O‘zbekistonda ijroiya hokimiyati organlari Yangi Toshkent hududiga ko‘chiriladi. Bu haqda prezident Mirziyoyev tomonidan shu yil 19-aprelida imzolangan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.
Hujjat bilan bosh vazir Abdulla Aripov yetakchiligidagi Yangi Toshkent shahrini qurish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashga uch oy ichida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini Yangi Toshkent shahri hududiga ko‘chirish, ularning ma’muriy binolaridan samarali foydalanish va ularni sotishdan tushadigan mablag‘larni ushbu hududda ma’muriy binolarni barpo etishga yo‘naltirish topshirilgan.
Yangi Toshkent shahrini qurish tashabbusini 2021-yil 31-avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘targan edi. Mirziyoyev rejasiga ko‘ra, Yangi Toshkent Toshkent viloyatida Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘iga qurilishi lozim. Yangi Toshkentga poytaxtdagi davlat idoralari ko‘chirilishi, Toshkent shahri esa “yashil hudud”ga aylantirilishi aytilgan.
Yangi Toshkent loyihasi doirasida 20 ming gektar yerda 1 million aholi uchun turar-joy binolari, jumladan, birinchi bosqichda 60 ming kishiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, kasalxona va 5 ta poliklinika qurilishi nazarda tutilgan.
Toshkent viloyati kadastri o‘tgan yili viloyatning Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan Yangi Toshkent uchun 19 ming 729,4 gektar yer ajratilishi, bu yerlarning 12,9 ming gektari ekin ekiladigan joylar ekani haqida ma’lumot tarqatgan edi.