh «Al-Qoida» harakati Afg‘onistonda qayta tiklanayotgani yoki yo‘qligini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lib qolishini ta’minlashi muhim ekanini aytgan.

«Tolibon «Al-Qoida»ni jilovlab turish orqali AQSh bilan tuzilgan bitim shartlarini bajarishi uchun ko‘p sabab bor. Bizning hozirgi vazifamiz – bu majburiyatni kuzatib, tekshirib borish imkoniyatini qo‘lga kiritishdir», degan u.

XS
SM
MD
LG