Линклар

Шошилинч хабар
24 феврал 2024, Тошкент вақти: 11:10

"Hamma narsadan kir qidirib…" Qirg‘izistonda so‘z erkinligi qanday ta’qib qilinmoqda?


Bishkekda so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan yurish. Qirg‘iziston, 14-oktabr, 2022.
Bishkekda so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan yurish. Qirg‘iziston, 14-oktabr, 2022.

Prezident Sadir Japarov mustaqil matbuotni davlat manfaatlari yo‘lida ishlamayapti, deb ko‘p tanqid qiladi. Oxirgi intervyusida u yana ikki ommaviy axborot vositasini tanqid qildi. Bungacha prokuratura “Kloop” jamoat fondini tugatish to‘g‘risida sudga da’vo kiritgan edi. OAV ekspertlari davlat rahbarining bunday ayblovlarini so‘z erkinligini cheklashga urinish sifatida baholamoqda.

"Ekspertlarni qo‘rqitish"

“Kloop” va “PolitKlinika” portallarida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyevning yaqinlari Jaloloboddagi “Barselona” futbol akademiyasi ochilishida va prezident o‘g‘lining Issiqko‘ldagi pansionat qurilishida ishtirok etgani haqidagi surishtiruvlar chop etildi.

Shundan so‘ng prezident Sadir Japarov “Kabar” davlat axborot agentligiga intervyu berib, mustaqil matbuotni tanqid qildi. Muxbirning savoliga javoban u shunday dedi:

“Savolingizga javobimni “Kloop” kabi saytlar tahririyatida ishlaydigan, o‘zini mustaqil jurnalist deb ataydiganlarga murojaat qilishdan boshlayman. Sizning yondashuvingiz boshidanoq shunday – qirg‘izlarga foyda emas, faqat zarar keltirish. Boshqa bunaqasi ketmaydi. Sizdan bir iltimosim bor: agar Qirg‘iziston manfaati uchun ishlay olmasangiz, hech bo‘lmaganda yomonlik qilmang. Faqat salbiyni aytib, hamma narsadan kir qidirib, mamlakatga milliardlab sarmoya kiritishga tayyor bo‘lgan investorlarni qo‘rqityapsiz.”

Prezident Sadir Japarov.
Prezident Sadir Japarov.

Tashiyevlar va Japarovlar imkoniyatlarni mamlakatga keltirayotganidan xursand bo‘lsak yaxshi bo‘lardi. Bir paytlar davlatni talon-toroj qilgan, qo‘lga kiritgan mol-mulkini chet elga olib chiqib, boshqa mamlakatlarda millionlab dollarlik zavodlar qurgan, u yerda villalar, kvartiralar sotib olganlarni maqtagan edingiz. Buning uchun sizga davlat byudjetidan – soliq to‘lovchilar cho‘ntagidan pul to‘lashdi, shuning uchun ham maqtashdi. Biz sizga odamlarning pulini bermaymiz. Ularning pullari o‘z manfaati uchun ishlashi kerak!”

Prezident Japarov oxirgi paytlarda boshqa ommaviy axborot vositalariga intervyu bermadi. Uning intervyusi matn shaklida faqat “Kabar” davlat agentligi tomonidan nashr etiladi. Odatda davlat rahbari jamiyatda har qanday mavzuda muhokama bo‘lsa, hokimiyatga nisbatan tanqidlar aytilsa, jurnalistik surishtiruvlar chop etilsa, javob qaytaradi.

“Surishtiruv jurnalistlarning ishi”

Govori TV sayti asoschisi Qayirgul O‘rumkanova prezidentning so‘nggi bayonotlari erkin OAV tabiatiga zid, deb hisoblaydi.

“Jurnalist to‘g‘ri ma’lumotni “salbiy va ijobiy”ga ajratmay, uni tarqatishi, jamiyatda bo‘layotgan voqealarni yoritishi kerak. Ma’lumotlar “salbiy va ijobiy”ga ajratilsa, u jurnalist emas, balki boshqa kasb vakili – targ‘ibotchi bo‘lib qoladi. Prezident, o‘z so‘zlari bilan aytganda, “Kabar” nashriga bergan intervyusida haqiqiy jurnalistikani ko‘rishni istamasligini ochiq aytdi. Agar bu gaplar davom etsa, yaqin kelajakda jurnalistikadan ayrilishimiz mumkin. Biz jurnalistlar jamiyat hayotidagi salbiy hodisalarni tanqid qilib, yoritib, o‘z vazifamizni aniq bajaramiz. Bu bizning vazifamiz. Yomonni yashirib, yaxshisini bo‘rttirib ko‘rsatsak, jurnalistikaning keragi yo‘q”, deya ta’kidlaydi O‘rumkanova.

Uning eslashicha, dunyodagi erkin ommaviy axborot vositalarining vazifasi jamiyatdagi salbiy hodisalarni fosh etish, korrupsiya, qonunbuzarliklar va antidemokratik hodisalar haqida ma’lumot berishdir.

Bu “watchdog journalism” (nazorat qiluvchi jurnalistika) deb ataladi va u shaffoflikni ta’minlashga qaratiladi.

O‘rumkanovaning qayd etishicha, tanqidga quloq solishni istamaydigan hukumat boshqaruvidagi mamlakatda to‘liq so‘z erkinligi haqida gapirish qiyin:

“Yaqinda Prezident Japarov BMT vakili bilan uchrashuvda Qirg‘izistonda demokratiya ustuvorligi, so‘z erkinligi uchun shart-sharoit yaratilganini aytdi. Biroq davlat rahbari “Kabar” agentligiga bergan intervyusida o‘z gapini rad etdi.

28-avgust kuni ma’lum bo‘lishicha, 22-avgust kuni Bishkek prokuraturasi Bishkekning Oktabr tuman sudiga “Kloop” nashrini tugatish to‘g‘risida da’vo arizasini kiritgan. Ayrim OAV ekspertlari nazorat organi buni “yuqoridan” ko‘rsatma bo‘yicha qilgan, deb gumon qilmoqda.

Chekit Media platformasining media eksperti va surishtiruvchi jurnalisti Asel Sooronbayeva fikricha, prezident Japarov jurnalistlarga so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha bergan va’dasini buzdi.

"Jurnalistlar ta’qib qilinmaydi, korrupsiyaga qarshi kurashda yordam bering, rasmiylar surishtiruvlarga javob beradi" deb aytganiga hali uch yil ham bo‘lgani yo‘q. Bu vaqt ichida jurnalistlar o‘zgarmadi. Ammo hukumatning mustaqil va surishtiruvchi jurnalistlarga nisbatan pozitsiyasi 180 darajaga o‘zgardi. Prezident jurnalistlarni ayblab, ularni “zararkunanda” deb atadi. “Kloop”ni yopish haqidagi ma’lumotlar prezidentning ayblovlaridan keyin paydo bo‘ldi. So‘z erkinligiga nisbatan misli ko‘rilmagan bosimlar, haqiqatni gapiruvchi va uni xalqqa yetkazuvchi tahririyatlar va erkin nashrlarga nisbatan ta’qiblar boshlandi. Ularning har biri alohida-alohida sudga tortilayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda tuhmat qilinayotganini va prezident ham intervyuda shart qo‘yganini ko‘ryapmiz.”

Japarovning mustaqil jurnalistlarni tanqid qilganidan so‘ng, ayrimlar uning prezidentlikka saylanishidan oldin aytgan so‘z erkinligini saqlab qolish haqidagi va’dasini eslamoqda.

Sadir Japarov prezident vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritar ekan, saylov oldidan matbuot anjumani o‘tkazib, o‘z fikrini ochiq bildirganlarni ta’qib qilmaslik kerakligini ta’kidlagandi.

“Hech qanday siyosiy ta’qib bo‘lmaydi. Men bitta ham jurnalistga tegilmasligini va har kim o‘z fikrini ochiq aytishi mumkin bo‘lgan sharoit yaratib berishimizni talab qildim. Hibsga olish va ta’qib qilish muammoni hal qilmaydi”.

"OAV muxolifat bo‘lmasligi kerak"

Ammo mamlakatda so‘z erkinligi cheklanmagan, mustaqil nashrlar, jurnalistlar erkin faoliyat yuritadi, deb hisoblaydiganlar ham bor.

Siyosatshunos, Davlat boshqaruvi akademiyasi prezidenti Almazbek Akmataliyev ommaviy axborot vositalari neytral pozitsiyada bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. U ayrim ommaviy axborot vositalarini muxolifat rolini o‘ynashni to‘xtatib, to‘g‘ri va muvozanatli axborot berishga chaqirdi.

“Markaziy Osiyoning hech bir davlatida biz kabi so‘z erkinligi yo‘q. Men buni anchadan beri aytaman. Surishtiruvchi jurnalistlar o‘z ishini qiladi. Hech kim ularni bezovta qilmaydi. Lekin eng muhimi xolis bo‘lish. Biz ularning tekshiruvlari jamiyatga qanday ta’sir qilishiga e’tibor qaratishimiz kerak. Jamoat xavfsizligi va maxfiylik kabi tushunchalar bor. Buni inobatga olib, hukumatga muxolifat sifatida emas, neytral pozitsiyadan qaralishi kerak. Asosiysi, surishtiruvchi jurnalistlarning niyati yaxshi bo‘lishi kerak”,- deydi Akmataliyev.

So‘nggi ikki-uch yil ichida ijtimoiy tarmoqlarda hukumat amaldorlarining soyadagi faoliyatini o‘rganayotgan nashrlar va jurnalistlarga nisbatan tazyiq va hujumlar ko‘paygan.

2021-yilda Youtube'dagi “Temirov LIVE” kanali asoschisi, “Sadir Japarov va yarim milliardlik tender” va “Qanday qilib ikki kunda 37 million so‘m topish mumkin? Sadir Japarov va Tashiyevlar sxemasi” nomli surishtiruvlarni e’lon qilgan Bolot Temirov va uning hamkasbi, shoir Bolot Nazarov giyohvand moddalar savdosida ayblanib, hibsga olindi.

Keyinchalik Bolot Temirovga yana ikkita modda – “Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish” va “Hujjatlarni qalbakilashtirish” moddalari qo‘shildi. Natijada o‘tgan yilning 23-noyabrida Bishkek shahar sudi qarori bilan Bolot Temirov mamlakatdan majburan chiqarib yuborilgan edi.

Ma’lumki, rasmiylarga aloqador shaxslar va ularning yaqinlari ustidan surishtiruv olib boruvchi “Kloop”, “Chekit Media”, “PolitKlinika” kabi nashrlar davlat telekanallari tomonidan hujumga uchragan yoki ijtimoiy tarmoqlarda tuhmat qilingan.

Davlat idoralari bosimi “Azattik Media”ni ham chetlab o‘tmadi. O‘tgan yilning oktabr oyidan beri muassasa veb-saytlari bloklangan, bank hisoblari esa muzlatilgan. Shu yilning aprel oyida tuman sudi uning faoliyatini tugatishga qaror qilgan. Keyinroq Bishkek shahar sudi bu qarorni bekor qildi, sayt va bank hisoblari blokdan chiqarildi.

XS
SM
MD
LG