Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:19

Putin propagandasi Navalniyni o‘zbeklarga "olabo‘ji" qilib ko‘rsatgan


2017-yilda asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov o‘zini korrupsiyada ayblagan Navalniyni tuhmat qilishda ayblab sudga bergandi - video skrishoti
2017-yilda asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov o‘zini korrupsiyada ayblagan Navalniyni tuhmat qilishda ayblab sudga bergandi - video skrishoti

O‘zbekistonliklar Navalniyga nisbatan betaraflashtirilgan.

Begonalashtirilgan, mehnat migrantlarimiz uchun birato‘la olabo‘ji qilib ko‘rsatilgan. Propaganda uni Putindan farqi yo‘q, millatchi, dohiylikka da’vogar yangi imperiyachi o‘laroq tasvirlarni o‘zbekistonlik miyalarga ham quyishni uddalagan. Uni o‘rganmagan, yaxshi bilmagan mutlaq ko‘pchilik bunga ishongan. Haliyam ishonadi. Afsuski, ular hozir ham juda ko‘pchilik. Navalniy haqida o‘zbek tarmog‘idagi har qanday ijobiy fikr hatto do‘stlar tomonidan qoralanadi va masxaralanadi.

O‘zga bir o‘lchovlar bo‘lganida biz Navalniy bilan kelajakdagi Go‘zal Rossiya (Prekrasnaya Rossiya budushchego) va Orzudagi O‘zbekiston haqida gaplashishimiz, bahslashishimiz mumkin edi.

Aslida odamlarni ham, mamlakatlarni ham ideallar va qadriyatlar birlashtiradi. Orzudagi O‘zbekistonda va kelajakdagi Go‘zal Rossiyada Navalniy bizning do‘stimiz, sherigimiz va teng hamkorimiz bo‘lgan bo‘lardi, degan ishonch meni hech qachon tark etmagan.

Navalniyning o‘ldirilishi oldindan anons qilingan oshkora qatl ekani haqida hali ko‘p yoziladi. O‘zbekistonliklar, o‘zbek o‘quvchisi Navalniy haqida buyog‘iga ko‘proq biladi. Betaraflar kamayadi.

Rossiya uchun, uning ertasi uchun to‘ldirib bo‘lmas ulkan yo‘qotish. Azamat Rossiya Navalniydek Jasoratli farzandi o‘ldirilishini jimgina turib hazm qilmoqda.

Xochga osilmagan suvda yurolmaydi, degan Muqaddas kitoblar syujetini ko‘p takrorlashadi.

Navalniy e’lon qilgan Ezgulik betaraflar bilan kurashda yutqazdi, Navalniy nafaqat o‘z e’tiqodi, rossiyaliklar ozodligi uchun ham hayoti bilan tovon to‘ladi. Inson Navalniy o‘ldi, lekin endi G‘oya Navalniy yashashda davom etadi.

Muqaddas kitoblar ishoralariga qiyos qilinsa, Iblis bilan asosiy jang hali oldinda.

Otabek Bakirov

Iqtisodchi bloger

Telegramdagi Bakiroo kanalidan olindi

Tahririyatdan: OzodTarmoq ruknidagi mualliflarning nuqtai nazari tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmaydi.

XS
SM
MD
LG