Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:05

Prezident ishdan olish haqida ogohlantirgan G‘aniyev Buxoroda qoldi. U fermerlarga go‘ng septirmoqda


Samarqand viloyatiga Jizzaxdan kirib kelaverishdagi yo‘l yoqasida go‘ng ortilgan traktorlar - 11 - yanvar, 2021
Samarqand viloyatiga Jizzaxdan kirib kelaverishdagi yo‘l yoqasida go‘ng ortilgan traktorlar - 11 - yanvar, 2021

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 - yanvar kuni Buxoroga safari chog‘ida Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevni ishdan bo‘shatish haqida ogohlantirishi ortidan G‘aniyev viloyatda qolib, qishloq xo‘jaligida prezident aytgan “tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish”ga kirishdi.

Buxorolik fermerlarning aytishlaricha, Shuhrat G‘aniyevning topshirig‘i bilan hokimlar zudlik bilan dalaga mahalliy o‘g‘it chiqarishni buyurgan.

Peshku tumani hokimi Telegram kanalida Shuhrat G‘aniyev vertolyotdan dalalarga go‘ng sepilayotganini shaxsan nazorat qilishini aytgan.

Fermerlar o‘zlarida chorva va parranda go‘ngi bo‘lmagani uchun aholidan olinayotgan bir pritsep go‘ng narxi 200 ming so‘mga chiqib ketganini aytmoqda.

Peshko‘ tumani hokimi Vahob Qahhorov Ozodlikka bug‘doy kech ekilgani va qattiq sovuqlar sabab rivojlanishdan orqada qolayotgani uchun shunday tezkor tadbir o‘tkazilayotganini aytdi.

Peshku tumani hokimi Vahob Qahhorov fermerlarning “Peshku cotton 2021” telegram kanalida qoldirgan ovozli xabarida shunday deydi:

“Fermerlar va hudud rahbarlari. Hozir viloyat hokimimiz hamda Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev topshiriq berdilar. Hammangiz ko‘rib turibsiz, bu yil g‘alla juda orqada qoldi, sababi qish hech kim kutmagan darajada keldi. Shuning uchun har bir fermer kamida 5 pritsepdan nuri va 20 tadan odam chiqarib, ishni tashkil etish kerak. Buni hudud rahbari, profilaktika inspektori, hokimning hududga biriktirilgan vakili nazorat qiladi. Kim ishni qilmayotgan bo‘lsa menga, nachalnik militsiyaga yoki sektor rahbariga xabar bering!”

Fermerlarning aytishlaricha, dalaga birdaniga mahalliy o‘g‘it chiqarish tashabbusi Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatini tanqid qilganidan va Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevni ishdan olish mumkinligi haqidagi gapidan so‘ng boshlandi.

Prezident Buxoro viloyatini orqada qolayotganini tanqid qilar ekan:

“G‘aniyevni (Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev - tahr.) ham ogohlantirdim, tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymasa, ishdan ketadi”, – dedi prezident.

Ismi sir qolishini so‘ragan peshko‘lik fermerlardan birining aytishicha, yerga mahalliy o‘g‘it solish kerakligini ularning o‘zlari ham yaxshi biladi, lekin "hamma muammo o‘sha o‘g‘itning o‘zini topishda":

“Hokimimiz hamma kamida besh pritsepdan nuri olib chiqsin, deb topshiriq berdi. Agar o‘sha nuri bo‘lsa, biz o‘zimiz uni allaqachon yerga solgan bo‘lar edik. Hozir fermalar yo‘q, aholining uyidan nuri yo chiqadi yo chiqmaydi. Ko‘pi o‘zimizning yerga ishlatamiz, deb bermayapti. Bir pritsepining o‘zi 200 ming so‘mga chiqib ketdi. Lekin o‘sha ham yo‘qda. Gap shunda. Fermerlar izillab nuri qidirib yuribdi. Bosh vazir o‘rinbosari vertolyotdan ko‘radi ekan deb, hokimimiz hammani har kuni nuri chiqar deb urishyapti”.

Peshko‘lik boshqa fermerning aytishicha, hatto profilaktika inspektorlari ham bu ishga jalb qilingan:

“Masalan, tashkilotlar, ichki ishlar, mahalla raislari hammasi go‘ng chiqarishga safarbar etilgan. Ilgari nuri ko‘p bo‘lardi, hozir topilmaydi. Bu aholida chorva soni ham kamayib ketganining dalolati. Bu katta bir krizisga qadam qo‘yyapmiz, degani".

Ayni holat Buxoro viloyatining boshqa tumanlarida ham kuzatilmoqda.

Jondor tumanidagi davlat idoralaridan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mulozimning aytishicha, Bosh vazir o‘rinbosari G‘aniyev ko‘rigidan ular yaxshi baho olgan:

“Bizda ham shu, ayniqsa yo‘l bo‘yida yerlari bor fermerlar dalaga nuri chiqarishi va uni sochishi kerak edi. Bugun G‘aniyev janoblari kelib qolgan paytda bizga birkitilgan fermer odamlari ura qilib bug‘doyga nuri sochayotgan edi. Besh baho oldik. Bu ham bir ikki kunlik ura-urachilik. G‘aniyev ketganidan keyin hammasi eskicha davom etadi. Chunki, fermerlarda pul yo‘q. Tumanimizdagi 5 foiz fermer o‘tgan yil foyda bilan chiqdi. 30 foizi kreditini ham yopolmadi, zarar ko‘rdi. Qolgan 65 foizi uchma-uch bo‘lib chiqdi. Cho‘ntagida bir so‘m ham pul qolmagan. Bir xitoymoshin tovuq go‘ngini bir million so‘mgacha sotib olyapti. Qishloq xo‘jaligi tamoman izdan chiqib ketdi”.

Peshko‘ tumani hokimi Vahob Qahhorov Ozodlik bilan suhbatda, dalaga mahalliy o‘g‘it chiqarish tadbiri avvalo fermerlarning o‘zlarining manfaati uchun qilinayotganini aytdi:

- Avvalambor, g‘allani ekishga kech qoldik, keyin qish sovug‘i bu yil qattiq bo‘ldi. G‘allamiz yaxshi unib chiqmadi, ungani ham panja yozolmadi. Uni rivojlantirishini tezlatadigan asosiy narsa mahalliy o‘g‘it. Hozir shuni chiqarib dalaga sepmasa maksimum 40 sentner, chiqarsa 70-80 sentner hosil oladi. Bu uning o‘ziga yaxshiku.

Ozodlikning “bu narsalarni fermerlarning o‘zi ham yaxshi bilsa kerak, ularni majburlashning nima hojati bor" degan savoliga, Vahob Qahhorov:

- Bizda 300 dan ortiq fermer bo‘lsa, shundan dehqonchilik mutaxassisligiga ega bo‘lgan atigi 20 foizni tashkil etadi. Qolgani boshqa sohalar vakili. O‘sha tajribali fermerlarimiz boshqalarga tushuntirib aytib kelyapti. Masalan, hozir bir million so‘mga o‘g‘it sotib olsak, ertaga 10 million so‘m bo‘lib qaytadi, deb. Axir, bu o‘zlarining foydasiku. Qancha ko‘p g‘alla olsa, rejadan ortig‘i o‘zida qoladiku. Buni qiladiganlar bor, bizni majburladi, unday qildi, bunday qildi deb qo‘lidan ish kelmaydigan fermerlarimiz ham bor. Yerni boqsangiz sizga bir narsa beradi-da, uning asosiy ozuqasi esa mahalliy o‘g‘it”, - deb javob berdi.

O‘zbekistonda fermerlar qonunda mustaqil bo‘lsa ham, amalda ularning erkin faoliyat yuritishi cheklangan.

Qishloq xo‘jaligida fermerlarning qanday hosil yetishtirishi, qaysi payt yerni shudgor qilish, dalaga go‘ng chiqarish va boshqa ishlar mahalliy hokimlarning topshirig‘i va ko‘rsatmasi asosida olib boriladi.

Ayni qish paytida ham fermerlarning bekor o‘tirmayotganini rahbarlarga ko‘rsatish uchun teatrlashtirilgan tomoshalar ham bo‘lib turadi.

Samarqand viloyatiga Jizzaxdan kirib kelaverishdagi yo‘l yoqasida 11 - yanvar kuni go‘ng ortilgan traktor va "Kamaz"larning saf tortgani kuzatilgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan mahalliy fermerlar va haydovchilar o‘sha kuni hokimlikdan "kattakon kelishi"ga trassaga go‘ng olib chiqish haqida topshiriq olganliklarini aytishgan.

XS
SM
MD
LG