Линклар

Шошилинч хабар
14 июн 2021, Тошкент вақти: 05:33

Prezident va Alvastiko‘prik: Mirziyoyevning “mahallabay" boshqaruvi


Prezident Mirziyoyev Rishtondagi kulolchilik markazida. 2021 - yil, 4 - fevral

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 - fevralda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Andijon viloyat hokimidan Shahrixon tuman, Qo‘rg‘oncha mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi uzunligi bir necha metrlik ko‘prik qachon ta’mirlanishini so‘radi.

O‘tgan hafta oxirida Farg‘ona viloyatiga safari chog‘ida prezident kutilmaganda Farg‘ona shahridagi “Shodiyona” mahallasiga bordi, aholi bilan uchrashdi, boshqa bir tadbirda har bir mahalladagi ahvoldan xabardor ekanligini bildirdi.

Keyingi paytlarda rasmiy leksikonda yangi “mahallabay” so‘zi paydo bo‘ldi.

Prezidentning mahalla darajasiga “tushishi” yuqori boshqaruvda nimadan dalolat beradi?

Shahrixon tumanidagi Fayzobod mahallasi ahli Alvastiko‘prik deb ataydigan eni bir, uzunligi o‘n metrga yetib-yetmaydigan ko‘prikka Shavkat Mirziyoyev shaxsan e’tibor bergani to‘g‘risida davlat rahbarining rasmiy saytidagi xabarda hech narsa deyilmagan.

Mirziyoyevning Alvastiko‘prik yuzasidan viloyat rahbaridan izoh so‘raganiga Kun.uz e’tibor qaratdi. Chunki bu ko‘prikning yaroqsiz ahvolga tushib qolgani to‘g‘risida aynan shu nashr xabar 1 - fevralda xabar qilgan edi.

Saytning xabar qilishicha, “davlat rahbari bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshliq soha mutasaddilariga viloyat hokimlari bilan birga bir oy muddatda 5,5 mingga yaqin ta’mirtalab katta-kichik ko‘priklarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha «manzilli dastur»ni tasdiqlash vazifasini topshirdi. Prezident buning uchun avvalo ishchi guruhi tuzilib, ikki hafta muddatda barcha ko‘priklar qayta xatlovdan o‘tkazilishi zarurligini ta’kidladi”.

“Ko‘prik xatlovi”ga Alvastiko‘prik haqidagi xabar sabab bo‘ldimi yoki aksimi – bu noma’lum. Biroq prezident internetni kuzatishi, hatto sharhlarni o‘qishi ko‘pchilikka ma’lum.

Uzbekistan - Shavkat Mirziyoev
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:40 0:00

Prezident Farg‘ona viloyatiga o‘tgan haftada qilgan safari davomida ichki cho‘ntagidan ikkiga buklangan qog‘oz chiqarib, mulozimlarga “Har bir mahallani men nomi bilan olib kelganman, samolyotda ham o‘rgandim har bitta mahallani”, dedi va hokimlarga o‘sha mahallalar ahlini rozi qilishni topshirdi.

Prezident rahbarlardan biriga yuzlanib: Mana sen, Niyozov, mana shu mahallalarda odamlar bizdan rozi deb o‘ylaysanmi, norozi! Norozi! Yo rozimi, norozi! ,dedi.

Qo‘l bilan boshqarish "san’ati"?

Davlat rahbarining qishloq ko‘prigi yoki mahallalar darajasiga “tushishi” uning kuchliligi belgisimi yoki hokimlar korpusi zaifligimi? Umuman, bunday qo‘l bilan boshqarish qanchalik samarali?

Bu savolga O‘zTVning uzoq yillik siyosiy sharhlovchisi, taniqli jurnalist Tursun Qoratoyev javob berdi:

“Yo‘q. Bermaydi. Farg‘onadagi voqeadan keyin hozir ijtimoiy tarmoqlarda “Hurmatli prezident, bizning ham mahallamizga kelsangiz, ahvolimizni ko‘rsangiz”, degan murojaatlar ko‘payib ketdi. Bu joylardagi shu ishlarni qilishi kerak bo‘lganlarning befarqligi oqibatidir”.

Telesharhlovchi chorshanba kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident vazirlarga bergan yana bir topshiriqqa ham shubha bilan qarashini yashirmadi:

“Vazirlarga shanba- yakshanba Toshkentda bo‘lib, qolgan kunlarda viloyatlarga chiqasan deyildi. Bu narsa samara bermasligi, quruq so‘z bo‘lib qolishi turgan gap”.

Navoiy viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari, hozirda AQShda istiqomat qilayotgan Ismoil Ospanov ham qo‘l bilan boshqarish usuli samarasiz ekanligini aytadi:

"Bu juda noto‘g‘ri usuldir. Bunday holatlarni juda ko‘p ko‘ryapmiz. Prezidentning qishloq ko‘prigini gapirishi populizmdan boshqa hech narsa emas. O‘sha ko‘prik prezident gapiradigan darajada davlat ahamiyatiga ega ekanmi? Yoki bir mahallaga kirib, "nega bu yo‘llar ahvoli yomon?" deydi. Bunday holatlarni har joyda ko‘ryapmiz. Davlat rahbari darajasida arizmaydigan narsalarga arlashishini, masalan, tovuq boqsangizlar boyib ketasizlar deganday gaplarini eshityapmiz, ko‘ryapmiz..."

Islom Karimov yashagan uy oldidagi o‘nqir-cho‘nqir ko‘cha

Tursun Qoratoyev prezident chekka qishloqlarning obodonligi haqida gapirayotgan bir paytda Toshkentning qoq markazida, sobiq prezident yashagan uy oldidagi ko‘cha ham yillardan buyon qarovsiz ekanligiga e’tibor qaratdi:

“Chiqindilarning olinmasligi, ko‘chalarning o‘nqir-cho‘nqirligi kabi muammolar mamlakat bo‘ylab o‘ta katta. Men o‘zim Ipak yo‘li metrosidan 500 metr narida turaman. Islom Karimov ham o‘sha joydagi domlardan birida, ikkinchi qavatda yashagan. Prezident trassasidan 300 – 400 metr ichkaridamiz. Ko‘chamizning o‘nqir-cho‘nqirligini ko‘rsangiz edi... Bu haqda necha martalab yozganmiz, necha martalab aytganmiz. Yillardan buyon o‘zgarish yo‘q. Bu markazdagi ahvol. Viloyatlardagi, chekka joylardagi ahvolni tasavvur qilavering. Ularni kim o‘ylaydi? Har biriga prezident bora olmaydiku?! Shuning uchun ham boshqaruvning bu usuli samara bermaydi, deb hisoblayman. “Obod mahalla” dasturi e’lon qilinganiga ham bir necha yil bo‘ldi. Dastur ishlamayapti. O‘zim yashaydigan ko‘cha buning yaqqol misoli. Chekka joylardagilarning dod-voyini esa, eshitadigan odam yo‘q”.

Chekka qishloqdan kelgan xabar

Tursun Qoratoyev bilan suhbat qilib turganimizda pochta u kishi tilga olgan chekka qishloqlardan biridan “Obod mahalla” mahalla mavzuiga doir xabarni olib keldi.

Qashqadaryo viloyat Koson tumanidan kelgan suratli xabar muallifining iddao qilishicha, “Obod mahalla” dasturi tadbirkorlar, korxona va tashkilotlarga norasmiy soliq solishu go‘yoki qilingan ishlar to‘g‘risida qalbaki fotohisobotlar tayyorlashdan iborat bo‘lib qolgan.

“Kosonda “Obod mahalla” dasturiga tushgan mahallalarga mahalliy byudjetdan milliardlab so‘m ajratilishini eshitganmiz. Lekin o‘sha mablag‘lar ishlatilganini bilmaymiz. Asosiy yuk tadbirkorlar zimmasiga tushmoqda. Mana, kuni kecha imkoniyati yaxshi tadbirkorlarga 10 tadan, imkoniyati bundayroqlarga 5 tadan uy bo‘lib berildi. Masalan, Shirintepa mahallasi dasturga kirgan. Chekka mahalla. Tadbirkorlardan uylarning ko‘cha tarafinigina oqlab berish talab qilindi. Bundan tashqari banklar, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim, FHDYo bo‘limlariga ham 5 tadan, 10 tadan uy bo‘lib berilgan”.

Bu xabar muallifidan bir necha surat ham keldi. Ular, muallifning aytishicha, 10 - fevralda olingan va suratlardan birida mahalliy xotin-qizlar, tuman obodonlashtirish korxonasida ishlovchi ayollar aks etgan, tuman hokimligi mulozimi ulardan katta yo‘lni supurayotganday bo‘lib turishni so‘ragan.

Qashqadaryo viloyat, Koson tumani. 2021 - yil, 11 - fevral.
Qashqadaryo viloyat, Koson tumani. 2021 - yil, 11 - fevral.

Ikkinchi suratga muallif mana bunday izoh yozdi:

“Bu suratdagi gaz xodimlariga haydalgan yerda rasm tushish uchun ketmon ushlab turish aytildi. E’tibor qilsangiz, hech qanday ish qilingani yo‘q, nomigagina ketmon ushlab turishibdi. Ko‘zbo‘yamachilik bo‘lyapti, xolos”

Qashqadaryo viloyat, Koson tumani. 2021 - yil, 11 - fevral
Qashqadaryo viloyat, Koson tumani. 2021 - yil, 11 - fevral

Ismi sir qolishini so‘ragan kosonlikdan kelgan bu xabardagi iddaolarni Ozodlik Koson tuman hokimligi bilan bog‘lanib qo‘shimcha o‘rgangani yo‘q.

Sharhlovchi Tursun Qoratoyevning aytishicha, Mirziyoyevning "ura-uralar vaqti o‘tgani" haqidagi bayonotlariga qaramasdan, Islom Karimov boshqaruvi davridagi ko‘zbo‘yamachiliklar davom etmoqda.

"Ura-uralar vaqti o‘tdi, endi ish qilaylik, deb aytilyapti. Bunday chaqiriqlar Islom Karimov davrida ham bo‘lgan. Joylarga prezidentgina emas, vazirlar boradigan bo‘lsa ham ularning borishi oldindan belgilab qo‘yiladi. Hatto tuman hokimlari uchun ham ular boradigan joylar oldindan supurib-sidirib qo‘yiladi. Rahbarlar bunday ko‘zbo‘yamachiliksiz haqiqiy ahvolni ko‘rishi kerak. Prezidentning soati ham bir kecha-kunduzda 24 soat ko‘rsatadi. Hammasiga ulgurmaydi. Joylardagi rahbarlarga insof bersin".

Qonunlarda prezidentning vakolatlari belgilab qo‘yilgan. Mahalla darajasidagi ishlar davlat rahbari shug‘ullanadigan vazifalar qatoriga kirmaydi. Balki bu Shavkat Mirziyoyev egallab turgan lavozimi darajasiga ko‘tarila olmagani oqibatidir? Tursun Qoratoyevning fikricha, Mirziyoyev joylardagi rahbarlar ishidan qoniqmayotan bo‘lishi mumkin.

“Yo‘q, u kishi ham joylardagi ishlardan xabardor bo‘lsa kerak. Bu uning joylardagi rahbarlar ishidan qoniqmaganidan. Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan chegaradan chiqishining sababi shu”.

Navoiy viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari, hozirda AQShda istiqomat qilayotgan Ismoil Ospanov esa o‘z nazarida joriy voqe’likni yuzaga keltirgan boshqa omillarni ham tilga oldi.

"Bu yerda gap Mirziyoyevning shaxsiy sifatlarida ham, ijroiya apparatining zaifligi, intizomsizligida hamdir. Shavkat Miromonovich tuman hokimligi darajasidan ko‘tarila olmagan shaxs, deb bilaman. Shaharda (Toshkentda demoqchi – tahr.) ishlaganida ham bilardim u kishini. Keyin ikkita viloyatda ishladi. Zo‘rlik-zo‘ravonlik, o‘zini ko‘rsatishga intilish, ko‘cha suputirish, uylarni oqlatish, bo‘yatish bilan shug‘ullanib yurgan odam. Iqtisodiyot bilan, jiddiy masalalar astoydil shug‘ullangan emas. Afsuski shunday...", - deydi sobiq mulozim.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab o‘zbekistonliklar prezident Mirziyoyevning Farg‘onaga safari chog‘ida qilgan "mahallaga yurishi"ni uning saylovoldi kampaniyasi bilan bog‘lashgan.

9 - fevral kuni Mirziyoyev Prezident Konstitutsiyaga saylovlar sanasi bilan bog‘liq o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga muvofiq, bu yilgi prezident saylovlari 24 - oktabrda o‘tishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG