Линклар

Шошилинч хабар
29 июл 2021, Тошкент вақти: 08:14

“40 qa kirib, urushdan boshqa narsa ko‘rmadim”. Qurolli nizolardan bezgan afg‘oniylar hikoyalari


Tolibon jangarilariga qarshi janglarda hukumat kuchlariga yordam berishga tayyorligini bildirib yig‘ilgan kobulliklar. 2021, 23 - iyun

Qirq yildirki, Afg‘oniston yangi tarixidagi eng uzoq davom etgan urushni boshidan kechirmoqda. Bu urush sanoqsiz qurbonlar keltirdi, terroristik xurujlarga va giyohvand moddalar savdosiga keng yo‘l ochdi. Bir necha o‘n yillik harbiy harakatlar u yoki bu tarzda deyarli har bir afg‘onistonlik hayotiga o‘z muhrini bosgan: kimdir halok bo‘ldi, kimdir mayib-majruh bo‘lib qoldi, yana kimdir og‘ir ruhiy jarohatlar bilan yashamoqda.

Biroq Afg‘oniston aholisi baribir odatiy turmushini davom ettirish uchun jon-jahdi bilan harakat qilmoqda. Ular, navbatdagi terroristik xurujda qurbon bo‘lish xavfiga qaramay har kuni ishga qatnaydilar, ro‘zg‘or yumushlari bilan shug‘ullanadilar. Aksari afg‘oniylar hech qachon tinch mamlakatda yashamagan va dunyodagi hamma narsadan ko‘ra tinchlikni istaydilar.

Najibullo Zafariy sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirishining avj pallasida tug‘ilganini aytadi. Osuda hayot kechirish nimaligini mutlaqo bilmaydi u. Kunda sodir bo‘ladigan hujumlar, portlashlar va terrorchilar xuruji uning uchun allaqachon oddiy holga aylangan.

Zafariyning kichikroq mebel do‘koni bor. Kunlarning birida do‘koni yaqinida bomba portlagan edi. Joni omon qolgan bo‘lsa-da, o‘shandan beri bir ko‘zi ko‘rmaydi.

“40 yoshga kirib urushdan boshqasini ko‘rmadim. Ammo hayotimda do‘konim yonida portlash yuz bergan kundan dahshatliroq kun bo‘lmagan deb o‘ylayman. O‘shanda men urushning nimaligini o‘z tanamda his qildim. Ko‘z nurimdan ayrildim. Chap ko‘zim, bir necha marta jarrohlik amaliyoti qildirganimga qaramay hech vaqoni ko‘rmaydi”, hikoya qiladi Zafariy.

U o‘sha qo‘rqinchli voqea dam-badam tushiga kirishini va sovuq terga botib uyg‘onishini gapirib berdi. Aftidan, unga ko‘z muolajasi bilan birga, ruhiy yordam ham zarurga o‘xshaydi: har gal, shaharda portlash yuz berganida yigitda qattiq sarosima xuruj qiladi.

“Qo‘rquv hali-hamon bor, tunlari tiq etgan tovushdan uyg‘onib ketaman. Keyin ertalabga dovur uyqu kelmaydi. Nima ham qila olardim? Tirikchilik, oila boqish uchun pul kerak. O‘sha portlash qariyb bor-budimdan mahrum qilgandi. Hammasini qaytadan tiklashga to‘g‘ri keldi”, deydi u.

Kobullik Ali Podshohiy ham yaqinda terroristik xurujda jabrlangan. U jangarilar hamlasiga shundoqqina ishxonasi yonida yo‘liqdi. Yigitcha tinchlik haqida xayol surmagan kuni yo‘qligini aytadi. Biroq uning Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi ishonchi kun sayin so‘nib borayotir.

“Bilasizmi har tong, uyqudan uyg‘onganimda eng avval nima xayolimga keladi? Bu mamlakatda qachon tinchlik bo‘larkin, degan savol. Urushga ko‘nikib bo‘lmaydi, buning imkoni yo‘q. Ishonchim komil, bu yerda yashayotgan har bir inson “qachon tinch kunlarga yetarkinmiz” degan o‘y bilan uyg‘onadi”, deydi Podshohiy.

Prezident Jo Baydenning AQShda hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng qo‘ygan dastlabki qadamlaridan biri Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqib ketilishini e’lon qilish bo‘lgan edi. Mazkur jarayon, rejaga ko‘ra, 2021 - yil 11 - sentabrda yakunlanishi kerak. Biroq u sana yaqinlashgani sayin Afg‘onistonda rasmiy hukumat muxoliflari, birinchi galda “Tolibon” harakati vakillarining faolligi ortmoqda.

Afg‘onistondagi shahar yoshlari alg‘ov-dalg‘ov zamonlar yaqinlashayotganidan butkul umidsizlikka tushmaslik uchun madaniyat-ta’lim markazlariga qatnab musiqa, xorijiy tillar va san’atni o‘rganishmoqda yoki shunchaki kitob mutolaa qilishmoqda. Ushbu mashg‘ulotlar ularni shafqatsiz voqelikdan bir oz bo‘lsa-da, chalg‘itadi.

“Markazimizga odamlar osuda makon ilinjida keladigandek tuyuladi menga. Bu yerda ular asablarini tinchlantiradilar. Biz urushning shogirdlarimizga salbiy ta’sirini yumshatishga harakat qilamiz. Yoshlar uchun bu nihoyatda zarur. Axir ular kelgusida ezgu bir olamni barpo etishlari lozim. Va bunga faqat ta’lim orqali erishish mumkin”, deydi markazlardan birida gitara chalishdan saboq berayotgan Jamol Hoshimiy.

Madaniyat markazi xodimlari o‘zlari ham ko‘p yillik urushning ruhiyatga ta’siridan benasib qolishmaganini aytishadi. Ularning aksariyati aynan ishda xotirjam bo‘ladi. Mamlakatda vaziyat qaytadan keskinlashgan taqdirda nima qilishadi — buni ko‘pchiligi tasavvur ham qila olmaydi.

“Bu yerdan ko‘chib ketishdan ma’ni yo‘q. Qayerga ham borardik? Kimdir odamlarni ruhlantirib turishi kerak-ku. Biz odamlar “hamma bizni tashlab, qochib ketdi”, deb o‘ylamasliklari uchun ularga ijobiy bir muhit yaratishga intilamiz”, deydi muallima Sudoba Salaxshor.

Ekspertlar fikricha, bugungi kunda Afg‘oniston aholisining ruhiy ahvoli xiyla og‘ir. Poyonsiz urush ko‘plab odamlarni turli-tuman ruhiy xastaliklarga giriftor qilgan. Psixoterapevt Sharofiddin Azimiyga ko‘ra, hammadan ko‘ra terroristik xurujlar jabrdiydalariga qiyin.

“Afsuski, urush o‘zi bilan turfa ruhiy kasalliklarni olib keldi. Odamlar sarosima va qo‘rquvdan aziyat chekishmoqda, ruhiy dardmandlar soni kun sayin ortyapti. O‘zingiz ham tushunasiz, bunaqa kasallarga qo‘shilib ularning oila a’zolari, qo‘shnilari ham dard chekadi”, deydi Azimiy.

Doktor Azimiyning ta’kidlashicha, terrorchilar hujumida bevosita jabrlangan va ruhiyati urush tufayli shikastlangan afg‘oniylarning ko‘pi xastaligini va davomli muolajaga muhtojligini anglamaydi.

“Kishi terroristik xurujga guvoh bo‘lib, ko‘rgan hamma narsasini, hatto o‘shanda tuygani qon hidini uzoq vaqtgacha unuta olmayotgan bo‘lsa, uning ruhiyat buzilgan bo‘ladi, — deya tushuntiradi u. — Har qanday tovush ularning xotirasida o‘sha dahshatli onlarni jonlantirishi mumkin. Bunaqa odamlar uzoq davolanishi kerak. Afsuslar bo‘lsinki, terrorchilik xurujlari ko‘paygani sayin ruhiyati shikastlangan kishilar soni ortib bormoqda”.

XS
SM
MD
LG