Линклар

Шошилинч хабар
25 июл 2021, Тошкент вақти: 20:12

Prezidentning Namanganga safari arafasida u kirishi kutilgan barcha ko‘chalarga asfalt bosildi (VIDEO)


Namanganning Davlatobod tumanida Mirziyoyev ochib berishi kutilayotgan kutubxona oldidagi yo‘l bir kechada asfaltlangan.

Namanganda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tishi kutilayotgan yo‘llar bir kechada asfalt qilingani to‘g‘risida 18 - fevralda Ozodlikka bir necha namanganlik bir-biridan mustaqil ravishda xabar qildi.

Namanganliklarning Ozodlikka aytishicha, deyarli butun viloyatdan texnikalar, qurilish va yo‘l ta’mirlashga aloqador barcha xizmatlar xodimlari Namangan shahri va atrof tumanlarga safarbar etilgan.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 18 - fevral kuni Namangan viloyatiga jo‘nab ketgan.

Ikki hafta oldin Mirziyoyev Farg‘onaga safari chog‘ida viloyat markazidagi Shodiyona mahallasiga kutilmagan tashrif bilan borgan, u yerdagi yo‘llar ahvolini tanqid qilgan edi.

Prezident tanqididan so‘ng, shahar hokimi, prokurori, IIB va soliq boshliqlari ishdan olingandi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan namanganlik taksi haydovchisi prezident Shavkat Mirziyoyev kelishidan bir kun oldin asfalt yotqizilgan yo‘llarda transport qatnovlari to‘xtatib qo‘yilgan.

"Svejiy asfalt, mashina yursa izi qolmasin, deb yo‘llarni yopib qo‘yishdi. Prezident keladi, degan xabar chiqqanidan beri viloyat hokimligi qizg‘in tayyorgarlik ko‘ryapti. O‘ttiz yildan beri ta’mirlanmagan yo‘llarga bir kechada asfalt yotqizildi", - dedi haydovchi.

Мирзиёев келишига Наманганда йўллар бир кечада асфальтланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:08 0:00

"Nega asfalt prezident uchun qilinadi, xalq uchun emas?"

Namanganning Davlatobod tumanida yashovchi ayolning Ozodlikka aytishicha, Mirziyoyev ochib berishi kutilayotgan tuman kutubxonasi oldidagi 40 yildan beri ta’mir qilinmagan yo‘l ham bir kechada asfaltlangan.

"Kechasi bilan asfalt qilib chiqishdi. 3-mikrorayonda yashaymiz. Prezident bibliotekani ochib berarkan. 40 yildan beri qarovsiz qolgan, SSSR paytidan beri ta’mirlanmagan yo‘l ustiga asfalt yotqizishdi. Lekin, katta yo‘ldan boshlab faqat 300 metri qilindi, orqa tomoni hozir ham dabdalasi chiqib yotibdi. Faqat ko‘rinadigan joylarga asfalt qilishdi. Hokimiyat nimaga yo‘llarni faqat prezident uchun qiladi, xalq uchun emas,?!- dedi ayol.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 - fevral kuni Namanganga keldi.

Tashrifdan maqsad qo‘yilgan vazifalar ijrosini ko‘rish, mahallalardagi sharoitni o‘rganish, aholini o‘ylantirayotgan muammolardan kelib chiqib, navbatdagi rejalarni belgilash ekani aytildi.

"Farg‘onadagiday lavozimidan bo‘shatilishidan qo‘rqib, bular shu ishlarni qilyapti", - deya qo‘shimcha qiladi Namanganning Davlatobod tumanida yashovchi ayol.

Namangan viloyat hokimligining Ozodlik savoliga javob bergan mulozimi "asfaltlash ishlari reja bo‘yicha qilinyapti", deya gapni qisqa qildi.

"Qayerni nazarda tutyapsiz bilmadimu, lekin bunaqa ishlar, ayniqsa asfalt ishlari reja bo‘yicha qilinadi", - dedi mulozim va vaqti cheklanganini aytib, telefonni qo‘ydi.

Ikki hafta muqaddam O‘zbekiston prezidenti Farg‘ona shahridagi Shodiyona mahallasiga kutilmagan tashrif uyushtirib, u yerdagi ahvolni tanqid qilgani ortidan shahar hokimi, prokurori, ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va soliq inspeksiyasi rahbarlari ishdan bo‘shatilgandi.

Mazkur voqeadan so‘ng Namanganda mahalliy mulozimlar Farg‘onadagi rahbarlar vaziyatiga tushmaslik maqsadida “qoloq mahalla”larni zudlik bilan obod qilishga kirishgani haqida xabarlar kela boshladi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, hashar ko‘rinishida bo‘layotgan bu jarayonda tadbirkorlar va idora-tashkilotlar homiylikka majburlanmoqda.

Namanganlik blogger Abbos Asad obodonchilik ishlari faqat prezident kelishi uchun qilinmasligi kerak, deydi:

"Men ham ko‘rdim, asfalt qilishyapti. Asfalt bo‘lsin, lekin prezident kelishi uchun qilinmasligi kerak bu. Har qanaqangi ishlar, qurilish ishlari bo‘ladimi, obodonchilikmi, bu ishlar yil boshida ajratib berilgan byudjet bo‘yicha amalga oshirilishi kerak. Asfalt qilyapti, shosha-pisha, ertaga katta keladi, deb, lekin xalq asfalt qilib ber, desa hokimlar qayrilib ham qaramaydi. Namangan shahar, Ko‘zagarlik ko‘chasida Orifboy guzarida yo‘l rasvosi chiqib yotibdi, velosipedda ham yurib bo‘omaydi. Aholi yillardan beri asfalt qilib beringlar deb murojaat qiladi. Yo‘l solig‘ini olib yotibdi. Bunga sarflangan pullarni ochiq hisobotini ko‘rmaymiz, ta’mirlangan yo‘llarni ham ko‘rmaymiz", - deydi Abbos Asad.

Ko‘zbo‘yamachilik prezident tanqididan keyin ham davom etmoqda

O‘zbekistonda ko‘zbo‘yamachilik qilish marhum prezident Islom Karimov davrida muhim siyosiy tadbirlarning bir qismiga aylangan edi.

Shavkat Mirziyoyevning o‘zi 2015 - yilda Bosh vazir bo‘lib ishlagan davrda uning Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyati Qo‘shtepa tumanidagi avtomobil yo‘li chetidagi paxtasi terib olingan chanoqlarga qaytadan paxta yelimlab chiqilgan.

O‘tgan oy Mirziyoyevning Xorazmga safari oldidan yo‘l chetiga "soxta issiqxonalar" o‘rnatib chiqilgani haqda Ozodlik xabar bergandi.

Хоразмда Мирзиëев ташрифига сохта парниклар қурилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:28 0:00

Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin o‘zining joylarga tashrifi oldidan viloyat, tuman va shaharlardagi mutasaddi rahbarlar tomonidan qilinayotgan ko‘zbo‘yamachiliklarni bir necha marta qoralagan.

“Men devor ortida nima borligini, O‘zbekistonda qaysi ko‘cha supurilgani yo obodligini juda yaxshi bilaman. Bitta narsani aytmoqchiman: yo‘lni supurganingiz bilan hech nima o‘zgarmaydi, odamlar rahmat demaydi, la’nat aytadi. Bizni do‘stlarimiz ham ko‘p, dushmanlarimiz ham. Siz mana shu ishlaringiz bilan dushmanlarning tegirmoniga suv quymoqdasiz. Butun viloyatlar va tumanlar rahbarlari, mana shuni bilib oling”, degan edi prezident 2018 - yil 13 - aprel kuni Sayxunobod tumanida qilgan chiqishida.

Ammo bu tanqidlarga qaramay, prezident boradigan hududlar yo‘llarini shosha-pisha asfalt qilish, tomlarni bo‘yash, byudjet xodimi ishchilarini ko‘cha tozalashga chiqarish, yo‘l bo‘yiga xo‘jako‘rsinga issiqxonalar qurish, ko‘chatlar ekish yoki ochilgan paxtani terdirmay turish kabi o‘nlab ko‘zbo‘yamachilik holatlari haqida Ozodlikka xabarlar kelgan.

XS
SM
MD
LG