Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) so‘nggi ikki oyda “Hizb ut-Tahrir” diniy-ekstremistik tashkilotining bir necha a’zosini qo‘lga oldi. Ulardan ikki nafari qo‘shni davlat fuqarolaridir.
Oxirgi marta navbatdagi yig‘in chog‘ida tashkilotning Chuy viloyatidagi yetakchisi va a’zolari qo‘lga tushirilgandi. Yig‘in ishtirokchilarining aksari o‘smirlar ekanligi jamoatchilikning xavotirlarini kuchaytirdi. Diniy masalalar bo‘yicha ekstremistik guruhlar yangi odamlarni, jumladan ayollar va bolalarni o‘z tarafiga og‘dirib olishning turli usullarini o‘ylab topayotganini eslatishmoqda.
MXDQ xabariga ko‘ra, Chuy viloyatidagi yig‘inda qatnashgan o‘smirlarni “Hizb ut-Tahrir” o‘z safiga qo‘shmoqchi bo‘lgan.
Aytilishicha, jinoiy guruh rahbari qo‘shni mamlakat fuqarosi, ammo aynan qaysi davlatdan ekanligi ochiqlanmagan. Hozirda u MXDQ tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Qo‘lga olinganlarning uylari tintilganda taqiqlangan adabiyot va disklar topilgan. Zarur ekspertiza tekshiruvlari tayinlangan.
MXDQ necha kishi qo‘lga olinganini, “Hizb ut-Tahrir” yig‘inida nechta o‘smir bo‘lganini aniqlashtirmagan. Maxsus xizmatlar yoyinlagan videoda bir necha kishini ko‘rish mumkin, ular orasida bolalar ham bor.
“Diniy radikalizm davlat uchun katta muammoga aylandi”
Diniy masalalar bo‘yicha ekspert Qanatbek Mirzaxalilovga ko‘ra, Qirg‘iziston hududida taqiqlangan tashkilotlar 2010 - yilga qadar turli varaqalar tarqatish yo‘li bilan faoliyat olib borgan. Ammo hozirda ular ish uslubini o‘zgartirgan, ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanishadi va ayollar hamda bolalarni o‘zlariga og‘dirib olishga harakat qilishadi.
– “Hizb ut-Tahrir” tarkibida ayollar qanoti mavjud. Chunki ular ayollar bilan ishlash samaradorligini tushunishdi. Bolalarni jalb eta boshlashgani esa tashkilot o‘z faoliyatida yana bir pog‘ona o‘sganini bildiradi. Diniy radikalizm davlat uchun katta muammoga aylandi. Bunga qarshi kuch bilan emas, balki mafkuraviy yo‘llar bilan kurashish kerak, – deydi ekspert.
Chuy viloyatidagi amaliyotdan bir kun oldin, 4 - noyabrda MXDQ “Hizb ut-Tahrir”ning Qirg‘izistonning janubiy mintaqasidagi yetakchisi – O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmish Sh.Sh. qo‘lga olinganini ma’lum qilgan edi. U safdoshlari bilan birga yashirincha guruh shoxobchalarini tashkil qilish bilan shug‘ullangan. “Hizb ut-Tahrir”ning O‘zbekistondagi faoliyati uchun mas’ul shaxs Qirg‘izistonda soxta hujjatlar bilan yurgan. U ham ayni paytda MXDQ hibsxonasida tutib turilibdi. Shu tariqa, so‘nggi ikki oy ichida Qirg‘izistonda qo‘shni mamlakatning ikki fuqarosi va “Hizb ut-Tahrir” a’zolari qo‘lga olindi.
7 oktabrda qirg‘iz maxsus xizmatlari Qizil Qiya shahrida diniy-ekstremistik tashkilotning 6 a’zosini ushlagan edi. Ulardan besh nafari mahalli aholi vakillari bo‘lsa, oltinchisi Tojikiston fuqarosi bo‘lib chiqdi. Qo‘lga olinganlarning barchasi Qadamjoy tumani IIB hibsxonasida saqlanmoqda.
“Hizb ut-Tahrir” oddiy tashkilot emas, u Markaziy Osiyoda xalifalik tuzishni ko‘zlagan ekstremistik guruhlardan biridir. Yaqinda Afg‘onistonda Tolibon iqtidorga keldi. Ayrim siyosatchilar, dindorlar va “Hizb ut-Tahrir” a’zolari ijtimoiy tarmoqlarda ularni qo‘llab-quvvtalashmoqda. Tolibonga qiziqish bilan qarayotgan yoshlar “Hizb ut-Tahrir” siyosatiga aldanishi mumkin”, MXDQ boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Artur Medetbekov.
“Kurash usullarini o‘zgartirish kerak”
2003 - yilda sud 21 ta diniy tashkilotni terroristik va ekstremistik tashkilotlar deb topib, ularning Qirg‘iziston hududida faoliyat olib borishini taqiqladi. Bu “Jabhat an-Nusra”, «Jaysh ul-Mahdiy”, “Ansorulloh”, “Hizb ut-Tahrir al-Islomiy” hamda “Sharqiy Turkiston Islomiy harakati” tashkilotlaridir.
Teolog, diniy masalalar bo‘yicha ekspert Ulan Usupov ekstremistik va terroristik tashkilotlarga qarshi kurashga doir o‘z tavsiyalarini bo‘lishdi:
– Davlat bu masalaga jiddiy qarab, zarur siyosat olib bormasa, bunaqa guruhlar xalqni bo‘lib tashlab, ularni idora qila boshlaydi. Shunga qarab ketyapmiz hozir. Ularni kuch bilan yengolmaymiz. “Hizb ut-Tahrir” g‘oyasiga qarshi undan kuchliroq g‘oya taklif qilishimiz lozim. Din ishlari bo‘yicha komissiya tuzaylik, u davlat siyosati va mafkurasini yuritsin. Zamonaviy islom talablariga ko‘ra ishlay oladigan menejerlarni, olimlarni, muftiylarni, qozilarni etishtiraylik, – deydi mutaxassis.
“Hizb ut-Tahrir” 1950-yillarda Yaqin Sharqda vujudga kelgan. U aksar ekstremistik tashkilotlar kabi demokratiya va ko‘ppartiyaviylikka asoslangan davlat tizimini ag‘darib tashlab, o‘rniga “shariat asosida boshqariladigan konservativ xalifalik” tuzishga intiladi.