Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 00:24

Qamoqdagi bloger Otabek Sattoriyga yangi ayblar qo‘yildi. U 1 oydan buyon yaqinlariga ko‘rsatilmayapti


Otabek Sattoriy Telegram va YouTube portalidagi “Xalq fikri” videoblogidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan
Otabek Sattoriy Telegram va YouTube portalidagi “Xalq fikri” videoblogidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan

Shu yilning 30 - yanvar kuni tovlamachilikda gumon qilinib hibsga olingan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyga nisbatan Jinoyat kodeksining 39-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (Tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Haqorat qilish) bilan yangi ayblov e’lon qilingan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti 1 - mart kuni tarqatgan xabarda aytilishicha, yangi ayblar 24 - fevral kuni qo‘yilgan va shu kuni Sattoriy ustidan dastlabki tergov jarayoni yakunlangan.

Yaqinlari Otabek Sattoriyning 1 oydan buyon o‘zlariga ko‘rsatilmayotganini aytishmoqda. Opasi Farangiz Alimovaning 1 - mart kuni Ozodlikka aytishicha, u ukasiga nisbatan ilgari surilgan yangi ayblovdan bexabar.

"Shanba kuni advokat bilan gaplashdik. U ham yangi ayblov haqida indamadi. Ayblov xulosasini hali bermabdi. Prokuror qo‘l qo‘ymagan ekan. Har-xil odamlar bizga kelib, Otabekka qarshi ko‘rsatma ber deyishayotganini aytib berishdi", - dedi Farangiz Alimova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Otabek Sattoriy 15 kun davomida Termizdagi tergov hibsxonasida saqlangan, keyin qamoqxonaga o‘tkazilgan.

"Hech narsa bilmaymiz. Dadam uchrashuv so‘rab, telefon qilsa, tergovda ko‘rish mumkinmas, deb aytishdi", - dedi Ozodlikka Farangiz Alimova.

Otabek Sattoriy Telegram va YouTube portalidagi “Xalq fikri” videoblogidagi tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan.

U 30 - yanvar kuni soat 17 larda Termizdagi uyidan fuqaro kiyimidagi xodimlar tomonidan olib ketilgandi. Shu kuni kechqurun soat 10 da, yaqinlarining aytishicha, Otabek Sattoriyning xonadonida tintuv o‘tkazilgan. Sattoriyga qarashli ikkita kompyuter protsessori, kurtkasi, 5 ta fleshka hamda o‘g‘lining o‘yin o‘ynaydigan plansheti olib ketilgan. Ichki ishlar vazirligi Sattoriyning tovlamachilikda gumon qilinayotganini aytgan va u blogerlik faoliyati uchun ta’qib qilinayotgani haqidagi farazlarni rad etgan.

1 - fevral kuni Surxondaryo IIBda o‘tgan yopiq mahkama Otabek Sattoriyga nisbatan qamoq ehtiyot chorasini belgilagan. Yaqinlariga ko‘ra, 3 - fevral kuni viloyat sudi binosida o‘tgan ikkinchi yopiq mahkamada advokatning ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqidagi talabi rad etilgan.

"To‘ldirilgan" ayblov

Tergovning iddao qilishicha, hozirda qamoqda saqlanayotgan 41 yashar Otabek Sattoriy 2020 - yilning iyun oyidan 2021 - yilning yanvar oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida “fuqarolarning sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarini oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkini, mulkiy huquqini topshirishini, mulkiy manfaatlar berishini, mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishini talab qilib” kelgani aniqlangan.

“Olib borilgan tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 2021 - yilning 24 - fevral kuni Sattoriy Otabek Abdumanonzodaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari va 3-qismi “a” bandi (Tovlamachilik), 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (Tuhmat) hamda 140-moddasi 3-qismi “a” bandi (Haqorat qilish) bilan avvalgi ayblov to‘ldirilib, shu kuni dastlabki tergov tamomlangan”,-deyiladi rasmiy bildiruvda.

Termiz shahar sudining 1 - fevral kuni chiqargan ajrimida bloger Sherobod tumanidagi dehqon bozori rahbarini bozordagi kamchiliklar tasvirga tushirilgan videoni tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, yangi telefon ta’ma qilgani haqida so‘z boradi.

Ammo yaqinlari bloger , o‘tgan yil dekabrida bozordagi salbiy holatlarni o‘rganish chog‘ida hujumga uchraganini aytishmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hujum vaqtida Otabek Sattoriyning telefoni sindirilgan.

IIV Tergov departamenti blogerga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yuzasidan rasmiy xabarda keltirgan ayblov epizodini deputat Rasul Kusherboyev ham savol ostiga olgan.

"Otabek bir necha oy oldin jamoatchilik nazorati uchun Sherobod tumanidagi bozorda narx-navolarni telefoniga tushirayotganida bozorning bir nechta zo‘ravon xodimlari kelib, urib ust-boshini yirtib, telefonini sindirib tashlashgan.

Keyin u IIBga ariza berib, o‘sha zahoti bozordagi «zo‘ravonlik» bo‘yicha tuman hokimiga uchrashgan. Tuman hokimi Otabekka bu voqealarni internetga chiqarmaslikni iltimos qilib, unga sindirilgan telefon o‘rniga tovon tariqasida yangi telefon olib berishlarini va shu yo‘l bilan yetkazilgan zarar qoplanishini va’da bergan ekan", deb yozgan Kusherboyev 5 - fevral kuni o‘zining Telegram kanalida.

Otabek Sattoriyning opasi Farangiz Alimovaning 1 - mart kuni Ozodlikka aytishicha, uning onasi hamda kelini, Sattoriyning ayoli Nargiza Jabborova Sheroboddagi hodisa yuzasidan tergovga chaqirilgan. "Tergovchi ulardan Sherobod bozorida nima bo‘lgan, haqiqatan telefonini sindirishganmi, deb so‘rabdi. Yaxshi muomala qilibdi", - dedi Ozodlikka Farangiz Alimova.

Yaqinlari Otabek Sattoriyga qo‘yilgan ayblarni bevosita uning blogerlik faoliyati bilan bog‘lashadi.

"U korrupsiyaga va korrupsionerlarga qarshi chiqishlar qildi, xalqning ijtimoiy muammolarini ko‘tarib chiqdi, ularni ijtimoiy himoya qilishga bel bog‘lagandi. Uning barcha chiqishlari prezidentning korrupsiyaga qarshi kurashga doir qarori doirasida edi. Lekin afsuski, oxiri mana shunday voy bo‘lib o‘tiribdi”, - deb aytgan qamoqdagi blogerning otasi Abdumannon Sattoriy 9 - fevral kuni Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni paytda yaqinlarining aytishicha, Otabek Sattoriyning advokati Shavkat Shokirov ularga noma’lum sabablarga ko‘ra, "ishni sudgacha olib borolmasligi"ni aytgan. Yaqinlari yangi advokat yollashga harakat qilishayotganini aytishdi. Ozodlik advokat Shokirovga hozircha bog‘lana olmadi.

Xalqaro chaqiriqlar

Parijda joylashgan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti blogerga qarshi jinoyat ishi Surxondaryodagi korrupsiya holatlarini yashirish maqsadida uydirilgan ayblovlardan iborat"ligini aytgan.

11 - fevral kuni e’lon qilingan bayonotda tashkilot O‘zbekiston rasmiylarini " blogerni zudlik bilan ozod qilib, unga qarshi barcha mahkamalarni to‘xtatishga" chaqirgan.

Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi - CPJ O‘zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi. Tashkilotning ishonishicha, bloger korruptsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa olingan.

Hyuman Raytch Uotch inson huquqlari tashkiloti 15 - fevral kungi bayonotida Sattoriyga qarshi "shubhali jinoiyat ishi O‘zbekistondagi so‘z erkinligiga zarba" ekanini aytgan. Tashkilot Sattoriyni tergov hibsxonasidan ozod qilishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG