Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:13

"Qabristonlarda joy qolmagan". Rossiyada o‘lim 1945 - yildan buyon eng yuqori darajaga chiqdi


Rossiyada so‘nggi 12 oyda vafot etganlar soni 2,4 milliondan oshib ketdi. Aholining tabiiy kamayishi ko‘rsatkichi esa, migratsiyani hisobga olmaganda, 990 ming kishidan ziyod bo‘lgan. O‘lim keskin ko‘payishi boshqa muammolarni ochib tashladi: morglar yetarli emas, dafn etish xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar esa o‘liklarni ko‘mib ulgurolmayapti. Jasadni o‘likxonadan olib, qabrga qo‘yish ba’zan ikki haftaga cho‘zilib ketmoqda.

Petrozavodsklik Viktoriya Sokolova onasi qazo qilganida uni dafn etish uchun bir haftadan ziyod kutganini aytadi. “Hamma yoqda navbat edi. Dafn etish agentligiga borsam, bittagina tobut bilan ikkita gulchambar qolgan ekan. Shu mening onamga nasib qildi”, deydi u.

Kareliyada koronavirus bilan kechgan so‘nggi ikki yilda o‘lim qariyb 40 foizga ko‘paygan. 2019 - yilda respublika bo‘yicha 8814 ta, ya’ni oyiga 735 o‘lim qayd etilgan bo‘lsa, 2021 - yilning to‘qqiz oyida 10 138 nafar – oyiga mingdan ortiq odam vafot etgan. Bu o‘rtacha oylik o‘lim ko‘rsatkichi 37 foizga o‘sganini bildiradi.

Respublika markazi Petrozavodskda vaziyat battar. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, shaharda o‘lim 48 foizga yoki ikki yilda bir yarim baravarga ko‘paygan.

Tez yordam feldsheri Olga chaykaning aytishicha, o‘limlarning asosiy sababi – koronavirus va uning oqibatlaridir.

“Bevosita infeksiyadan o‘layotganlar foiz hisobida uncha ko‘p emas, ammo kovid surunkali kasalliklarni zo‘raytiryapti: yurak-qon tomirlari, endokrin tizimi xastaliklari, insulьt va infarktlar ko‘paydi, shunga yarasha o‘lim hollari ham”, deydi u.

Tobut bor, lekin qabristonda joy qolmagan

Petrozavodskda o‘lim darajasi juda yuqoriligini munitsipal dafn etish tashkilotlarining rahbarlari ham tasdiqladi. Xususan, “Ritual” korxonasi direktori Sergey Grinenkoga ko‘ra, o‘lim ko‘paygani sababli ish jadvalini o‘zgartirishga majbur bo‘lishgan, ya’ni xodimlar har kuni odatdagidan bir necha soat ortiq ishlashyapti.

“Ilgari qabriston mudirlari qog‘ozlar bilan shug‘ullanishga vaqt topishardi, hozir esa ular xuddi konveyerdek ishlashyapti, bosh qashigani fursat yo‘q”, deydi Grinenko.

“Memorial” dafn qilish korxonasi rahbari Dmitriy Danilyev aytishicha, o‘lim ko‘pligi dafn etish korxonalari o‘rtasida ilgari bo‘lgan qaqshatqich raqobatga deyarli barham bergan.

“Hamma agentliklarning motam zallari tobutlarga to‘la. Jadvallarimiz juda tig‘iz. Ba’zan dam olish kunlari ham ishlayapmiz – ilgari bunaqasi hech bo‘lmagan. “Memorial” har kuni 3-4 marhumni ko‘madi, ba’zan faqat COVID-19 qurbonlarini dafn etyapmiz”, deydi Danilyev.

Rossiyaning boshqa mintaqalarida ham vaziyat deyarli bir xil. Kaliningrad viloyati dafn etish biznesi vakili Aleksey Tatarenkovga ko‘ra, dafn etish xizmatlari – so‘nggi ikki yilda barqaror rivojlanayotgan mamlakatda yagona soha bo‘lib qolgan.

“Ritual agentliklar soni bir yilda 20 foizga ko‘paydi. Yaxshi pul qilishyapti, ish boshdan oshgan. Pandemiyagacha odamlar suitsiddan, YTHdan, saratondan, yurak kasalidan o‘lishardi – endi ularga shuncha miqdorda kovid qurbonlari ham qo‘shildi”, urg‘ulaydi Ozodlik suhbatdoshi.

O‘tgan yili viloyatda tobutlar kamyob bo‘lib qoldi. Ilgari tobutlar Moskva, Novosibirsk va qo‘shni Polshadan keltirilardi. Kovid tufayli Polshada ham o‘lim ko‘paygach polyaklar tobut sotishni to‘xtatib qo‘yishdi. Natijada marhumlarning qarindoshlari tobut uchun bir necha kunlab navbatda turishiga to‘g‘ri keldi, dafn muddatlari esa ba’zan ikki haftaga cho‘zilar ekan. Bu yil Polsha ishlab chiqarish quvvatlarini oshirgan, tobutlar vaqtida kelib turibdi. Ammo boshqa muammo paydo bo‘lgan: qabristonlarda joy yetishmayapti.

“Bizda qabristonlarga qo‘shimcha yer sotmaslik haqida og‘zaki ko‘rsatma bor. Ammo bu dafn etish faoliyatiga doir federal qonunga zid. Aynan pandemiya davrida qabristonlarni kengaytirishni taqiqlab qo‘yishdi. O‘liklarni ko‘mgani yer yetishmayapti”, zorlanadi Tatarenkov.

Rossiya dafn etish tashkilotlari va krematoriylar ittifoqining ijrochi direktori Yelena Andreyevaga ko‘ra, mamlakatda ritual xizmatlar va jasadlarni saqlash bilan bog‘liq barcha infratuzilmalar, jumladan tibbiyot muassasalari – morglar ham kuchaytirilgan tartibda faoliyat olib bormoqda.

“Bunaqa muammo butun Rossiyada kuzatilyapti. Tarmoqning moddiy-texnik ahvoli yaxshi emas: morglar, murdalarni saqlash joylari yetishmaydi. Pandemiya tizimning barcha qusurlarini ochib tashladi”, deydi ekspert.

Tug‘ilish kamayib, o‘lim ko‘paygan

“Vedomosti” yozishicha, Rossiyada so‘nggi 12 oyda vafot etganlar soni 2,4 milliondan oshib ketgan. Aholining tabiiy kamayishi ko‘rsatkichi esa, migratsiyani hisobga olmaganda, 990 ming kishidan ziyod bo‘lgan. Bundan-da og‘ir vaziyat faqat Ikkinchi jahon urushi yillarida kuzatilgan: o‘shanda o‘lim ko‘rsatkichi 1000 kishiga 30-50 ta, ya’ni hozirgidan 2-3 baravar yuqori bo‘lgan.

“O‘limlarning kattagina qismi koronavirus qurbonlari hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Yana bir qiziq holat bor: pandemiya davrida alkogoldan o‘lganlar soni 3 ming kishiga, bangdorilardan o‘lim ham taxminan shunchaga ko‘paydi”, deya qayd etadi demograf Aleksey Raksha.

Mustaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada o‘lim sabablariga doir statistikani ishonchli deb bo‘lmaydi. Aksar hollarda vrach nima deb yozsa yoki unga nima deb yozishni buyurishsa, o‘lim sababi – o‘sha.

“Biroq umumiy manzarani yashira olishmaydi. O‘lim sabablari xususida qip-qizil yolg‘on gapirishyapti, ammo jami vafot etganlar soniga kelganda aldash deyarli imkonsiz”, deydi Raksha.

Вирус тарқаётган Москвада муҳожирлар бир нечта тиббиёт комплексларини қурмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:55 0:00

“Vedomosti” ma’lumotiga ko‘ra, 2021 - yilda Rossiyada o‘lim ko‘payishi bilan birga tug‘ilish kamayishi ham kuzatilmoqda. Bu ham kattagina raqam – so‘nggi bir yilda taxminan 43 mingta kam chaqaloq tug‘ilgan.

MDU sotsiologiya fakulteti oila va demografiya kafedrasi professori Aleksandr Sinelnikov bu holni pandemiyaning bilvosita ta’siri deb hisoblaydi.

“Kovid pandemiyasi boshlanganidan so‘ng odamlar oila qurishni keyinga qoldirishga majbur bo‘lishdi, ko‘plab ayollar homiladorlik davrida kasallik yuqtirishdan qo‘rqib, bola bo‘lib qolishidan saqlanib yurishdi”, deydi ekspert.

XS
SM
MD
LG