Линклар

Шошилинч хабар
13 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:48

Putin Shoyguni mudofaa vaziri lavozimidan bo‘shatdi


Vladimir Putin amaldagi mudofaa vaziri Sergey Shoygu o‘rniga boshqa nomzodni taklif qildi. Bu lavozimni bosh vazirning sobiq birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov egallaydi. Shoygu esa Nikolay Patrushev o‘rniga Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga tayinlanadi. Bundan tashqari, Shoygu harbiy-sanoat majmuasi komissiyasida Putinga o‘rinbosar bo‘ladi.

Rossiyada kuch ishlatar tizimlar rahbarlari va tashqi ishlar vaziri nomzodlarini bosh vazir emas, balki prezident taklif qiladi, bu nomzodlarni tasdiqlash vakolati ham Davlat dumasida emas, balki Federatsiya kengashidadir.

Shoygu prezident tomonidan avvalgi lavozimiga qayta tayinlashga taklif qilinmagan yagona vazir bo‘lib, u 2012-yildan buyon bu vazifada ishlab kelayotgan edi.

Shoygu zamonaviy Rossiya tarixida hukumatda ikkinchi marta vazirlik lavozimini egallamaydi. U 1991- yildan buyon vazir bo‘lib ishlab kelayotgan, ammo 2012-yilda olti oycha Moskva viloyatiga gubernatorlik qilgan edi.

Shoygu Putinning yaqini bo‘lib hisoblanadi, ular birga tabiat qo‘ynida hordiq chiqarishar va ov qilishar edi. U “Yedinaya Rossiya” partiyasi asoschilaridan biri bo‘lib, bu partiya Putinning ilk ikki muddat prezidentlik davrida parlamentdagi asosiy putinparast kuch bo‘lgan. Biroq Shoygu Rossiyaning Ukrainaga bosqini chog‘ida mamlakatning harbiy muvaffaqiyatsizliklari uchun hukumatparast faollar va blogerlarning keskin tanqidiga nishon bo‘lgan.

65 yoshli Belousov Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan edi. Bosh vazir Mixail Mishustin uning nomzodini Davlat dumasiga yangi lavozimga tayinlashga taklif qilmagan.

Belousov hukumatda iqtisodiy blok kuratori o‘laroq ko‘rilardi. Biznes haqida yozadigan nashrlar uning iqtisodiy vazirliklar va Markaziy bank bilan ziddiyatlari haqida yozishgan: iddaolarga ko‘ra, u davlatning iqtisodiyotda ko‘proq ishtirok etishi zarurligini himoya qilib kelgan.

2021-yilga kelib Rossiya iqtisodiyotida davlat ishtiroki, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 55 foizdan ko‘proqni tashkil qilgan, bu ko‘rsatkich Ukrainadagi urush manzarasida oshgan. The Bell nashri uni Putin komandasidagi “Rossiya atrofi dushmanlar bilan o‘rab olinganiga ishonadigan” yagona iqtisodchi, deb atagan. 2014-yilda u Qrim anneksiyasini qo‘llab chiqqan.

Belousovning armiyada xizmat qilmagani ma’lum. Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov iqtisodchining mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanishiga izoh bera turib, “jang maydonida innovatsiyalar uchun ko‘proq ochiq bo‘lgan kishi g‘alaba qozonadi”, (TASS iqtibosi) deya bildirgan.

U vazirlikda “masalaning harbiy jihati” bilan Bosh shtab shug‘ullanishi, uning boshlig‘i Valeriy Gerasimov esa o‘z lavozimida qolayotganini qayd etgan. Patrushevning qaysi lavozimga tayinlanganini Peskov keyinroq e’lon qilinishini ma’lum qilgan.

Yangi hukumat tarkibi shakllantirilishidan avvalroq Shoyguning o‘rinbosari Timur Ivanov hibsga olingan, u milliard rubl miqdorida pora olganlikda ayblanmoqda.

Putin Federatsiya kengashiga Sergey Lavrovni tashqi ishlar vaziri lavozimida qoldirishni taklif qilgan. IIV rahbari Vladimir Kolokolsev, FVV rahbari Aleksandr Kurenkov, Adliya vaziri Konstantin Chuychenko, Federal xavfsizlik xizmati (FSB) rahbari Aleksandr Bortnikov, Federal qo‘riqchilik xizmati (FSO) rahbari Dmitriy Kochnev, Tashqi razvedka xizmati (SVR) rahbari Sergey Narishkin va Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotovlar ham o‘z mansablarida qolishi kutilmoqda. Prezident ma’muriyati nazorat boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Boris Kovalchuk Hisob palatasiga rahbar etib tayinlanadi. U Putinning do‘sti Yuriy Kovalchukning o‘g‘lidir.

XS
SM
MD
LG