Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:51

Prezident yangi yil bilan qutladi - tabrikning boshlanishi ruscha bo‘ldi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-dekabr oqshomida mamlakat telekanallari orqali o‘zbekistonliklarni rus va o‘zbek tilida yangi yil bilan tabrikladi.

Tabrik matni prezident rasmiy saytida e’lon qilindi.

Prezident o‘z tabrigini rus tilida boshlagani ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarining noroziligini keltirib chiqardi.

Prezident 2022-yilda "mashaqqatli va jasoratli mehnatimiz bilan taraqqiyot yo‘lida muhim marralarga" erishganini ta’kidlar ekan, "inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilish borasida yangi qadamlar" qo‘yganini ta’kidladi:

"Shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimiz har tomonlama obod bo‘lmoqda. Yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, aholi daromadlari va hayot darajasi oshmoqda. Yoshlarimiz xalqaro maydonlarda iste’dod va mahoratini namoyon etib, Vatanimizni dunyoga tanitmoqda. Xalq ovozi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaymoqda. Eng muhimi, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlik hukm surmoqda. O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori yuksalmoqda" dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev yangi yilda "insonni qadrlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarish"ga va’da berar ekan, sifatli ta’lim, yordamga muhtoj insonlar uchun munosib sharoit yaratish, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalari vakillarini, o‘qituvchi va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratilishini aytadi.

Prezident tabrigi mahalliy telekanallarda yangi yil kirishidan oldin avval rus tilida, so‘ngra o‘zbek tilida ko‘rsatildi.

Ko‘rsatuvdan so‘ng ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o‘zbek tili davlat tili bo‘lgan mamlakatda prezident tabrigi nega avval rus tilida berilganiga o‘z hayratlarini izhor qila boshladi.

Muhammad Matjon
Muhammad Matjon

"Navoiy haykali qiblaga qaratilib, davlat tilini rivojlantirish departamenti yopilib ketdi, o‘zbek tilini mavqeyini kuchaytiruvchi qonun yo‘qolib qoldi, yangi yil tabrigi bobolarimni qatag‘on qilgan, vatanimni talagan, millatimni paxta quliga aylantirganlar tilida boshlandi", deb yozdi Muhammad Matjon.

Jurnalist va yozuvchi Karimberdi To‘ramurod o‘zining Feysbukdagi sahifasida qisqagina qilib "Otrabotayem!" deb yozib qo‘ydi.

Baxtiyor Kalon
Baxtiyor Kalon

Feysbuk foydalanuvchisi Baxtiyor Kalon:

"Uzuk birla muhirlab erk toqatimni,

Xorij tilda oshkor qildim sadoqatimni" deb yozdi.

O‘zbekistondagi ijtimoiy faol blogerlardan biri Farrux Samarqandiy bu holatga o‘ziga xos tarzda bunday munosabat bildirdi:

Feysbuk foydalanuvchisi Nosirjon No‘’mon Qozog‘iston prezidentining yangi yil tabrigiga e’tibor qaratdi:

Nosirjon No‘’mon
Nosirjon No‘’mon

Ammo ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari prezident Mirziyoyev tabrigining o‘zbek va rus tilidagisining o‘rni atayin, sabotaj keltirib chiqarish maqsadida almashtirib qo‘yilganiga ham e’tibor qaratmoqda.

Xususan, Feysbuk foydalanuvchisi Dilnur Karimov bu haqda bunday deb yozadi:

"Tabrik. O‘zbek tilidagisi alohida s’yomka qilinadi. Bittada yaxshi chiqmasligi turgan gap. Yaxshi chiqqunicha qayta s’yomka qilaverishadi. So‘ngra rus tilidagi tabrik ham shu yo‘sinda alohida ovolinadi.

Keyin isxodniy material montaj qilinadi. Bu yerda montajchi kadrlar ketma-ketligini qanday tanlashiga bog‘liq.

Shunga ko‘ra montajda rus tilidagi kadrlar qasddan birinchi bo‘lib qo‘yilgan. Shuni o‘rniga o‘zbek tilidagi tabrikni birinchi qo‘yib keyin ruschani ulasa ham bo‘ladi. Kompyuterda joyini almashtirib qo‘yish 2 sekundli ish va o‘zbek tilida boshlanadigan qilib tayyorlashsa hech kim urishib bermasdi. Faqat o‘zbek tilida tabrikni ulashishsa ham birov pinagini buzmasdi.

Ko‘ryapmizki, jamiyatda rezonans keltirish uchun atrofdagi kimdir buni atay qilganga o‘xshab ko‘rindi manga. Prezident o‘zi rus tilida boshlashni afzal bildimi, yoki mutlaqo bundan xabari bo‘lmaganmi, buni ayta olmaymiz.

Shu tabrik roligiga javobgar shaxslarning masxaromuz ishiga o‘xshayapti. Bunchalik naglыy millatimiz, tilimiz ustidan kulish - sabotaj bo‘lsa kerak. Yana vallohu ’alam".

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatida "milliy o‘zlik timsoli, ma’naviyat asosi bo‘lgan ona tiliga e’tibor yanada kuchaytirilishi haqida gapirgan edi:

“Albatta, chet tilini bilish — zamon talabi. Ammo ona tilini bilishga majbur qilish kerak”.

Prezident 21-oktabr, O‘zbek tili bayrami munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigida “o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilab olgan vazifalarimizni izchil davom ettirishimiz lozim”, degan edi.

Ammo mahalliy nashrlar Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyevaning tvitiga tayanib 2019-yilda tashkil etilgan Davlat tilini rivojlantirish departamenti faoliyati tugatilganligi haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG