Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:14

Pul va propaganda. Xitoy Qirg‘iziston mediamakonida o‘z ta’sirini kuchaytirmoqda


Xitoyning Qirg‘izistondagi elchisi Du Deven (chapdan ikkinchi) Qirg‘iziston jamoatchilik TRKsi tahririyatida, 2022-yil 24-avgusti
Xitoyning Qirg‘izistondagi elchisi Du Deven (chapdan ikkinchi) Qirg‘iziston jamoatchilik TRKsi tahririyatida, 2022-yil 24-avgusti

Xitoy Qirg‘iziston axborot makoniga ta’sir o‘tkazishga va o‘zi uchun muhim bo‘lgan siyosiy masalalar mahalliy matbuotda yoritilishini ta’minlashga intilmoqda. YeXHTning Bishkekdagi akademiyasi tadqiqotida shu haqda so‘z boradi.

“Xitoy o‘z davlat ommaviy axborot vositalarining Qirg‘izistondagi faoliyatini kengaytirish, axborot landshaftini yaratish niyatida mahalliy shirkatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali yetarlicha moliyalanmagan media sohasiga katta mablag‘ tikyapti”, deyilgan hisobotda.

Xitoyning Qirg‘iziston mediabozoriga kirib kelishiga doir Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Bishkekdagi akademiyasi 25-avgustda e’lon qilgan tadqiqot – Xitoy ijobiy suratda yoritilishini ta’minlash, AQSh va G‘arb haqida salbiy ritorika tarqatish, shuningdek Xitoyning Markaziy Osiyodagi manfaatlari xususidagi materiallar, jumladan Shinjon viloyatida uyg‘ur va boshqa tub aholi vakili bo‘lmish musulmonlar uchun tashkil qilingan lagerlar bilan bog‘liq xavotirlar keng yoyilishining oldini olish maqsadida Xitoy davlat subyektlari tomonidan qo‘llanadigan taktikani o‘rganishga bag‘ishlangan ko‘p yillik loyihaning bir qismidir.

YeXHTning Bishkekdagi akademiyasi tadqiqotchisi Niva Yau
YeXHTning Bishkekdagi akademiyasi tadqiqotchisi Niva Yau

“Muammo shundaki, hamma narsani pul hal qiladi, chunki Qirg‘iziston media sohasining moliyaviy ahvoli yomon, – dedi Ozodlik qirg‘iz xizmati bilan suhbatda YeXHT akademiyasi katta ilmiy xodimi va hisobot muallifi Niva Yau. – Xitoy o‘zi haqida salbiy xabarlar tarqalishining oldini olish va axborot makonini ijobiy mazmunli materiallarga to‘ldirish imkoniyatlarini nazorat qilish uchun katta mablag‘ sarflay oladi”.

Tadqiqotchi Xitoyning Qirg‘iziston axborot makoniga ta’sir o‘tkazish strategiyalarini hujjatlashtirgan. Ular orasida eng keng qo‘llanadigani – qirg‘iz OAVlarida pul evaziga materiallar chiqartirish hamda hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va Xitoy OAVlari mamlakat hayotiga chuqurroq kirib borishiga erishish uchun mablag‘ ajratish, shuningdek xitoyparast ritorikasini yoyishda ijtimoiy tarmoqlar va internet-blogerlardan foydalanishdir.

Bundan tashqari, hisobotda qayd etilishicha, Bishkekdagi Xitoy elchixonasi jurnalistlar uchun bepul safarlar tashkil qilish, ularga mablag‘ va maslahat taklif etish bilan mamlakatdagi axborot kontentini boshqarishda muhim rol o‘ynamoqda. Ushbu rag‘batlantirish choralari so‘rov chog‘ida ijobiy xabarlarni ko‘paytirish va salbiy mazmundagi materiallarni chiqartirmaslik omillari sifatida mahalliy jurnalistlar tomonidan tilga olingan.

“Bu hali uncha tushunarli bo‘lmagan va qorong‘i jabha, – deydi Yau. – Xitoyliklar bu ishda hali anchagina g‘o‘r, lekin ular rivojlanish va moslashishda davom etishmoqda, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda”.

Uzoq muddatli istiqbol

Pekin so‘nggi o‘nyillikda Markaziy Osiyoga strategik ustuvorlik berib, mahalliy elita va harbiylar bilan qalin aloqalar o‘rnatish, shuningdek o‘zining “Bir makon – bir yo‘l” deb nomlanmish olamshumul loyihasi doirasida katta sarmoya olib kirish hisobiga mintaqada o‘z siyosiy-iqtisodiy qudratini oshirishga intildi.

Biroq, Niva Yauning urg‘ulashicha, Xitoyning Markaziy Osiyo, xususan Qirg‘izistondagi manfaatlari va ta’siri boshqa sohalarga ham o‘tmoqda; endilikda xitoyliklar jamiyatning kengroq qatlamlari bilan aloqa bog‘lashga harakat qilishyapti.

Axborot makoni ustidan nazorat Xitoy hukumati ichki nazoratining muhim qismi edi, Pekinning xalqaro ta’siri kengaygani sayin mazkur amaliyot boshqa mamlakatlarga ham tarqaldi. Xitoy rahbariyati rasmiy hujjatlarda o‘z maqsadlarini ochiq-oydin bayon qiladi va qo‘shni mintaqalarga o‘zi uchun yangi imkoniyatlar maydoni deb qaraydi.

XXR rahbari Si Szinpin (o‘) Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov (ch) bilan uchrashuvda, Pekin, 2022-yil fevrali
XXR rahbari Si Szinpin (o‘) Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov (ch) bilan uchrashuvda, Pekin, 2022-yil fevrali

Xitoy 2000-yillar boshlaridan beri qirg‘iz mediashirkatlari bilan turli bitimlar tuzadi. Bu – mahalliy OAVlarga Xitoy matbuoti materiallaridan ayrimlarini ko‘chirib bosish imkonini beradigan, ularga Xitoy va jahon yangiliklarini yoritish, shuningdek Xitoy hayoti, texnologiyalari va moliyasi, Xitoyga sayohatlar mavzusida maxsus kontentlar yaratish bo‘yicha qat’iy majburiyatlar yuklaydigan hujjatlardir.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 2022-yilda e’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, mamlakatda Xitoyning davlatga qarashli uch mediashirkati ro‘yxatdan o‘tkazilgan: Sinxua, Ven Vey Po hamda Silk Road Observer. Yana ikkitasi – Dolon TV hamda Land Bridge Qirg‘izistonda xususiy mediashirkatlar sifatida faoliyat yuritadi.

Niva Yauga ko‘ra, Xitoy OAVlari strategiyasining umumiy samaradorligini baholash qiyin, ammo u va YeXHT akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tadqiqotlar mazkur strategiya Shinjondagi lagerlar bo‘yicha tasavvurlarni shakllantirishda muvaffaqiyatli bo‘lganini ko‘rsatgan.

Yauning aniqlashicha, jurnalistlar Shinjon viloyatiga uyushtirilgan press-tur doirasida asosan viloyatdagi obod qishloqlar va qurilish obyektlaridan iborat ideal manzarani yoritganlar. Mahalliy qirg‘iz OAVlarida chop etilgan bu materiallar, tadqiqotchining fikricha, auditoriyani chalg‘itib, shinjonlik uyg‘urlarning huquqlari buzilayotganiga oid boshqa xabarlarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otgan.

“Shinjondagi vaziyatni yoritishning ushbu strategiyasi ikki maqsadni ko‘zlaydi: birinchisi – OAV diqqatini imkon qadar chetga tortish, ikkinchisi auditoriyani chalg‘itadigan boshqa kontent yaratish, chunki bunaqa talqin haqiqiy ahvolni buzib ko‘rsatadi, – dedi Yau. – Menimcha, strategiya aynan keyingi holatda ko‘proq samara beradi. U jamoatchilikni balki butkul ishontira olmas, lekin Xitoy hukumatiga qarshi ayblovlarga shubha bilan qarashga majbur etadi”.

Aralashuv va to‘siqlar

Hisobotda Xitoyning Qirg‘izistonda nisbatan erkin mediamakonni o‘z manfaatlari yo‘lida qo‘llash strategiyasi samaradorligi hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lsa-da, Yau Xitoy mahalliy aholining ko‘nglini olishda hamon jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotganini ta’kidlaydi.

“Xitoyning jahon OAVlariga nisbatan yondashuvi hali ancha xom. Ular shunchaki o‘z modellarini boshqa mamlakatlarda tatbiq etishadi va ko‘p hollarda o‘zlariga ishlayotgan mahalliy jurnalistlarga quloq solishmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Yau.

Xitoyning Qirg‘izistonda tobora kuchayib borayotgan hozirligiga qarshi Bishkekda o‘tkazilgan norozilik namoyishidan lavha, 2019-yil yanvari
Xitoyning Qirg‘izistonda tobora kuchayib borayotgan hozirligiga qarshi Bishkekda o‘tkazilgan norozilik namoyishidan lavha, 2019-yil yanvari

Tadqiqotchi Xitoy delegatsiyasidan mahalliy auditoriya uchun hamkorlikda film ishlash taklifini olgan qirg‘izistonlik prodyuser hikoyasini misol qilib keltiradi. Film Qirg‘izistonga ishlagani kelib, shu yerlik qizni sevib qolgan xitoylik yigit haqida bo‘lishi kerak edi. Prodyuser jamiyat buni hazm qila olmasligini va provokatsiya deb baholashini aytadi hamda mamlakat aholisi orasida Xitoyga qarshi kayfiyat mavjudligidan, millatlararo nikohlar ayrim hududlarda sinofobiya omili bo‘layotganidan delegatsiya a’zolari bexabarligini bilib, hayratga tushadi.

XXR Qirg‘izistonda duch kelayotgan yana bir to‘siq bu mahalliy jurnalistlarning Xitoy tashkilotlari va loyihalari bilan ishlashga unchalik havasmand emasligidir. Yau Xitoy OAVlarida yoki ular bilan ishlagan yoki ishlayotgan ba’zi qirg‘izistonliklar orasida so‘rov o‘tkazganini aytadi. Ularning aksari katta ish haqiga uchganini, ammo propaganda va hatto dezinformatsiya bilan shug‘ullanayotganini anglaganini tan olgan.

“Ko‘p odamlarga bunaqa ish yoqmaydi. Ammo ular pragmatik fikr yuritishadi, chunki boshqa chora yo‘q. Boshqa biron imkoniyat bo‘lganida ular xitoyliklar bilan hamkorlik qilmagan bo‘lishardi”, deya xulosa qilgan Yau.

XS
SM
MD
LG