Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:00

Prezident kutubxonasi - Yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz loyiha


Yangi kutubxona loyihasi 22 - noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim qilindi
Yangi kutubxona loyihasi 22 - noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim qilindi

22 - noyabr kuni Toshkentdagi Milliy bog‘ yaqinida Prezident kutubxonasi qurilishi rejasi e’lon qilindi. Yangi milliy kutubxona (ilk xabarlarda milliy kutubxona deb atalgandi- tahr.) 4 qavatli bo‘lishi, bir vaqtda 1 ming 400 dan ziyod o‘quvchiga xizmat ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaga ajratilayotgan umumiy yer maydoni 4 gektarga yaqin hududni tashkil etishi aytilmoqda.

Milliy bog‘dagi rekonstruksiya va qurilish ishlari poytaxt jamoatchiligining noroziligiga sabab bo‘lib keladi. Faollar qurilishlar asnosida poytaxt ekotizimi izdan chiqayotganidan xavotirda. Quyida tarmoq foydalanuvchilaridan birining fikrlari:

Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi Milliy teatr qurilishi ham) yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz loyiha. Kechagina qurilgani Navoiy ko‘chasida savlat to‘kib turibdi. Yonidagi Cimpoziumlar saroyiga esa qurilganidan beri tadbir topolmay halakmiz.

Har yili u vazirlik bu vazirlikka, bu qo‘mita u qo‘mitaga Simpoziumlar saroyida tadbirlar rejasi uchun xat yozadi. Simpoziumlar saroyi Forumlar saroyi va boshqa ko‘plab shiftiga Svarovski qandillari osilgan muhtasham, lekin nofunksional saroylar kabi iqtisodiy jihatdan zararli loyiha. Topgan puli eksplutatsion xarajatlarni (elektr, suv, tozalik, ishchi kuchi) qoplamaydi.

Agar davlat milliy kutubxonaning eski O‘zbekiston davridagi ko‘ch- ko‘chlari uchun uyalayotgan va adolatni tiklamoqchi bo‘lsa, uning Mustaqillik maydonidagi binosini qaytib berishi mumkin. Sovet davrida kutubxona uchun qurilgan bu bino avval Senatga berildi, endi esa prezident ixtiyorida.

Yangi kutubxona qurilishi innovatsiya ham, kelajak uchun investitsiya ham emas. Navbatdagi prestij loyihasi. Zamon esa tubdan o‘zgardi. Odamlar kutubxonani kompyuterida, tabletida yoxud smartfonida bo‘lishini istaydi. Masofadan turib kutubxona ichida bo‘lgisi keladi. Agar hukumat Milliy kutubxona fondini to‘liq raqamlashtirsa va uni Yaypandagi, Xonqadagi va yo Boysundagi o‘quvchi uchun ham "dostupniy" qilib qo‘ysa bu yangilik, bu innoveyshn.

Kitoblarni raqamli formatga o‘tkazish uchun esa milliardlarni sarflab yangi bino qurish shart emas. Kitobni skaner qiladigan apparatdan o‘nta olib tashlandiq yerto‘lada ham qilsangiz bo‘ladi bu ishni. Asosiysi uzluksiz elektr bo‘lsa bas:))

"Endi Germaniya yo‘lidan borib rivojlanamiz" deyildi eng katta minbardan turib. Germaniya yo‘li shakl emas, balki mohiyat ustivorligi, muhtashamlik emas, balki funksionallik diktaturasi, bir martalik to‘y emas, uzun barqaror umr falsafasi...

Biz ko‘p eslaydigan Germaniya iqtisodiy mo‘’jizasi tashqaridan birovning nazariga kirmaydigan pastqamgina ko‘rimsiz binoda ishlab chiqilgan va qabul qilingan yuzlab qonunlar asosida yuz berdi. Demoqchi bo‘lganim, binolar doim ham mamlakat taraqqiyotini belgilab beravermaydi. Boridan foydalanib mablag‘larni xalqning birini ikki qiladigan, mamlakat iqtisodiyotining raqobatdoshlik darajasini ko‘taradigan ishlarga sarflagan ma’qulroq...

Xurshid Habib

Siyosatshunos, Germaniya

OzodTarmoq ruknida chop etilgan maqolalar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG