Линклар

Шошилинч хабар
12 феврал 2025, Тошкент вақти: 16:59

Putinga shikoyat qilgan qirg‘izistonlik muhojir Rossiyadan chiqarib yuboriladi


Rossiyadagi Xorijlik fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlaridan biri (illyustrativ surat)
Rossiyadagi Xorijlik fuqarolarni vaqtincha saqlash markazlaridan biri (illyustrativ surat)

Sverdlovsk viloyatida sud Qirg‘iziston fuqarosini besh yil mobaynida Rossiyaga kirishni taqiqlash bilan mamlakat hududidan chiqarib yuborish haqida qaror chiqardi. 32 yoshli qirg‘izistonlik Avaz Abdullayev avvalroq Rossiya prezidenti saytiga shikoyat yo‘llagan edi.

YAN axborot agentligining Ural qochqinlar assotsiatsiyasi prezidenti Lyudmila Lukashevadan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qilishicha, qirg‘izistonlik Rossiya prezidentining migrantlar badarg‘a qilinishiga 2025-yil 30-apreligacha moratoriy joriy etilishi to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq o‘zidan ariza qabul qilishdan bosh tortilgani doxil bir necha ariza bilan murojaat qilgan.

Bundan tashqari, Abdullayev Vladimir Putindan o‘zini vaqtincha saqlash hibsxonasidan ozod qilishni so‘ragan, chunki, unga ko‘ra, “bu yerda mavjud sharoit uzoq muddatli hibsda saqlash umum me’yorlariga muvofiq emas”.

Qirg‘iziston fuqarosi Pervouralskdagi Xorijlik fuqarolarni vaqtincha saqlash markazida (XFVSM) nolegal sifatida ushlab turilgan. Uning o‘zi nolegal emasligini va qonunga zid ravishda qo‘lga olishganini ta’kidlayapti. Abdullayev uning nomida kvartira borligini va u o‘sha yerda qayd qilinganini aytmoqda.

Lukasheva qirg‘izistonlikning kamerasiga kirishib, undan “yumshoq ohangda shikoyat va arizasi yo‘qligi haqida yozib berishni so‘rashgan”ini aytgan. YAN Abdullayevning bu tilxati nusxasini yoyinlagan, u yerda qirg‘izistonlik o‘zlarini “yaxshi boqishayotgani, sayrga olib chiqishayotgani, posilkalarni berishayotgani”ni qayd etgan, biroq shu bilan birga u: “XFVSM xodimlariga minnatdorlik izhori o‘laroq tozalash jihozlari: hojatxona cho‘tkalari, supurgilar, xokandozlar, tozalash vositalari, kir yuvish uchun plastmassa tog‘oralar berilishini so‘rayman”, deb yozgan.

Bu orada Sverdlov viloyati bo‘yicha IIV matbuot xizmati boshlig‘i Valeriy Gorelix agentlikka sud Abdullayevni Rossiya hududidan chiqarib yuborishdan tashqari unga 2000 rubl miqdorida jarima ham tayin qilgani, chunki qirg‘izistonlik bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan va u go‘yo daktiloskopiyadan o‘tmagan.

Putin tomonidan imzolangan farmonga muvofiq, Rossiyada qonuniy asossiz yurgan xorijliklar mamlakatni 2025-yil 30-apreligacha tark etishlari lozim. Mamlakatda qolishni istagan migrantlar mazkur sanagacha legallashuvi kerak.

Bundan tashqari, 2025-yil 1-yanvaridan Rossiyada xorijlik fuqarolarni mamlakatdan chiqarib yuborish bo‘yicha yangi maxsus tartib ishga tushgan, bu tartib politsiyaga migrantlarni badarg‘a qilish bo‘yicha qaror qabul qilish imkoniyatini beradi. Avvallari bunday vakolatga faqat sudlar va Rossiya Chegara xizmati ega bo‘lgan, xolos.

XS
SM
MD
LG