Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:09

Qibrayda gaz portlab, ota va o‘g‘il o‘ldi. Yana ikki hududda 9 kishi is gazidan zaharlandi


Namangan viloyati Chust shahrida gaz portlashi oqibatida vayronaga aylangan uy, hodisada 1 kishi o‘lgan (2015 - yil). Tabiiy gaz va elektr taqchilligi bois, bunday fojialar kuz-qish mavsumida mamlakatda tez-tez kuzatiladi. (Illyustrativ surat)
Namangan viloyati Chust shahrida gaz portlashi oqibatida vayronaga aylangan uy, hodisada 1 kishi o‘lgan (2015 - yil). Tabiiy gaz va elektr taqchilligi bois, bunday fojialar kuz-qish mavsumida mamlakatda tez-tez kuzatiladi. (Illyustrativ surat)

So‘nggi kunlarda 9 kishining is gazidan zaharlangani, 2 kishining gaz-havo aralashmasidagi chaqnash oqibatida yuz bergan portlashda o‘lgani rasman ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda 18 - noyabr kuni qor yog‘di, shundan beri havo harorati keskin pastlab ketdi. Natijada, elektr va tabiiy gaz tanqisligi oqibatida yana is gazidan zaharlanish yoki bu taqchillik bilan bog‘liq fojialar soni keskin ortayotgani kuzatilmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi bir oyda kamida 10 odam is gazidan zaharlanib o‘lgan, yana o‘ndan ortiq odam zaharlanib shifoxonaga tushgan.

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi energetik taqchillikdan shikoyatlar ortayotganini qayd etib, aholiga murojaat qilishi uchun hududiy boshqarmalari telefon raqamlarini e’lon qildi.

Toshkent viloyati Qibray tumanida gaz-havo aralashmasining chaqnashi oqibatida yuzaga kelgan portlashda ota va o‘g‘il nobud bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining (FVV) xabar qilishicha, portlash soat 19:16 larda Qibray tumani, Guliston-3 ko‘chasi, 15-uyda sodir bo‘lgan.

Oqibatda uyning bir qismi qulab tushgan, qolgan qismi devorlari va shiftiga jiddiy shikast yetgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari vaqtida uy vayronalari ostidan uy egasi X.N. og‘ir ahvolda olib chiqilib, Toshkent shahar 7-sonli klinik shifoxonasiga yotqizilgan. Ammo, bemor vafot etgan.

Shuningdek, qutqaruvchilar vayronalar ostidan uy egasining o‘g‘li A.A. ning jasadini topishgan.

Ayni paytda, FVV xabarida bu fojiaga xonadon yonidan o‘tgan yer osti gaz quvuridan tabiiy gaz sizib chiqib, yerto‘laga to‘planib qolgani sababligi taxmin qilinayotgani qayd etilgan. Ammo, bu borada hozir qo‘shimcha tafsilotlar berilmadi.

Voqea joyida viloyat hokimligi, FVB, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli idoralarning kuch va vositalari jalb etilib, avariya tiklash va surishtiruv ishlari olib borilayotgani aytildi.

Bosh prokuraturaga tayanib,mahalliy nashrlar berayotgan xabarga ko‘ra, so‘nggi kecha kunduzda 9 kishi is gazidan zaharlangani ham rasman ma’lum qilingan.

Nukus shahridagi ko‘p qavatli uyda ijrada yashayotgan 4 talaba qiz hamda Yangiyo‘l tumani Qovunchi mahallasida yashaydigan bir oilaning 5 a’zosi is gazidan zaharlangan. Zaharlanganlar shifoxonaga yotqizilgan, vafot etganlar haqida ma’lumot yo‘q.

Bosh prokuratura har ikki holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan.

O‘zbekistonda 18 - noyabr kuni qor yog‘ib, havo harorati birdan pasayib ketdi.

Buning ortidan, elektr energiyasi uzilayotgani, ayrim hududlarda tabiiy gazning umuman berilmayotgani, buning oqibatida is gazidan zaharlanib o‘layotgan o‘zbekistonliklar soni ortayotgani haqidagi xabarlar birdan ko‘paya boshladi.

So‘nggi bir oy ichida Ozodlikka ma’lum bo‘lgan holatlar:

19 - noyabr kuni Ozodlik Namangan viloyati Chortoq shahar, Mustaqillik ko‘chasida yashagan 25 yashar nogiron yigit Hikmatilla Yusupov 18 - noyabr kuni is gazidan vafot etgani haqida xabar qilgan. Guvohlarning aytishicha, hodisaga elektr pechkaga tegib qolgan ko‘rpaning yonib ketishi sabab bo‘lgan.

Joriy yilning 13 - oktabr kuni Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida yosh er-xotin is gazidan vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.

Oktabr oyi oxirida O‘zbekistonning Navoiy viloyati Navbahor tumanida ikki nafar voyaga yetmagan aka-uka zaharlanib o‘ldi.

6 - noyabr kuni Sirdaryoning Boyovut tumanida turmush qurganiga hali bir oy ham bo‘lmagan kelin-kuyov is gazidan zaharlanib vafot etdi.

O‘zbekistonlik jurnalist va blogerlar esa shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Xalqqa elektr va gaz bering!” xeshtegini boshlab yubordilar.

O‘zbekiston energetika vazirligi rasmiy saytida 10 - noyabr kuni “Elektr energiyasi uzilishlarining sabablari nimada va bu yo‘nalishda qanday ishlar qilinmoqda?” degan savolga javobda uzilishlar hanuz ro‘y berayotganini tan olgan va vaziyatni bunday tushuntirildi:

“Hozirgi kunda foydalanilayotgan energoqurilmalarning 50 foizigacha 30-40 yil davomida faoliyat ko‘rsatadi. Ularning jismonan va ma’nan eskirishi ushbu energobloklarning ishdan chiqishiga olib keladi, bu esa elektr stansiyalarining ayrim energobloklarida uzilishlar yuz berishiga olib keladi. Odatda ularni ta’mirlash uchun 3-5 soat vaqt ketadi. Ushbu holatlar qisqa muddatli elektr uzilishlarining sabablari hisoblanadi”.

Shavkat Mirziyoyev birinchi muddatga saylangan 2016 - yil dekabridagi prezident saylovlari arafasida aholining elektr va gaz muammosini hal qilishga va’da bergan edi.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida, ayniqsa, kuz-qish mavsumida aholining elektr va gaz muammosi dolzarbligicha qolmoqda.

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolayotgan joriy yilda hukumat bu borada qo‘shimcha choralar ko‘rib-ko‘rmagani noma’lum.

O‘tgan oy «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati raisi Ulug‘bek Mustafoyev O‘zbekistonda 2021-2022 - yillarda elektr energiyasi narxi oshirilmasligini ma’lum qilgan.

Pandemiya bois O‘zbekistonning Xitoyga gaz eksporti uchdan bir qismga kamaygan, ammo bu ichki iste’molchilar uchun gaz hajmi o‘z-o‘zidan ko‘payganini anglatmaydi.

XS
SM
MD
LG