Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:26

Prezidentlar oilasi va korrupsiya. Markaziy Osiyoda matbuot uchun "qizil chiziq"lar qanday?


Joriy yilning yozida O‘zbekiston tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan qonli bo‘hron davomida "Gazeta.uz" xususiy nashri saytida davlat senzurasining yorqin belgilari namoyon bo‘ldi, deb yozmoqda Ozodlik tahlilchisi Kris Riklton.

Yigirmadan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan tartibsizliklar yoritilgan maqolalar sarlavhalari ostidagi xabarlar o‘rnini "Material o‘chirildi" degan izoh egalladi.

Maqolalar foydalanuvchilar tanqidi ortidan qayta tiklandi. Joriy haftada esa "Gazeta.uz" saytida Human Rights Watch tashkilotining norozilik namoyishlari haqidagi tanqidiy hisoboti haqida maqola e’lon qilindi. Ajablanarlisi, O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari xatti-harakatlari tanqid qilingan hisobot haqidagi maqola hali o‘chirilgani yo‘q.

Ammo yozda maqolalar bir marta o‘chirilgani Markaziy Osiyoda mustaqil ommaviy axborot vositalari uchun "qizil chiziqlar" o‘zgarib turishini ko‘rsatadi. Mintaqa mamlakatlaridagi vaziyat turlicha: Turkmanistonda hech bir mustaqil xabarga toqat qilinmaydi, Qirg‘izistonda esa odatda faol xabar beradigan mustaqil matbuot vaqti-vaqti bilan ta’qiblarga uchrab turadi.

Qirg‘iz matbuoti bosim ostida

Qirg‘izistonni "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti "iqtisodiyoti beqaror ekani va rasmiy korrupsiya keng tarqalganiga qaramay, so‘z va matbuot nisbatan erkin bo‘lgan Markaziy Osiyodagi istisno" mamlakat deya ta’riflaydi. Tashkilotning 2021-yilgi matbuot erkinligi indeksida Qirg‘iziston 180 mamlakat ichida 72-o‘rinni egallagan.

Ammo kelgusi yilgi reytingda mamlakat nisbatan baland o‘rnini saqlab qolsa, kutilmagan hol bo‘ladi.

Mustaqil jurnalistikaga qarshi rasmiylarning so‘nggi ta’qiblari joriy yilning yanvar oyida boshlandi. O‘shanda politsiya jurnalist Bolot Temirovning idorasiga bostirib kirib, tintuv o‘tkazdi. Buning ortidan jurnalist giyohvand moddalar bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha sud qilindi.

Tez orada Temirovga yana ikki ayblov – davlat hujjatlarini qalbakilashtirish va davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish ayblovlari qo‘yildi.

Temirovning o‘zi esa tergov Temirov Live loyihasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Tashiyevning qarindoshlari haqida o‘tkazgan surishtiruvlar uchun qasos, deb aytib keladi.

Sentabr oyida Temirov qisman oqlandi, biroq prokuror hukmga e’tiroz bildirdi.

O‘tgan oy OAVga hujumlar kuchaydi. Hukumat Ozodlik radiosi Qirg‘iz xizmati bank hisobini muzlatib, nashr saytini mamlakatda bloklashni buyurdi. Mahalliy va xorijiy huquq tashkilotlari bu choralarni nashr ovozini o‘chirishga urinish sifatida baholadi.

Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, bu choralarga qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro aks ettirilgan video turtki bo‘lgan. Ularning iddao qilishicha, videoda nafrat so‘zlar va yolg‘on ma’lumotlar keltirilgan. Shuningdek, rasmiylar Ozodlik radiosini "asosan tojik tarafiga yon bosganlikda" ayblamoqda.

Ular videoni o‘chirishni talab qilishdi, biroq Ozodlik bu talabni bajarishdan bosh tortdi.

Ozodlik bilan birdamlik izhor qilish uchun qator mustaqil axborot saytlari 26-oktabr kuni bir necha soat davomida yangiliklar e’lon qilmaslikka hamda hukumat matbuot relizlarini e’tiborsiz qoldirishga qaror qildi.

Mazkur aksiya "Yangilik yo‘q, OAVga bosim bor" shiori ostida o‘tkazildi.

Oktabrьoyi boshida bir necha odam Ozodlik idorasi oldida to‘planib, Ozodlik radiosi hamda yana ikki ommaviy axborot vositasi – Kloop va Kaktus.Media nashrlari yopilishini talab qilgan edi.

Miting ishtirokchilaridan biri bu talablar bajarilmasa, nashr ofisiga benzin sepib, o‘t qo‘yish bilan tahdid qildi.

O‘zgaruvchan muhit

Qirg‘izistondagi holat biror mavzuga jamoatchilik va siyosiy e’tibor kuchayar ekan, uni yoritish qanchalik xavfli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Diniy va millatlararo masalalarni yoritish kabi "qizil chiziqlar" eskidan bor. Bu mavzularni yoritgan jurnalistlar nifoq qo‘zg‘atganlikda ayblanishi mumkin. Shuningdek, LGBT huquqlarini yoritish uchun ham jazoga tortilish mumkin, chunki bu mavzuga mintaqada toqat qilinmaydi.

Elita korrupsiyasi haqida yozish kamdan-kam hollarda rasmiylar e’tiboridan chetda qoladi, ayniqsa, xabarlar mamlakat rahbarlarining oilalari haqida bo‘lsa.

Ўзбекистон матбуот эркинлиги рейтингида: Руандадан ёмон, Беларусдан яхшироқ
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:48 0:00

Ozodlik radiosi Qozoq xizmati Jenevada yashovchi jurnalist Agate Dyupark bilan intervyuni e’lon qilganidan keyin Qozog‘istonda nashr saytini ochishda muammolar yuzaga keldi. Dyupark Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hamda uning oila-a’zolarining xorijiy biznes manfaatlari haqidagi hisobot hammuallifidir.

"Qozog‘iston prezidentining yashirin biznesi Shveysariya orqali o‘tgan" nomli hisobot dastlab Public Eye saytida e’lon qilingan. Unda Toqayev va qarindoshlarining sizdirilgan elektron pochta xabarlaridan iqtibos keltirildi.

Maqolada yoritilgan mavzulardan biri Toqayev 2012-yilda BMTning Jenevadagi vakolatxonasida ishlagan davri haqida. O‘shanda ofisning konferensiya zalini qayta ta’mirlash uchun katta mablag‘ sarflangan.

Ta’mirlash ishlari uchun Qozog‘iston hukumati mablag‘ ajratgan. Rekonstruksiyadan Toqayevning qudasi, ya’ni o‘g‘li Timurning qaynonasi, rassom Batima Zaurbekova bevosita foyda ko‘rgan.

Mazkur hisobot, umuman olganda, qozoq matbuoti nazaridan chetda qoldi. Mamlakatda eng yirik nashrlarga tuzumga sodiq oligarxlar egalik qiladi. Ayni damda Qozog‘istonda Public Eye saytidagi hisobotni chetlab o‘tish vositalarisiz ochib bo‘lmaydi.

O‘zbekiston so‘nggi o‘n yillikda matbuot erkinligi sezilarli yaxshilanganini da’vo qilishi mumkin, ammo buning asosiy sababi birinchi prezident Islom Karimovning 25 yillik shafqatsiz hukmronligi davrida matbuot erkinligi ayanchli holatda bo‘lganidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ommaviy axborot vositalari chinakam mustaqil faoliyat yuritayotganini ko‘rsatuvchi ayrim belgilar paydo bo‘ldi, biroq vaziyat istalgan paytda o‘zgarishi mumkin. Qoraqalpog‘istondagi inqiroz bilan bog‘liq holat bunga yaqqol misoldir.

Ozodlik radiosining O‘zbek xizmati hali-hanuz mamlakat ichkarisida to‘sib qo‘yilgan.

Tojikistonda esa vaziyat teskari tomonga o‘zgarmoqda. Mamlakatda mustaqil blogerlar va jurnalistlarni soxta ayblovlar bilan hibsga olish va jazoga hukm qilish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Kuzatuvchilarning taxminlariga ko‘ra, Tojikistondagi so‘nggi tazyiqlar hukumatning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida may oyida boshlangan qonli xavfsizlik amaliyoti haqidagi xabarlarni nazorat qilish istagi bilan bog‘liqdir.

Rasmiy Dushanbega ko‘ra, zo‘ravonliklarda 29 kishi halok bo‘lgan. Mintaqada bir necha mahalliy yetakchilar qamoqqa tashlangan yoki o‘tib o‘ldirilgan.

Ozodlik radiosining Tojik xizmati mamlakatdagi sanoqli mustaqil axborot manbalaridan biridir. Nashr Badaxshondagi adolatsizlikka qarshi tinch namoyishlar bilan boshlangan voqealar chog‘ida 34 kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Yana bir mustaqil mahalliy nashr – Asia Plus mojaroning dastlabki kunlaridayoq o‘z o‘quvchilarini voqealarni munosib yorita olmasligidan ogohlantirdi.

Rasmiylar nashr hodisalarni "bir tomonlama" yoritayotgani va bu milliy barqarorlikka tahdid solishi haqida ogohlantirgan. Asia Plus rasmiylardan iqtibos keltirilgan holda ma’lum qilishicha, "agar bu kamchiliklar bartaraf qilinmasa", yopilishi haqida ogohlantirish olgan.

XS
SM
MD
LG