Линклар

Шошилинч хабар
09 декабр 2021, Тошкент вақти: 02:17

Qamoq, qiynoqlar va nomiga afv etish. Tojikiston hukumati tanqidchilarni qanday jazolamoqda?


Xo‘jako‘rsin amnistiyalar, mahkumlar qiynoqqa tutilishi haqidagi xabarlar, adolatsiz hukmlar – afsuski, Tojikiston hukumati siyosiy va jamoatchilik faollariga qarshi kurashda bu ibtidoiy va shafqatsiz choralarning hech biridan tap tortmaydi.

Tojikistonning sud tizimi hokimiyat muxoliflarini jazolovchi qurol o‘rnida qo‘llanilayotgani uchun ko‘pdan beri xalqaro huquqbonlik tashkilotlari tomonidan tanqid qilib kelinadi.

Bu tanqidlarning asosliligini tasdiqlovchi holatlar so‘nggi yillarda oz bo‘lmadi. Tojik sudlari va mulozimlarining hatto ko‘rsatgan rahm-shafqati ham rahm-shafqatga o‘xshamaydi.

Quyida Tojikiston amaliyotiga oid ana shunday eng ayanchli holatlar haqida hikoya qilinadi.

ADVOKAT

Advokat Buzurgmehr Yorov 2015 - yil sentabrda qo‘lga olingan edi. Ko‘p o‘tmay uni 28 yillik qamoq jazosiga hukm qildilar.

Joriy yilda Tojikistonda mamlakat mustaqilligiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan amnistiya e’lon qilindi.

Yorovning qamoq muddatini to‘rt yilga kamaytirdilar.

50 yoshli advokat sudda o‘z aybsizligini isbotlash imkoni yo‘q odamlarning himoyachisi o‘laroq tanilgan edi.

Advokat Buzurgmehr Yorov, 2016 - yil 19 - dekabr
Advokat Buzurgmehr Yorov, 2016 - yil 19 - dekabr

U Tojikiston Islomiy uyg‘onish partiyasi (TIUP) a’zolarini himoya qilgan. Bir vaqtlar ushbu partiya hokimiyatni bo‘lishish to‘g‘risida prezident Emomali Rahmon hukumati bilan bitim tuzgan va kelishuvga ko‘ra, hukumatdagi lavozimlarning 30 foiziga ushbu muxolifat vakillari tayinlanishi lozim edi. Ammo keyinchalik prezident Rahmon mazkur bitimga mamlakat nazoratini to‘liq o‘z qo‘liga olishi yo‘lidagi g‘ov sifatida qaray boshladi.

Yorov tadbirkor Zayd Saidovning advokati bo‘lgan o‘z hamkasbi Faxriddin Zokirovni ham himoya qilgan.

Saidov 2013 - yil aprelda “Tojikistoni Nav” (Yangi Tojikiston) nomli siyosiy partiyaga asos solgan edi. Dekabrda uni firibgarlik, ko‘pxotinlilik va jinsiy tajovuzda ayblashdi. Barcha ayblovlarga Saidovning siyosiy faoliyati sabab bo‘lganligi xalqaro huquqbonlik tashkilotlari tomonidan tan olingan.

Uning advokati Zokirov 2014 - yilning mart oyida qo‘lga olindi va hujjatlarni qalbakilashtirish ayblovi bilan sakkiz oyga qamoqqa jo‘natildi. Keyinroq uni amnistiya qilishdi.

Saidovning ikkinchi advokati Shuhrat Qudratov 2015 - yilda firibgarlik va poraxo‘rlikda ayblanib, to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etildi. Uning muddati ikki marta amnistiyada qisqartirildi va 2018 - yil avgustda advokat qamoqdan chiqdi.

2015 - yilning sentabr oyi boshlarida Tojikiston hukumati bir guruh harbiylar mudofaa vaziri o‘rinbosari, ko‘p yillar muqaddam Tojikiston Islomiy uyg‘onish partiyasiga bevosita aloqador bo‘lgan general-mayor Abduhalim Nazarzoda boshchiligida davlat to‘ntarishiga uringanini e’lon qildi.

TIUP darhol davlat to‘ntarishiga aloqadorlikda ayblanib, ekstremistik tashkilot deb topildi va uning faoliyati taqiqlandi.

Partiyaning Tojikistonda bo‘lgan barcha rahbarlari qo‘lga olinib, uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilindi.

Yorov TIUP rahbariyatidan ayrim kishilarning huquqlarini himoya qilishga chog‘landi. 2015 - yil 28 - sentabrdagi intervyusida u himoyasidagi mahbuslardan biri qiynoqqa solinganini aytdi.

Ertasiga‑yoq Yorovni go‘yoki 2010 - yilda firibgarlik qilgani uchun qo‘lga olishdi.

Dastlab unga 23 yil berishgan edi, keyingi ikki mahkama jarayonida muddatiga yana besh yil qo‘shildi.

Sud muhokamalaridan birida Yorovning XI asrda yashab o‘tgan mashhur tabib va mutafakkir Ibn Sinodan iqtibos keltirishi “sudga hurmatsizlik” deya baholanib, unga ikki yil muddat qo‘shib berilgan edi.

Xalqaro huquqbonlik tashkilotlari qo‘lga olishdan tortib hukm o‘qilishigacha – butun sud jarayonini qoralab chiqdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi huzuridagi O‘zboshimchalik bilan qamashlar bo‘yicha ishchi guruhning 2019 - yil iyundagi xulosasida shunday deyiladi: “Ishning barcha jihatlarini hisobga olganda janob Yorovni zudlik bilan ozod etish va unga tovon undirish va boshqa yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish huquqini berish huquqiy himoyaning eng maqbul vositasi bo‘lur edi”.

2019 - yilda Yorovning qamoq muddati amnistiya orqali yana olti yarim yilga qisqartirildi. To‘rt yil o‘tirganini ham qo‘shsak, uning qamoq muddati tugashiga yana 11.5 yil qoldi. Ya’ni, advokat ozodlikka chiqqanida 61 yoshga to‘lgan bo‘ladi.

MUXOLIFAT ARBOBI

Mahmurod Odinayev – muxolifatdagi Sotsial-demokratik partiya (SDP) raisining o‘rinbosari.

SDP esa bugungi kundaTojikistonda mavjud yagona muxolifatdagi partiya sanaladi.

Odinayev qamoqda, u 14 yilga hukm qilingan. Yaqinda e’lon qilingan amnistiyada uning muddatidan uch yil chegirib tashlandi.

Mahmurod Odinayev – muxolifatdagi Sotsial-demokratik partiya (SDP) raisining o‘rinbosari.
Mahmurod Odinayev – muxolifatdagi Sotsial-demokratik partiya (SDP) raisining o‘rinbosari.

2020 - yil noyabrda Odinayev o‘zining “Facebook”dagi sahifasi orqali Dushanbe shahri hokimi, Tojikiston prezidentining o‘g‘li Rustam Emomaliga murojaat qilib, uni SDPning oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishiga qarshi miting o‘tkazishiga ruxsat berishga chaqirgan edi.

Shundan so‘ng 20 - noyabr kuni to‘satdan Odinayev g‘oyib bo‘ldi. 5 - dekabrdagina prokuratura uning hibsga olinganini tasdiqladi.

2021 - yilning yanvar oyi oxirida Odinaev bezorilikda va ekstremizmga da’vat qilishda ayblanib, qamoq jazosiga hukm etildi – ayblovga uning norozilik aksiyasi o‘tkazishga ruxsat berishni so‘rab yozgan arizasi asos qilib olindi.

Uning o‘g‘li Habibullo Rizoyev ham ishda ayblanuvchi sifatida qatnashdi. Unga 58 ming somoniy (taxminan besh ming AQSh dollari) jarima solindi.

2021 - yil martida Odinayevning boshqa o‘g‘li – Shayxmuslihiddin Rizoyev bezorilik va jinsiy tajovuzga urinishda ayblanib, olti yarim yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mahmurod Odinayev (chapda) va uning o‘g‘li Shayxmuslihiddin Rizoyev
Mahmurod Odinayev (chapda) va uning o‘g‘li Shayxmuslihiddin Rizoyev

Oktabrda 59 yoshli Odinayev qamoq muddatini umumiy afv orqali kamaytirishi mumkin bo‘lgan hujjatlarga imzo chekishdan bosh tortdi. U hech qachon noqonuniy xatti-harakat qilmaganini va asossiz qamalganini aytib, uni darhol ozod etish va to‘liq reabilitatsiya qilish qarorinigina qabul qila olishini bildirdi.

ChO‘YAN CHOYNAK

2015 - yil sentabrida davlat to‘ntarishini amalga oshirishda uringanlikda ayblanib, qamoq muddatini o‘tayotgan TIUPning to‘rt nafar a’zosi 2021- yilning sentabr oyi o‘rtalarida qamoqdan jamoatchilikka maktub yo‘llab, unda yana bir bor o‘zlarining aybsizliklarini bildirishdi va ularning ishi xalqaro ekspertlar ishtirokida ko‘rilishini iltimos qilishdi.

Bu to‘rtovlon – 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Zubaydullohi Roziq; 16 yilga “kesilgan” Hikmatulla Sayfullozoda; 28 yilga qamalgan Rahmatullo Rajab hamda 23 yilga qamalgan Muhammadali Fayzmuhammad.

Maktub quvg‘indagi tojik muxolifati Siyosiy mahkumlar kunini nishonlaydigan 16 - sentabrda e’lon qilindi.

Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi a’zosi Rahmatullo Rajab
Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi a’zosi Rahmatullo Rajab

Tojik hukumati chaqiriqni nazar-pisand qilmadi. Dushanbe rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Sentabr oyi oxirlarida, qamoq kasalxonasida davolanayotgan 70 yoshli Sayfullozodaga hujum qilishgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. U iyun oyida yuragida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganidan beri qamoqxona tibbiyot bo‘limida yotgan edi.

Sayfullozoda qamoqda qiynoqqa solingani xususida xavotirlar paydo bo‘ldi.

8 - oktabr kuni adliya vazirligi bayonot bilan chiqib, mahkum qiynoqqa tutilgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi.

Vazirlik Sayfullozodaga hujum qilinganini tasdiqladi, ammo hujum qiluvchi boshqa bir mahkum ekanini iddao qildi. Boz ustiga, u oddiy mahkum emas, balki TIUPga rahbarlik qilgan va fuqarolik urushida hukumatga qarshi kurashgan guruh – Birlashgan tojik muxolifatining sobiq a’zosi ekanini bildirdi.

Qarindoshlarining so‘zlariga ko‘ra, mahkum Sayfullozoda yotgan xonaga kirib, uning boshiga cho‘yan choynak bilan urgan.

Qamoqxonadan chiqqan murojaat maktubi mualliflaridan yana biri – Rahmatullo Rajab ham hujumga uchragani haqida xabar qilindi.

Rajabning qarindoshlari oktabr oyi boshlarida unga tig‘ bilan hujum qilishganidan xabar topganlarini aytishdi.

Ular aniq ma’lumot olish uchun Vahdatdagi qamoqxonaga ham borishganida ma’muriyat uchrashuvga ruxsat bermagan, ammo Rajab bilan telefon orqali so‘zlashtirgan.

Qarindoshlar Rajab hujumga yo‘liqqanini inkor etganini, lekin juda ehtiyot bo‘lib gapirganini aytishgan. Ular telefonda so‘zlashayotgan paytda Rajabning yonida kimdir turgandek tuyulgan.

Qamoqxona xodimlari Rajab mahkumlikda qiynoqqa solinganini inkor qilganlar.

Keyinroq Tojikiston ombudsmeni Umed Bobozoda qamoqxonaga borib, Sayfullozoda, Rajab va TIUP a’zosi bo‘lmish Abduqahhor Davlatov ismli yana bir mahkumning ahvolidan xabar oldi.

Bobozodaga ko‘ra, Rajab va Davlatov ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanganini rad etishgan, Sayfullozoda esa hujumga uchraganini tasdiqlagan, ammo hujum qilgan odam qamoqxona xodimi emasligini bildirgan.

Biroq ushbu ayblov yoki xabarlar mustaqil ravishda tasdiqlanmadi, barcha axborot qamoqxona ma’muriyati va ombudsman orqali yoyinlandi.

Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi yig‘ilishi¸ 2015 - yil 12 - mart
Tojikiston islom uyg‘onish partiyasi yig‘ilishi¸ 2015 - yil 12 - mart

HUQUQBON

Izzat Amon 1996 - yildan beri Rossiyada yashar va u yerda tojik mehnat migrantlarini dastaklardi.

2000 - yilda Amon Moskvada tojiklar uchun Markaz tashkil qilib, migrant vatandoshlariga Rossiyada ro‘yxatdan o‘tish, ishga joylashish, turar-joy topishda ko‘maklasha boshladi, shuningdek, huquqiy muammolarga duch kelganlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi.

Tojikistondagi 2020 - yilgi parlament saylovi arafasida Amon siyosiy partiya tuzish va saylovda ishtirok etish niyatida ekanini e’lon qildi. Ammo ko‘p o‘tmay qonunga muvofiq, nomzodlar saylovgacha kamida 10 yil Tojikistonda istiqomat qilishi lozimligini vaj qilib, bu g‘oyadan voz kechdi.

Amon Tojikiston rasmiylarini tez-tez tanqid qilib, ularni Rossiyada qora ishlarda ishlab, vataniga pul jo‘natib turadigan mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish masalalarida Rossiya hukumat idoralariga qarshi turishga layoqatsizlikda ayblardi.

2021 - yil 25 - martida Rossiya huquq-tartibot idoralari Amonni qo‘lga olib, Tojikistonga deportatsiya qildi – vatanida esa uni Rossiyadagi ish faoliyati bilan bog‘liq firibgarlikda aybladilar.

19 - oktabr kuni sud Amonni aybdor deb topib, to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etdi.

Bu ishlarning barchasida bitta umumiy jihat mavjud – barcha mustaqil kuzatuvchilar, xalqaro huquqbonlik tashkilotlari, advokatlik birlashmalari va sud jarayoni guvohlari ishni sudda ko‘rish chog‘ida va hukm chiqarishda mahkumlarning huquqlari poymol qilinganini ta’kidlaganlar.

XS
SM
MD
LG