Линклар

Шошилинч хабар
04 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:25

Qatl hukmi ijrosini 56 yil kutgan yaponiyalik oqlandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

26-sentyabr kuni Yaponiya sudi qariyb 60 yil avval qotillikda ayblanib o‘lim jazosiga hukm qilingan Ivao Xakamadani oqladi.

Ayni paytda 88 yoshga to‘lgan Xakamada 1968-yili boshlig‘i, uning rafiqasi va ikki farzandini o‘ldirish, shuningdek, uning uyini yoqib yuborishda ayblanib, osib o‘ldirishga hukm qilingan edi.

Dastavval ayblovni bo‘yniga olgan yaponiyalik keyinroq tergov jarayonida unga nisbatan qiynoq qo‘llangani aytib ko‘rsatmalaridan voz kechgan.

Ivao Xakamada qamoqda 56 yil davomida hukm ijrosini kutdi. Bu qatlga hukm etilganlar orasida qayd etilgan eng uzoq muddatdir.

2014-yili jinoyat ishiga doir yangi faktlar o‘rtaga chiqqach, ish qayta tergovga yuborildi, Xakamada esa ozodlikka chiqarildi.

Oradan o‘n yil o‘tib, mahkama sudlanuvchiga nisbatan qo‘yilgan ayblovni soxta va asossiz deb topdi. Sud qarorida, xususan, Xakamadadan jismoniy va ruhiy tazyiq orqali iqrorlik ko‘rsatmasi olingani qayd etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, qonga bo‘yalgan libosdagi DNK namunasi ayblanuvchiga oid bo‘lmagan, tergovchilar ko‘ylakni qonga tekizib jinoyat joyiga tashlab qo‘ygan.

Uzoq yillik tutqunlikda jismoniy va ruhiy salomatligi izdan chiqqan Ivao Xakamadaning o‘zi sud majlisida qatnashmagan. Mahkamada uning manfaatlarini 91 yoshli opasi Xideko Xakamada himoya qilgan.

XS
SM
MD
LG