Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:45

“Qaynotam nomusimga tajovuz qilmoqchi bo‘lgan”. Suitsidni boshidan kechirganlar hikoyalari


Qozog‘iston dunyoda suitsidlar ko‘rsatkichi eng yuqori mamlakatlar o‘ntaligiga kiradi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1-choragida Qozog‘istonda mingdan ziyod kishi o‘zini o‘ldirgan, 1625 kishi o‘z joniga qasd qilishga uringan.

Bolalar va yoshlarga oid raqamlar ham juda xavotirli: o‘tgan yili 300 dan ortiq bola va o‘smir o‘zini o‘ldirishga harakat qilgan, shundan 144 nafari shuning natijasida vafot etgan. 2021 - yil boshidan beri yoshlar orasida 248 ta suitsidga urinish hollari qayd qilingan bo‘lib, shundan 48 tasi o‘lim bilan tugagan...

“Ozodlik”ning qozoq xizmati o‘z joniga qasd qilishga urinishdan so‘ng omon qolgan yoshlar bilan uchrashib, hikoyalarini yozib oldi. Ularning barchasi o‘limni “mushkul vaziyatda yagona chora” deb bilganini, ammo keyinchalik muammolarni hal qilishning boshqa yo‘llari hamisha mavjudligini anglaganini tan olgan.

Eslatma: maqoladagi barcha qahramonlarning ismlari o‘zgartirilgan.

“Hayotning qadrini o‘lim yoqasida tushundim”

Akmaral, 19 yosh

“Bu voqea ikki yil muqaddam bo‘lgan. O‘shanda 17 yoshda edim. Jahl ustida qilganman bu ishni.

Sinfdoshim bilan bir-birimizni yoqtirardik. Onamning qarshiligiga qaramay uchrashardim u bilan. Bilib qolgach juda qattiq koyidi. Kunlarning birida onam bilan urishayotganimizda, singlim kirib qoldi. Uning oldida yomon izza bo‘ldim. Sinfdoshim bilan ko‘rishishimni taqiqlab qo‘ygani uchun emas, aynan singlimning yonida meni xo‘rlagani uchun alamzada edim onamdan.

Meni hech kim tushunishni xohlamaydi, degan fikrga keldim va, o‘ylab ham o‘tirmay, uyqu oldidan bir nechta habdorini shartta yutdim. Ertalab qayt qildim, meni tezda kasalxonaga olib borishdi. Shundagina hamma bildi nima bo‘lganini. Onam boshimni silab: “Arzimas narsalarni ko‘nglingga olaversang, qanday yashaysan? Hayot shunaqa, sabrli bo‘lish kerak, qizim”, dedi. Dadam urishmadi, shunchaki, jimgina menga suyanchiq bo‘ldi. Shunda ko‘zim “yarq” etib ochildi. Xatoyimni angladim. Hozir ota-onam o‘sha qilmishim uchun gunohimdan o‘tishlari haqida o‘ylayman faqat.

Hayotning qadrini go‘r yoqasiga borib qolganimda tushundim. Kasalxonada yotganimda naqadar ojiz va havoyi ekanimni o‘ylarkanman, uyatdan yerga kirib ketishga rozi bo‘lardim.

Ochig‘i, hozir ham g‘am-tashvishsiz yashayotganim yo‘q, ammo endi bu o‘tkinchi ekanini bilaman. Muammo faqat menda emasligini, har kimning o‘ziga yarasha tashvishi borligini, sabr qilish va kurashish zarurligini tushunaman. Hozir universitetda o‘qiyapman. Davlat grantiga o‘qishga kirganimda ota-onamning boshlari ko‘kka yetdi”.

“Kattalar bolalarning muammolarini pisand qilishmaydi”

To‘lqin, 23 yosh

“Maktabda o‘qib yurganimda partadosh dugonam, qo‘shnimiz o‘z joniga qasd qilib o‘lgan. 12-13 yoshlarda edik. U o‘lgan kuni onam meni do‘konga yubordi. Qosh qorayib qolgani uchun dugonamdan iltimos qildim, birga borib-keldik.

Ertasiga u maktabga bormadi. Hayron bo‘ldim, behudaga sira dars qoldirmasdi-da. Darslar tugagach sinf rahbarimiz kirib, uning vafot etganini xabar qildi. Yig‘lagancha uyga qaytdim, uning o‘lganiga ishongim kelmasdi. Sumkamni yo‘lga otib yuborib, dugonamning uyiga bordim. Men uchun dahshatli zarba bo‘lgan edi bu.

Sho‘x-shodon qizaloq edim, shu voqeadan so‘ng damdo‘z bo‘lib qoldim. O‘zimni uning o‘limida qisman aybdor his qila boshladim. Fe’l-atvorim o‘zgardi. Maktabimdan bezdim.

Yuqori sinflarda ota-onamga meni shahar maktabiga o‘tkazishni iltimos qildim. Shahardagi eng yaxshi maktabga tanlov bilan qabul qilingan bo‘lsam-da, qishloqda yashaganim sababli bilimim sinfdoshlarimnikidan past edi baribir. O‘zlashtirishim susayib ketdi. Bu ham qo‘shimcha stress bo‘ldi. Boz ustiga, men o‘z chiroyimdan qoniqmasdim, bir necha yil burun ilk muhabbatim rad qilingandi, ota-onam men istagancha mehr bera olmasdi.

Qaysidir lahzada o‘zimni hech kimga keraksiz deb his qildim. O‘zimni o‘ldirishga jazm etdim. Qog‘oz kesadigan pakkicha bilan vena tomirimni qirqmoqchi bo‘ldim. Xudoga shukrki, katta tomirga yetmabdi. Qon oqa boshlaganida birdan miyam ishga tushdi. Darhol qo‘limni sochiq bilan bog‘lab, “medpunkt”ga bordim.

Boshqalardan ko‘mak so‘rashga va ko‘makni qabul qilishga tayyorligim vaziyatdan chiqishimda juda qo‘l keldi. Ayniqsa, maktabimiz psixologidan va sinf rahbarimizdan behad minnatdorman. Ular bolaligimda yuz bergan fojia uchun men aybdor emasligimni tushuntirishdi, menga o‘z muammolarim haqida ochiq gapirishga, ularni yashirmaslikka o‘rgatishdi”.

Ehtimoliy fojia alomatlarini ko‘ra bilish kerak

Svetlana Bogatireva, psixolog

“Barcha maktab o‘qituvchilari va ota-onalar suitsid xavfi belgilaridan voqif bo‘lishlari shart. O‘z joniga qasd qilish ko‘yiga tushganlarda mutaassibchilik kayfiyati yuqori bo‘ladi. Kimdir shu ishni qilganini eshitsalar, “bu mening ham qo‘limdan keladi”, deb o‘ylashadi ular.

Shunday ekan, ota-onalar o‘z farzandlarining xulq-atvori, kun tartibi, muloqot doirasi, odatlaridan boxabar bo‘lib turishlari kerak. Agar bola birdaniga ruhsiz bo‘lib qolsa, o‘z qobig‘iga o‘ralib olishga intilsa, pana-panada yig‘lab olsa yoki, aksincha, haddan ortiq faol va sergap bo‘lib qolsa, hushyor tortib, ularni kuzatish lozim.

O‘zini o‘ldiradigan odam bu haqda birovga aytmaydi, deyishadi. Bo‘lmagan gap! Ular albatta ishora beradi. Oxirigacha bizga “signal” yo‘llashadi va yordamimizdan umidvor bo‘lishadi. Bu ilmiy isbotlangan. “Yaqinda men bu yerdan ketaman”, “Hademay mendan qutulasizlar” degan gaplar ehtimoliy fojiadan darakdir. Ayrim bolalar suitsidga qo‘l urishdan oldin yoqtirgan buyumlarini birovlarga ulasha boshlaydi yoki ko‘r-ko‘rona o‘zini xatarli vaziyatlarda qoldiradi. Shu orqali o‘zi bilmagan holda atrofdagilarga ahvoli yaxshi emasligini bildiradi. Kattalar esa buni ko‘ra bilishlari kerak.”

“Inson baxtli bo‘lmoq uchun dunyoga keladi”

Araylim, 25 yosh

“Uchinchi sinfdaligimda ota-onam meni buvimning qaramog‘iga topshirgandi. Bir necha yil o‘tgach buvim oyoqdan qoldi, unga g‘amxo‘rlik qilish esa mening zimmamga tushdi. Ota-onam bizdan ahyon-ahyonda xabar olishardi. Shu tariqa ulardan uzoqlasha, begonalasha boshladim.

Yettinchi sinfda ekanman, bir sinfdoshimiz o‘z joniga qasd qildi. Kuz, noyabr oylari edi. U qiz kasalmand, bir necha jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan bo‘lsa-da, a’lochi edi. Men uni sinfdoshlarimiz aksariyati yakkalab qo‘ygani, muntazam kamsitishgani uchun o‘zini o‘ldirdi, deb o‘ylayman.

O‘shandan beri miyamda suitsid xayollari charx ura boshladi: “Hamma narsadan voz kechib, o‘zimni o‘ldiraman”, “Mendan qutulsa, dunyo yengil nafas oladi”, “Jonimga qasd qilsam, onam meni yaxshi ko‘rishini tushunib, afsus-nadomat chekadi”.

To‘qqizinchi sinfda meni boshqa sinfga ko‘chirishdi. Yangi sinfdoshlarim meni o‘z davralariga qo‘shishmadi. Shunday kunlarning birida onam yaqinda kelganida so‘ziga kirmaganim uchun menga qo‘l ko‘targanini esladim. Tokchada buvimning dorilari turgan edi – validoldan bir necha tabletkani yutib yubordim: “Mana endi mensiz yashaydigan bo‘ldinglar”. Dori oppa-oson o‘ldirsa kerak, qalbim halovat topadigan bo‘ldi, deb kutgandim. Yo‘q, hech nima qilmadi.

Hozir o‘sha ishim hayotimdagi eng katta ahmoqlik bo‘lib tuyuladi. Afsusdaman, albatta.

Bu haqda hech kimga og‘iz ochmadim. Maktabimizdagi psixologimizdan boshqa. U menga ko‘p yordam berdi. Uning maslahati bilan, o‘zimni chalg‘itish uchun kundalik tutishni, kitob o‘qishni odat qildim. Nafi tegdi. Yomon xayollardan qochib kitoblardan panoh topaman, asarlardagi qahramonlar bilan pinhona dardlashaman... Tushkunlikka tushgan paytlarimda ba’zan she’r yozib turaman.

Kitoblar tufayli hayot o‘limdan afzalligini angladim. Inson baxtli bo‘lish uchun dunyoga keladi”.

“Bolam meni o‘limdan saqlab qoldi”

Jamal, 30 yosh

“Men bir necha marta o‘z jonimga qasd qilmoqchi bo‘lganman. Oxirgi marta o‘zimni mashina ostiga otmoqchi edim. O‘sha onda tuyqus bolalarim yodimga tushib, fikrimdan qaytdim. Ularni yolg‘iz qoldirib ketishga haqim yo‘q.

Erim bilan ajrashganimizga to‘rt yil bo‘ldi. Ikki o‘g‘lim, bir qizim bor. Otasi aliment to‘lamaydi. Doimiy daromadim yo‘q, qo‘l uchida kun kechiramiz.

20 yoshimda katta oilaga kelin bo‘lib tushdim. Qaynotam ichkilikboz, buzuq odam edi, uyda ikkimiz qolganimizda menga tirg‘alardi. Bir safar zo‘rlamoqchi bo‘lganida bazo‘r qochib qutulganman.

Ilk daf’a o‘shanda o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘luvdim. Do‘kondan kir yoyiladigan chilvir sotib olib, o‘zimni osishga qaror qildim. Shu xayolda kech kirishini kutar ekanman, qornimda bolam qimirlayotganini sezdim. Homilador ekanman! Farzandim meni o‘limdan saqlab qoldi.

Alohida yashay boshlaganimizdan so‘ng maishatboz qaynotamdan qutuldim‑u, ammo turmush o‘rtog‘imdan baribir yolchimadim. Ro‘zg‘or uchun mutlaqo jon koyitmas, beg‘am edi. Gohida meni norasidalarim bilan yolg‘iz qoldirgancha oylab dom-daraksiz ketardi. Keyin bilsam, bir emas, ikki xotini bor ekan yana!..

Xo‘rligim keldi, bolalarimni olib nogiron onamning yoniga qaytdim. Bu ham yetmagandek, singlim saraton kasaliga chalinibdi... Holimiz nihoyatda ayanchli. Ammo o‘zimni o‘ldirish niyatim ortiq yo‘q, Xudo saqlasin. Farzandlarimni voyaga yetkazishim kerak. Hozir ijtimoiy nafaqaga hujjat tayyorlayapman. Keyin kenja o‘g‘limni bog‘chaga joylab, o‘zimga ish qidiraman. Nima ish bo‘lsa qilaman, mehnatdan qochmayman.

O‘lim haqidagi o‘y-xayollardan butkul forig‘ bo‘lish uchun yaqindan beri namoz o‘qiy boshladim”.

“Asosiy sabablar – yolg‘izlik va norozilik”

Anna Kudiyarova, Qozog‘iston psixoanalitiklar uyushmasi prezidenti

“Inson ongli ravishda yashashdan voz kechishining sabablaridan biri yolg‘izlikdir. Ojizlik, keraksizlik, tanholik hissi kishini tushkunlikka soladi. Va u shuncha iztirob chekkandan ko‘ra o‘zimni o‘ldirganim ma’qul, deb o‘ylay boshlaydi. Agar yaqinlari uning yolg‘iz va odamovi bo‘lib qolgani sabablarini aniqlab, chora ko‘rmasalar, bu fojiaga aylanishi mumkin.

Ayrim hollarda suitsidga norozilik hissi sabab bo‘ladi – bu ayniqsa, bolalar va yoshlar orasida uchraydi ko‘proq. Bolalar ota-onalaridan, maktabdagi munosabatdan noroziliklarini shu yo‘sin bildirishadi, jonlariga qasd qilish bilan o‘zlariga ozor berganlarni go‘yo “jazolamoqchi bo‘lishadi”, shu yo‘l orqali ularni “o‘z gunohlaridan o‘kinishga” majbur qilishni xohlashadi.”

XS
SM
MD
LG