Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 07:23

Qirg‘iziston: Jurnalist va blogerlarni qamash ko‘paydi


Suratda (chapdan o‘ngga) Adilet Baltabay, Semetey Talas o‘g‘li, Iris Jekshenaliyev.
Suratda (chapdan o‘ngga) Adilet Baltabay, Semetey Talas o‘g‘li, Iris Jekshenaliyev.

Qirg‘izistonda so‘nggi bir necha kun ichida uch nafar bloger va jurnalistga nisbatan sud jarayonlari bo‘lib o‘tdi. Qirg‘izistonlik faollar buning ortidan mamlakatda so‘z erkinligiga bosim kuchayganidan bong urmoqda. Ammo qirg‘iz hukumati mamlakatda so‘z erkinligiga bosim ko‘rsatilayotgani to‘g‘risidagi bayonotlarni inkor etmoqda.

Bloger Adilet Baltabay 19-aprelda qamoqdan chiqdi

19-aprel kuni Qirg‘iziston Oliy sudi nomi bilan tanilgan bloger Adilet Ali Miqtibekka nisbatan birinchi instansiya- tuman sudining qarorini o‘z kuchida qoldirdi va ikkinchi instansiya - Bishkek shahar sudi hukmini bekor qildi. Tuman sudi Ali Miqtibekni 3 yil shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilgan edi. Bishkek shahar sudi esa tuman sudining bu qarorini bekor qilgan va uni qamoq jazosiga hukm qilgandi.

Blogerning advokati Nurbek Sidiqovga ko‘ra, Adilet Baltabay 19-aprel kuni Bishkek shahridagi 27-sonli qamoqxonadan ozodlikka chiqarilgan.

Baltabay 2022-yil 30-iyun kuni hibsga olingan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining “Ommaviy tartibsizliklar” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingandi. Blogerning hibsga olinishiga uning Feysbukdagi posti sabab bo‘lgan. Ekspertiza mazkur postda “qonunga bo‘ysunmaslikka chaqirish, zo‘ravon norozilik namoyishlariga chaqiruv alomatlari bor” degan xulosa bergan. Baltabayning o‘zi bu ayblovlarni rad etadi.

2022-yil 11-noyabr kuni Bishkekning Birinchi May tuman sudi blogerni aybdor deb topdi va uni uch yillik shartli qamoq jazosiga hukm qildi. Prokuratura Adilet Baltabayga nisbatan yengil jazo qo‘llangani deb Bishkek shahar sudiga protest kiritgan. U tergov izolyatoridan chiqqanidan keyin ham mamlakatdagi siyosiy voqealarga fuqarolik pozitsiyasini bildirgan va shu yilning 10-yanvarida Bishkekda Kampirobod ishi bo‘yicha qonuniylikni talab qilgan namoyish chog‘ida yana hibsga olingan.

12-yanvar kuni Bishkek shahar sudi faolni qamoq jazosiga hukm qilgan. Faolning advokati shahar sudining qarori ustidan Oliy sudga shikoyat qilgan.

Bloger Feysbukdagi sahifasida Bishkekda o‘tgan turli miting va namoyishlarni jonli ravishda yoritib kelgan. Shuningdek, o‘zi ham Qirg‘izistonda kazinolarning qayta ochilishiga qarshi bir qancha aksiyalar uyushtirgan.

Jurnalist Semetey Talas o‘g‘li bir yilga shartli kesildi

18-aprel kuni Feysbukdagi sahifasida diniy ma’lumotlarni o‘rtoqlashgani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan jurnalist Semetey Talas o‘g‘liga ham sud hukmi chiqdi. Birinchi May tuman sudi uni ekstremistik materiallarni tarqatishda aybdor deb topib, uch yilga ozodlikdan mahrum qildi. Sud jurnalistni jazoni ijro etishdan ozod qildi va bir yillik shartli jazoni o‘tash haqida qaror chiqardi.

Jurnalist sud qarori ustidan yuqori sud instansiyasiga shikoyat qilish yoki qilmaslikni advokatlar bilan maslahatlashganidan keyin hal qilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yilda u o‘zining Feysbukdagi sahifasida Afg‘onistonga oid materialni “beixtiyor o‘rtoqlashgani uchun ayblangani”ni bildirgan.

Semetey Talas o‘g‘li o‘tgan yilning 1-noyabrida hibsga olingan va keyinroq uy qamog‘iga chiqarilgan edi.
Ichki ishlar vazirligi (IIV) jurnalistga nisbatan Jinoyat kodeksining 322-moddasi 1-qismi (ekstremistik materiallarni tayyorlash va tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va mazkur holat Milliy xavfsizlik qo‘mitasida qayd etilganini ma’lum qilgan. Militsiyaning xabar berishicha, sud-lingvistik ekspertizasi u “Qirg‘izistonda taqiqlangan “Hizb ut-Tahrir” ekstremistik tashkiloti haqidagi ma’lumotni o‘rtoqlashgan” degan xulosaga kelgan.

Semetey Talas o‘g‘li mustaqil jurnalist sifatida tanilgan. U asosan uyushgan jinoiy guruhlar va korrupsiya mavzularida maqolalar yozgan. So‘nggi yillarda u mustaqil jurnalist sifatida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali jamiyatda sodir bo‘layotgan turli voqealarga o‘z fikrini faol bildirib kelmoqda.

Bloger va jurnalistlarga bosim kuchaygan

Bloger Iris Jekshenaliyev sud zalida.
Bloger Iris Jekshenaliyev sud zalida.

So‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda turli siyosiy voqealarga o‘z fikrini bildirib kelayotgan bloger va jurnalistlarga bosim kuchaygan.

“Jurnalist Bolot Temirov Qirg‘izistondan majburan chiqarib yuborilganidan so‘ng ko‘pchilik o‘z fikrini erkin bildirishdan cho‘chib qoldi. Avvallari siyosatchilar jamiyatdagi bahsli mavzularda o‘z fikrlarini ochiq bildirgan bo‘lsa, hozir jim. Adilet Baltabayni tuman sudi shartli ravishda ozod qilgan edi. Ammo u turli aksiyalarda ishtirok etishda davom etaverdi. Shundan so‘ng keyingi instansiya sudi uni qamoqqa oldi. Shartli jazo odamni qamoqda saqlashga o‘xshaydi. Biror kishi to‘liq ozod qilinmaydi yoki qamoqqa yuborilmaydi. “Xulq-atvoringizga qaraymiz” degandek tuyulyapti”, - deydi siyosatshunos Nurbek Oqilbek.

Siyosatshunos tilga olgan jurnalist Bolot Temirov Temirov LIVE YouTube-kanali asoschisi. So‘nggi paytlarda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bir necha bor mazkur kanal tanqidiga nishon bo‘lgan. Bu surishtiruvlar ortidan shu yil yanvarida Bolot Temirovga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U noqonuniy ravishda narkotik saqlaganlikda gumonlangan. Bishkek shahar sudi 2022- yilning 23-noyabr kuni quyi instansiya sudi hukmi bo‘yicha apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish asnosida jurnalist Bolot Temirovni Qirg‘izistondan badarg‘a qilish haqida qaror chiqargan.


So‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda ijtimoiy tarmoqlardagi fikri uchun jarimaga tortilgan yoki javobgarlikka tortilganlar soni ko‘paydi. Ulardan biri 20 yoshli bloger Iris Jekshenaliyevdir. Unga nisbatan sud jarayoni davom etmoqda.

Iris Jekshenaliyev o‘tgan yilning avgust oyida hibsga olingan. Bunga uning sobiq MXX raisi Abdil Segizboyevning Jetim-To‘o‘ haqida gapirgani aks etgan eski videoni “Polit Uznik” sahifasida e’lon qilgani sabab bo‘lgan. Bishkekdagi tergov izolyatorida ikki oy o‘tirganidan keyin Bishkek shahar sudi uni o‘tgan yilning 26-oktabrida uy qamog‘iga chiqargan.

Faolga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 3-qismi (“Tartibsizliklar”) (“Hokimiyatning qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslik va ommaviy tartibsizliklarga chaqirish, shuningdek, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga chaqirish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu tufayli Jekshenaliyev Yuridik akademiyadan haydalgan. Keyinchalik u o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U qo‘yilgan ayblovlarni rad etadi. Prokuror esa, blogerni olti yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ramoqda.

“Qirg‘izistonda 100 minglagan odam Feysbukdan foydalanadi. Ular orasida muxolifatchi siyosatchilar Adaxan Madumarov yoki Ravshan Jeenbekovning ham videolarini e’lon qilganlar ko‘p. Iris Jekshenaliyev ham xuddi shu kabi videoni joylashtirgan. U tashviqot qilmagan yoki fikr yozmagan. Abdil Segizboyevning saylovoldi videosini tarqatgani uchun qamoqqa tashlash nafaqat Iris Jekshenaliyevga, balki hammaga bosimdir”, - deydi Nurbek Oqilbek.

Xalqaro Fridom xaus tashkiloti “Dunyodagi erkinlik – 2023” deb nomlangan yangi hisobotida Qirg‘izistonni qatorasiga uchinchi yil “erkin bo‘lmagan” davlatlar qatoriga kiritdi. Tashkilot mamlakatda siyosiy huquqlar cheklangani, ommaviy axborot vositalari bosim ostida qolgani bildirgan.

Ayni paytda Qirg‘iziston hukumati mamlakatda so‘z erkinligiga bosim ko‘rsatilayotganini inkor qilib keladi. Qirg‘iz hukumati fikricha, so‘z erkinligi fuqarolarga muayyan mas’uliyatni ham yuklaydi. “Qirg‘iz tuusu” gazetasi bosh muharriri Mirzakat Tinaliyev qirg‘iz hukumatining bu pozitsiyasini qo‘llashini bildirdi:

“Men ham so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlayman. Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi bahs odamlar o‘rtasida nizolarni keltirib chiqarmoqda. Siyosatchilarning tarafdorlari va muxoliflari, dindorlar va dinsizlar o‘rtasida tortishuvlar qizib bormoqda. Bu xavfli ko‘rinish. Bu holat ijtimoiy tarmoqlar doirasidan chiqib, real hayotga ko‘chishi mumkin ”, - deydi Tinaliyev.

O‘zbekiston bilan parallellar

Mustaqil O‘zbekistonning ikkinchi prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukmronligining ilk yillarida so‘z erkinligiga e’tibor qaratayotgandek bo‘ldi. Davlat rahbari 2020-yil dekabr oyidagi yillik murojaatida “Oshkoralik va so‘z erkinligi... zamon talabi, O‘zbekistonda islohotlar talabi”, deb atagan edi. Mirziyoyev 2021-yil fevralida jurnalistlarni “yutuq va kamchiliklarimizni xalqimizga haqqoniy yetkazuvchi kuch” deb atagan edi.

Ammo 2021-yilda, Mirziyoyev hokimiyati davrida Termiz shahridan bloger Otabek Sattoriy bir nechta tovlamachilik va bir tuhmatda ayblanib, 6,5 yilga qamaldi.


Fevral oyida yana bir bloger Abuqodir Mo‘minov ham xuddi shunday ayblov bilan hibsga olingan edi. Youtube’dagi kanali 240 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan Mo‘minov Mirziyoyevning o‘zini tanqid qilishga jur’at yetgan oz sonli blogerlardan biridir.

O‘tgan yil fevralida O‘zbekistonda ikki bloger - Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev hamda Miraziz Bozorov o‘z chiqishlari uchun ozodlikdan mahrum qilindi.

Ularning birinchisi diniy masalalarda ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekiston hukumatiga qarshi korrupsiya ayblovlari va Jinoyat kodeksidan «Besoqolbozlik» moddasini chiqarish haqidagi chaqiriqlari bilan tanilgan.

Shu yilning 3-mart kuni qirqdan ziyod faollar prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, O‘zbekistonda “matbuotning tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlashda” yordam so‘rashdi.

Jurnalist, bloger va jamiyat faollari imzolagan ushbu ochiq murojaatda kuchli senzura, jiddiy to‘siqlar, bosimlar va qo‘rqitishlardan shikoyat qilingan.
Ushbu murojaatnoma keyingi paytda bloger va jurnalistlarga nisbatan “ov” ketayotgan bir paytda e’lon qilindi.

Xuddi shu kuni Qashqadaryo sudi bloger Elmurod Odilning apellyatsiya arizasini qondirmadi. Gaz va svet mavzusini faol yoritgan, senat raisi iste’fosini talab qilgan bloger fevral oyda 15 sutkalik jazoni o‘tab chiqqan edi.

Mart oyining ilk kunlarida tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan bloger Emine-Lemara Mirzaahmedova hibsga olingan edi.

Prezident tanqidchisi bo‘lgan bloger Abduqodir Mo‘minov, “Kompromatuzb” ishi doirasida ushlangan jurnalist Xurshid Daliyev, Mavjuda Mirzayeva, Siyovush Hoshimov va yana bir qancha jurnalist va blogerlarning hibsdagi taqdiri noma’lumligicha qolmoqda.

Mirziyoyev hamda uning oilasini nepotizm hamda korrupsiyada ayblab kelgan toshkentlik bloger Shohida Salomova esa qamoqqa olinganidan so‘ng «ruhiy holatini tekshirish» vaji bilan tibbiy muassasaga joylashtirilgan.

XS
SM
MD
LG