Линклар

Шошилинч хабар
21 май 2022, Тошкент вақти: 17:19

"Proyekt": Putin saraton xastaligiga chalingan bo‘lishi mumkin


Prezident Vladimir Putin Kremldagi marosimda. Moskva, 23-may, 2019

Vladimir Putin bot-bot onkologik xastaliklarni davolashga ixtisoslashgan shifokor ko‘rigidan o‘tadi. Bu haqda “Proyekt” internet nashri xabar qildi. Nashr Rossiya prezidentiga uning safarlarida hamrohlik qiluvchi tibbiy personal ro‘yxatini qo‘lga kiritganini aytmoqda.

“Rossiya rahbarining doimiy hamrohlaridan biri Markaziy klinik shifoxona xodimi Yevgeniy Selivanov bo‘lib chiqdi. U “Qalqonsimon bez saratoni bilan og‘rigan katta yoshli va keksa bemorlarga tashxis qo‘yish va ularni jarrohlik yo‘li bilan davolashning xos xususiyatlari” mavzusida dissertatsiya yoqlagan”, deyiladi surishtiruvda.

“Proyekt” ma’lumotiga ko‘ra, Selivanov Putinni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun Sochi shahrining o‘ziga kamida 35 marta uchib borgan.

Nashr Putinning biron xastalikka chalinganini iddao qilmagan va muayyan tashxisni tilga olmagan.

Ayni chog‘da “Proyekt” kamida ikki holatda Putin, katta ehtimol bilan yelka sohasida jarrohlik amaliyoti yoki boshqa juda jiddiy muolajani boshidan kechirganini ta’kidlamoqda. Va bu holatlar Putinning jamoatchilik nazaridan “yo‘qolib qolgan” paytlarga to‘g‘ri keladi.

Surishtiruvda aytilishicha, Putin so‘nggi yillarda Sochiga safari chog‘ida ko‘pincha o‘zi bilan uch shifokorni olib kelgan. Ular – Aleksey Shcheglov, Igor Yesakov (ikkisi ham otolaringolog) hamda yuqorida tilga olingan jarroh-onkolog Yevgeniy Selivanovlar.

“O‘tgan to‘rt yil davomida Shcheglov Sochiga – Putinning huzuriga 59 marta uchib kelgan va uning yonida 282 kun bo‘lgan. Selivanov esa 35 marta uchib kelgan va 166 kun Putinning qarorgohida qolgan”, deb yozadi “Proyekt”.

Nashrga ko‘ra, ushbu shifokorlar guruhi prezident nafaqat Sochidagi qarorgohida rasman bo‘lgan paytlarda, balki “g‘oyib bo‘lgan” paytlarda uning yonida bo‘ladi.

Shuningdek, Putinning sog‘lig‘iga bag‘ishlangan surishtiruvda u Oltoyga safar qilgan chog‘larida go‘yo yosh bug‘u shoxlari ekstraktidan tayyorlangan vanna qabul qilishi aytiladi.

Jurnalistlar o‘tgan yilning sentabr oyida Putin to‘satdan o‘zini yakkalaganiga e’tibor berishgan edi. O‘shandan so‘ng u ko‘pchilik bilan, jumladan chet mamlakatlar liderlari hamda tevaragidagi odamlar bilan orada katta masofa saqlagan holda so‘zlashadigan bo‘ldi – Rossiya rahbarining xorijiy oliy martabali mehmonlar bilan uchrashuvlari hatto internet-memlar mavzusiga aylandi.

“Proyekt” Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan izoh so‘ragani va “Bular bari noto‘g‘ri ma’lumot. Bu yerda hammasi haqiqatdan yiroq”, degan javobni olganini bildirdi.

Hozirda yopilgan “Exo Moskvi” radiostansiyasining sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktovning yozishicha, Dmitriy Peskov “Proyekt” ma’lumotini uydirma va yolg‘on deb atagan, ammo “Prezident Putin saraton bilan og‘rimagani rostmi?” degan savolga “rost” deb javob bergan.

Qalqonsimon bez saratoni, boshqa onkologik kasalliklarga nisbatan yengilroq kechadi va ko‘p hollarda muolaja qilinadi.

XS
SM
MD
LG