Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Xavfsizlik kengashining 25-sentyabrdagi yig‘ilishida yadroviy tiyib turish bo‘yicha doktrinaga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi.
Putinga ko‘ra, Moskva yadro qurolini qo‘llash lozim deb hisoblaydigan harbiy tahdidlar ro‘yxati kengaytirilishi kerak.
Yangi doktrinaga Rossiyaga qarshi nafaqat yadro quroli, balki strategik va taktik aviatsiya, qanotli hamda gipertovushli raketalar, dronlar va boshqa uchar qurilmalar orqali uyushtirilgan ommaviy hujumlarga javoban yadro qurolini qo‘llash mumkinligi haqida band kiritiladi.
Moskva harbiy-fazoviy vositalar orqali hujumga ham yadro quroli bilan javob bermoqchi.
Umuman, “Rossiya Federatsiyasi suvereniteti uchun jiddiy tahdid tug‘dirgan” har qanday xatti-harakatga javoban ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llash ko‘zda tutilmoqda.
Kreml o‘z ittifoqchisi Belarusni himoya qilish uchun ham “qizil tugma” bosilishini istisno etmagan.
Putin taklifiga ko‘ra, yadro quroliga ega bo‘lmagan davlatning yadro quroliga ega davlat ko‘magi yoki ishtirokida Rossiyaga hujum uyushtirishi ham endilikda mamlakat suverenitetiga jiddiy tahdid deb ko‘riladi.
Rossiya rahbari nomini aniq ochiqlamagan holda, yadroviy tiyib turish siyosati yuritiladigan mamlakatlar va harbiy ittifoqlar ro‘yxatini kengaytirishni buyurgan.
Ukrainaga bosqinchilik urushi boshlagan Rossiyaning dunyo hamjamiyati, xususan, G‘arb davlatlari bilan munosabatlari keskin yomonlashdi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Kiyevga faol harbiy dastak berishi va jang maydonidagi taktik muvaffaqiyatsizliklar ortidan Putin bir necha bor yadro quroli ishga solinishi bilan po‘pisa qilgan.