Rossiya prezidenti Vladimir Putin Donald Trampni AQSH prezidenti lavozimiga saylangani bilan tabrikladi. U Trampni jasoratli kishi deb atab, unga qo‘ng‘iroq qilishga qarshi emasligini aytdi.
“Fursatdan foydalanib, uni Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti lavozimiga saylangani bilan tabriklashni istayman. Avval aytganimdek, biz Amerika xalqi ishonch bildirgan har qanday davlat rahbari bilan ishlaymiz. Bu amaliyotda ham shunday bo‘ladi”, degan Vladimir Putin Valday forumidagi matbuot anjumanida (tadbir translyatsiyasi internetda olib borilgan) boshlovchining AQSH prezidentlari to‘g‘risidagi savoliga javob berar ekan.
Putin Amerika prezidentlarining hammasini qiziqarli kishilar deb hisoblashini bildirib, boshqalar bu “dunyodagi yetakchi davlatlardan biri”ning rahbari lavozimini egallay olmagan bo‘lardi, deya qayd etgan.
Tramp haqida gapirar ekan, Putin uning “birinchi prezidentlik muddatida ortiqcha qadam qo‘yishga, bir og‘iz ortiqcha gap gapirishga qo‘rqqan”ini aytgan. Shuningdek, u amerikalik siyosatchiga suiqasd uyushtirilgan paytda uning o‘zini tutishidan ta’sirlanganini qo‘shimcha qilgan.
“Odam o‘zini favqulodda sharoitlarda ko‘rsatadi. Menimcha u o‘zini juda to‘g‘ri, jasoratli ko‘rsatdi, o‘zini erkaklarday tutdi”, deya bildirgan Putin.
Rossiya prezidenti Trampning Rossiya bilan aloqalarni tiklashga intilish va “Ukraina inqirozini tugatishga ko‘maklashish”ga oid so‘zlarini eshitganini aytgan.
“Agar Tramp sizga inauguratsiyagacha qo‘ng‘iroq qiladigan bo‘lsa, AQSHning saylangan prezidenti bilan gaplashishga tayyormisiz?” degan savolga “ha” deya javob bergan.
“Men o‘zim ham unga qo‘ng‘iroq qilishim mumkin va buni uyatli ish deb hisoblamayman. Bu ishni qilmayotganimning sababi qay bir bosqichdan boshlab g‘arb davlatlari rahbarlari menga qariyb har hafta qo‘ng‘iroq qilishib, keyin birdan to‘xtatib qo‘yishgandi. Xohlamayotgan bo‘lsalar, kerak emas bizga ham. Biz esa, ko‘rib turganingizdek, sog‘u salomatmiz”, degan Putin.
Keyinroq AQSH bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati haqida gapira turib, Putin AQSH prezidentlari “teran davlat” vakillari bilan ishlashga majbur ekanini va “to‘g‘ridan to‘g‘ri xalqqa murojaat qilishlari” lozimligini bildirgan.
Uning so‘zlaridan “teran davlat” deganda Putin prezidentlik kampaniyalari homiylari tomonidan Oq uyga tayinlanadigan vakillarni nazarda tutgani anglashiladi. “Teran davlat” davlat siyosatiga zimdan ta’sir o‘tkazuvchi muvofiqlashtirilgan guruh mavjudligi to‘g‘risida AQSHda keng tarqalgan fitna nazariyasidir. U haqda saylangan prezident Tramp ham o‘z chiqishlarida gapirgan edi.
G‘arb siyosatchilarining qo‘ng‘iroqlari haqida gapirganda, aftidan, Putin Ukrainaga keng ko‘lamli bosqindan oldingi va undan keyingi davrni nazarda tutgan. Putin Ukrainaga bostirib kirishga hozirlik ko‘rilganini oxirgi daqiqagacha inkor qilgan.
Putin shu paytgacha Trampning saylovdagi g‘alabasi haqida gapirmagan edi. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin saylangan prezidentni tabriklashni istab-istamasligidan xabari yo‘qligini aytgandi.
“Verstka” nashri iddaosiga ko‘ra, Putin saylovda g‘alaba qozongan Trampga tabrigini “tanishlari orqali” yo‘llagan. Peskov buni rad etgan, Tramp shtabidagilar esa bunga izoh berishmagan.