Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:19

"Prezident siyosatidan ilhomlangan" talaba jarimaga tortildi va telefoni musodara qilindi


Mahkama jarayonini kuzatgan faollarga ko‘ra, 19 yashar Omonovga nisbatan surishtiruv jarayonida ko‘pgina protsessual xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan
Mahkama jarayonini kuzatgan faollarga ko‘ra, 19 yashar Omonovga nisbatan surishtiruv jarayonida ko‘pgina protsessual xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman sudi O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetining 2-kurs talabasi Javohir Omonovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy ish yuzasidan qaror chiqardi.

4 - mart kuni sud 19 yashar talabani BHMning 5 baravari (1 225 000 so‘m) miqdorida jarimaga tortish va uning telefoni davlat foydasiga musodara qilish haqida qaror chiqardi.

Javohir Omonov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 184-moddasi 2-prim.da (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda ayblanayotgandi.

Avvalroq u Ozodlikka prezident Mirziyoyev olib borayotgan siyosatdan ilhomlanib, 2020 - yilning bahorida yangi siyosiy partiya tuzishga jazm qilgani va shundan so‘ng kutilmagan muammolar girdobida qolganini aytib bergan edi.

Sud majlisida qatnashgan Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya vakili Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Sayxunobod tumani sudida o‘tgan mahkama ishni materiallar to‘liq emasligi uchun avval qaytarganiga qaramay ishda chalkashliklar ko‘p.

“To‘la ayta olamanki, u o‘zini himoya qila olmadi. Unchalik murakkab ish emasdi. Shu boisdan keyingi instansiyalarda advokat yollanadigan bo‘ldi”, - deydi huquq faoli.

Mustaqil siyosatshunos va faol Anvar Nazir Javohir Omonov ustidan sudni "absurd va qonunbuzarlik" deb atadi.

"Shunday qilib, bizning mahalliy mutasaddilarimiz yosh bloger bilan hisob-kitob qilishga qaror qildilar va ularning asli basharalarini fosh etadigan faktlarni oshkor qilishga yo‘l qo‘ymaslikni oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan. Buning uchun bu odamlar tuhmat qilishga, qonunni buzishga bemalol borganlar", deb yozdi Anvar Nazir o‘zining Feysbuk sahifasida.

Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, surishtiruv jarayonida ko‘pgina protsessual xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Omonov mazkur kamchiliklarga yuqori instansiya sudida barham berilishiga umid qilmoqda.

XS
SM
MD
LG