Qirg‘izistondagi “Mbank” va “Eldik Bank” (RSK bank) tijorat banklari Rossiyadan rubldagi pul jo‘natmalari to‘xtatilganini ma’lum qilishdi. Banklar bu qarorni AQSH Moliya vazirligi tomonidan Moskva birjasi, Rossiya Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysiga nisbatan kiritilgan sanksiyalar manzarasida qabul qilishgan.
“Mbank” vakillari “kurs volatilligi va valyuta bozoridagi keskin tebranishlar ehtimoli tufayli” rubldagi hisobraqamlari va kartalar bo‘yicha hisobni to‘ldirish, pul jo‘natmalari va konvertatsiya to‘xtatilganini ma’lum qilishgan. Bank qaydicha, mijozlarning rubl hisobraqamlaridagi barcha mablag‘lari to‘liq saqlanib turibdi. “Mbank” Qirg‘izistonning Rossiya banklari bilan faol hamkorlik qiluvchi tijorat banklaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
“Bank mijozlari bank filiallarida pullarini yechib olishlari mumkin, kassalarda Rossiya rubli yechib olinishiga cheklov yo‘q”, deya qo‘shimcha qilingan bank xabarnomasida.
O‘z navbatida “Eldik Bank” vakillari texnik ishlar amalga oshirilayotgani munosabati bilan Astrasend, “Yunistrim”, Contact, “Zolotaya Korona” va “Sberbank Onlayn” tizimlari orqali pul jo‘natmalari to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Bunga oid boshqa tafsilot keltirilgan emas.
Bundan tashqari, AQSH sanksiyalari kiritilgani manzarasida Qirg‘iziston Milliy bankida MB raisi o‘rinbosari Qayip Kulenbekovning tijorat banklari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan, unda valyuta bozoridagi joriy vaziyat muhokama qilingan.
Qirg‘iziston Milliy banki ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda xalqaro pul jo‘natmalari tizimlari orqali Qirg‘izistonga 165 milliard so‘mdan ko‘proq (1,9 mlrd AQSH dollari atrofida) pul o‘tkazilgan. Bu mablag‘ning 125,5 milliard so‘mi (taqriban 1,44 mlrd dollar) Qirg‘izistonga kelib tushgan, 39,8 milliard so‘mi (qariyb 475 mln dollar) esa xorijga yo‘llangan.
Pul jo‘natmalari tizimlari orasida mijozlar eng ko‘p “Zolotaya Korona” va “Yunistrim” operatorlari xizmatlaridan foydalanishgan.