Линклар

Шошилинч хабар
20 июл 2024, Тошкент вақти: 11:06

Qirg‘iziston hukumati "ko‘cha"ga qarshi reydlardan keyin qamoqxonalarda ham tartib o‘rnatmoqchi


Qirg‘izistondagi hibsxonalardan biri (illyustrativ surat)
Qirg‘izistondagi hibsxonalardan biri (illyustrativ surat)

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bu yil ham davom ettirilishini bildirdi – endilikda u qamoqxonalarda tartib o‘rnatmoqchi.

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida Qamchibek Tashiyev 2- yanvar kuni Jalolobod viloyatining Suzoq tumaniga safari chog‘ida so‘zlagan. Tuman militsiyasiga xizmat avtomobillarini topshirarkan, u yana bir bor jinoyatchilikka qarshi kurash mavzusidan gap ochdi va keyingi bosqich qamoqxonalar ekanini aytdi:

“2023-yili biz uyushgan jinoyatlari to‘dalarining belini sindirdik. Bundan buyon bizning mamlakatimizda hech qanaqa banditlar ham, uyushgan jinoiy to‘dalar ham, «avtoritetlar» ham bo‘lmaydi. Davlatimiz qonunga muvofiq ishlaydigan, huquqiy va erkin davlat bo‘ladi. Agar uyushgan jinoyatchi to‘dalar vakillari qolgan bo‘lsa, 2024-yili ularni bitta ham qoldirmay yo‘q qilamiz. Buni aniq-ravshan aytishimiz kerak. Hammamiz buni yaxshi anglashimiz kerak. “Qonundagi o‘g‘ri”, “polojenets”, “smotryashchiy” va shunga o‘xshash boshqa so‘zlar qo‘llanilmaydi. Bizda bunaqa odamlar bo‘lmaydi. Biz faqat ozodlikda yurganlar bilangina emas, qamoqxonalarda ishlab, u yerlarda tartib o‘rnatamiz”, dedi Tashiyev.

Qirg‘iziston MXDQ rahbari Qamchibek Tashiyev
Qirg‘iziston MXDQ rahbari Qamchibek Tashiyev

Yangi yil arafasida Qamchibek Tashiyev mamlakatda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash poyoniga yetib qolganini bildirgan. 31-dekabr kuni u Feysbuk tarmog‘idagi o‘z sahifasida “sobiq rahbarlarning ko‘pi kriminalitet bilan chatishib ketgani, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash mutlaqo bo‘lmagani” haqida yozgan edi.

“Aksincha, ular jinoyatchilarni o‘zlariga yoqmagan muxolif siyosatchilarga yo‘llab, ayrimlarini o‘ldirtirib, ulardan foydalanib yurishgan. Bu hech kimga sir emas, buni hammamiz bilamiz. Bularning bari kechagina ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgan voqealar”, deb yozgan Tashiyev.

“Кўча”га қарши рейдлар: Қирғизистонда машҳур бўлган Салимбой
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:24 0:00

O‘tgan yil oktabrida Qirg‘izistonda MXDQning maxsus amaliyoti chog‘ida uyushgan jinoiy to‘dalar lideri Qamchibek Kolbayev o‘ldirilgan edi. O‘shanda maxsus xizmatlar uning guruhiga aloqador 40 dan ziyod kishini qo‘lga olishgani, shuningdek, 1 milliard dollarlik mol-mulki hibs etilgani haqida xabar qilingan. Uyushgan jinoyatchi to‘dalarga aloqasi bo‘lgan 220 dan ortiq davlat xizmatchisi aniqlanib, ularning ko‘pi ishdan bo‘shatilgan. Kolbayevga aloqasi bor deya gumonlangan bir necha yirik qurilish kompaniyasi rahbari hibsga olingan, ularning ayrimlari uy qamog‘iga olingan.

O‘zgan shahri sobiq meri Damir Monoldorov shu kabi ayblov bilan o‘tgan yil noyabrida hibsga olinib, dekabr oyi oxirida uy qamog‘iga chiqarilgan.

Tahlilchi Orozbek Moldaliyev, agar Qirg‘iziston qamoqxonalarida tartib o‘rnatilsa, mamlakatda jinoyatchilik darajasi pasayadi, degan fikrda.

Tahlilchi Orozbek Moldaliev
Tahlilchi Orozbek Moldaliev

“U yerda ishlaydigan kadrlarni tuzatish kerak. U yerga “yaxshi ishlayman” deganlarni qo‘yib, yaxshi maosh to‘lash kerak. Agar ishlashni istagan odamlar uchun shart-sharoit yaratilsa, jinoyatchilik darajasini pasaytirish mumkin. U yerda ko‘pdan beri o‘tirganlar bor, boshqaruvchilari bor, “obshchak” degani bor. Sadir Japarovning o‘zi ham “obshchak” mavjudligini aytgandi. U yerda tartib o‘rnatsa bo‘ladi. U yerda mahalliychilik va boshqa omillar bo‘yicha bo‘linishlar bor. Qamoqxonalarda qiladigan ish ko‘p. Biroq tartib o‘rnatilsa, jinoyatchilik darajasi pasayadi”, degan Moldaliyev.

O‘tgan oy MXDQ O‘sh shahar militsiyasi bilan birgalikda 25-qamoqxonada uyushgan jinoiy guruh tomonidan boshqarilgan hamda mahkumlarni narkotik va hapdori bilan ta’minlab kelgan kanalni aniqlagan. Qo‘mita bayonotiga ko‘ra, tergov chog‘ida bu kanalga koloniya rahbari boshchiligidagi qamoqxona xodimlari tomonidan “homiylik” qilib kelingani aniqlangan.

Shuningdek, bu kanalga jinoyat olamida Jengo laqabi bilan tanilgan Qadir Dosonov guruhi a’zolari aloqadorligi aytilgan. Mazkur holat yuzasidan O‘sh koloniyasi rahbari va uyushgan jinoyatchi to‘dalarga aloqadorlikda gumonlangan shaxslar hibsga olingan.

Qirg‘izistonlik huquq faoli Aziza Abdirasulova uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda qonundan chetga chiqmaslik zarurligiga e’tibor qaratadi.

Huquq faoli Aziza Abdurasulova
Huquq faoli Aziza Abdurasulova

“Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash zarur. Biroq bu kurash boshlangan paytdayoq men qonunan ishlashga chaqirganman. Davlat qanday chora ko‘rmasin, bularning hammasi qonun doirasida bo‘lishi shart. Qonunchilikka rioya qilinishi, odamlarning uyushgan jinoyatchi to‘dalarga a’zoligi isbotlanishi va kurash sudlar orqali olib borilishi lozim. Bizning mamlakatda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash qonunni qo‘pol ravishda buzgan holda yuritilmoqda. Ular odamlarni chaqirishib, keyin jamoatchilikka “hibsga olindi” deb e’lon qilishyapti. Ular [qo‘lga olinganlar] videokamera qarshisida kechirim so‘raganlaridan keyin qo‘yib yuborilyapti. “Ularning aybdorligini qaysi tergov isbotladi, qaysi sud aniqladi va qaysi sud ozod qildi” degan savollar ochiq qolmoqda. Ikkinchidan, qamoqxonalarda tartib o‘rnatilishi kerak, biroq buni ham qonunga rioya qilishdan boshlash lozim. Bu ishni qamoqxona, vaqtincha saqlash izolyatorlari, tergov hibsxonalari rahbarlari va xodimlaridan boshlash zarar. Masalan, “shmon” degan tushuncha bor – vaqti-vaqti bilan kameralarda tintuv o‘tkaziladi. Agar, deylik, kamerada telefon topilsa, odamni jazo izolyatoriga qamab, jazolashadi. Biroq bu telefon yoki narkotik kameraga qanday kirib qoldi? Ularni faqat o‘sha yerda ishlaydigan xodimlari olib kelib berishlari mumkin. Taniqli bo‘lgan shaxslar qamoqxonada o‘tirgan paytlarida ko‘p vaqtlarini Internetda o‘tkazganlarini aytib berishgan. Ular uchun bu sharoitni kim yaratib beryapti? Qamoqxona rahbarlari. Ko‘pgina qamoqxonalarni ko‘rgan odam sifatida aytishim mumkinki, har bir qamoqxonada “smotryashchiy” bor. Qamoqxona rahbari faqat shu odam orqali mahkumlarni boshqaradi, tartibga soladi, jazolaydi va ishga jalb qiladi”, degan huquq faoli Abdurasulova.

Qirg‘iziston qamoqxonalarida avvalroq uyushgan jinoiy to‘dalar liderlari va a’zolari ishtirokida o‘lim bilan yakunlangan hodisalar sodir bo‘lgan. Ikki yil muqaddam iyul oyida Bishkekdagi 1-tergov hibsxonasida jinoyat olamida Dev Chingiz laqabi bilan tanilgan Chingiz Jumagulov o‘ldirilgandi.

2005-yilda parlament deputati Tinichbek Akmatbayev Moldovanovka qishlog‘idagi qamoqxona ahvolini o‘rganish uchun borayotgan paytda o‘ldirib ketilgan. U kriminal avtoritet Risbek Akmatbayevning akasi edi.

Shuningdek, qamoqxonalarda mahkumlar yoppasiga og‘izlarini tikib olgan holatlar ham qayd etilgan va bu harakatlar kriminal liderlar buyrug‘iga ko‘ra amalga oshirilgani aytilgan.

XS
SM
MD
LG