Линклар

Шошилинч хабар
13 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:02

Qirg‘iziston Rossiya bilan atom stansiyasi qurmoqchi. O‘zbekistonning AES loyihasiga nima bo‘ldi?


Bishkekdagi faollar uran qazib olishga qarshi namoyishda. Aprel, 2019
Bishkekdagi faollar uran qazib olishga qarshi namoyishda. Aprel, 2019

Sovet atom sanoati Qirg‘iziston ekologiyasiga katta zarar yetkazdi – mamlakat o‘sha davrda Moskvaning yadroviy qurol yaratish dasturi doirasida uran ishlab chiqargan. Shunga qaramay, qirg‘iz mulozimlari davlat g‘aznasini to‘ldirish maqsadida 2019-yili joriy qilingan uran qazib olishga taqiqni bekor qilishga harakat qilmoqdalar.

Shuningdek, ular Rossiya qurgan atom obyektlarini iqlim o‘zgarishi ta’siri ostida qolayotgan gidroenergetika muqobili sifatida ko‘rishyapti.

2019-yilda Qirg‘izistonda uran qazib olishga taqiq qo‘yish qarori fuqarolik jamiyatining katta mashaqqatlar evaziga erishgan g‘alabasi bo‘lgan edi, ayni chog‘da bu bilan sovet davrida sanoat mamlakat ekologiyasini izdan chiqargani tan olindi.

Biroq endilikda qirg‘iz mulozimlari taqiqni bekor qilishmoqchi – tez-tez populizmda ayblanadigan prezident Sadir Japarov shu tariqa tog‘-kon sohasida davlat ishlab chiqarishiga o‘tish harakatini davom ettirmoqda.

Davlat rahbari yangi “sog‘in sigir”ni ko‘z ostiga olar ekan, boshqa mulozimlar yadro-yoqilg‘i zanjirining narigi uchidagi voqealar rivojini muhokama qilishmoqda: gap shundaki, Rossiyaning “Rosatom” konserni “elektr taqchilligini bartaraf etishda ko‘maklashish” maqsadida Qirg‘izistonga kichikroq atom elektr stansiyasi qurib bermoqchi.

“Bu ikki voqeaning o‘zaro bog‘liqligi bor, – deydi Ozodlik bilan suhbatda besh yil muqaddam taqiq qarori olinishida faol qatnashgan ekofaol Qaliya Moldagaziyeva. – Chunki atom elektr stansiyasi uchun uran kerak. Uranni chetdan, ehtimolki Qozog‘istondan olib kelish kerak bo‘ladi yoki shu yerda uni boyitishga urinib ko‘rishadi. Nimani rejalagan bo‘lishlaridan qat’i nazar, biz bu ishga qarshimiz”.

Марказий Осиёда АЭС қуриш истаги. Мутахассислар нимадан хавотирда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:08 0:00

Uran qazib olish – Japarovning xalqqa sovg‘asi bo‘ladi

Japarovning hokimiyatdan ag‘darilgan salafi – So‘o‘ronbay Jeenbekov boshqaruvi davrida joriy qilingan uran qazib olishga taqiqni bekor qiluvchi qonun 26- fevral kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Muhokamalar 25-martda yakunlanadi, shundan so‘ng deputatlar qonun loyihasini ko‘rib chiqishga kirishadilar.

Biroq moratoriy kuchida qolishi ehtimoli juda kam, chunki prezident Jog‘orqu Keneshni o‘z izmiga solishda katta tajriba orttirgan.

O‘tgan hafta u Issiqko‘l viloyatiga borib, Qizil-Ompol uran konidan foydalanish rejasi xususida mahalliy aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Taqiq qo‘yilgan paytda kondan foydalanish uchun litsenziya xususiy investorga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, Japarov odamlarga Qizil-Ompol uran koni “100 foiz” davlat tasarrufiga o‘tishini e’lon qildi.

Japarov, qiyoslash uchun, prezidentligining ilk oylarida davlat foydasiga tortib olgan Qirg‘izistonning eng yirik oltin koni bo‘lmish Qumtorni misol qilib keltirdi. Qumtor konining sobiq operatori, Kanadaning Centerra Gold shirkati keyinroq kelishuv bitimini imzolashga rozi bo‘lgan edi.

“Eng avvalo, bu yerda mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil qilinadi. Sizlar o‘zlaringiz ishlaysizlar”, dedi Japarov Issiqko‘l viloyatining Qizil-Ompol koni joylashgan Tong tumani aholisi bilan uchrashuvda.

Prezident “bu yerning aholisi boyib ketadi”, “Qizil-Ompol ikkinchi Qumtor bo‘ladi”, deb va’da berdi.

Japarov, shuningdek, Qirg‘iziston “nodir metallar va uran qazib chiqarish bo‘yicha mutaxassislar” yetishtirish uchun har yili 50 kishini Rossiyaga o‘qishga jo‘natmoqchi ekanini ta’kidladi, biroq tafsilotlarini ochiqlamadi.

Japarov iqtisodiy nafdorlikka urg‘u berarkan, Qizil-Ompol konidan uran qazib olishga taqiq qo‘yilishiga birinchi galda uning mamlakat bosh sayyohlik markazi – Issiqko‘l ko‘liga salbiy ta’siri bilan bog‘liq ekologik muammolar sabab bo‘lgani haqida lom-mim degani yo‘q.

Qirg‘iziston va umuman, Markaziy Osiyo Sovet Ittifoqi yadro sanoatining zaharli ta’siri ostida bo‘lgan.

Ikkinchi Jahon urushi tugaganidan so‘ng yigirma yildan ziyod vaqt mobaynida Qirg‘iziston janubida joylashgan Mayli-Su shaharchasidagi uran koni va zavodda birinchi sovet atom bombasi uchun yoqilg‘i ishlab chiqarilgan.

Bomba 1949-yilda shimoli-sharqiy Qozog‘istondagi Semipalatinsk poligonida sinovdan o‘tkazilgan. Bu mintaqa tabiati va aholisi sog‘lig‘i uchun vayronkor oqibatlarga olib kelgan yuzlab sinovlarning birinchisi edi.

Mayli-Suda uran qazib olish va qayta ishlash 1968-yilda tugatildi, biroq 1958-yili yadroviy chiqindi ombori to‘g‘oni o‘pirilishi hamda radioaktiv materiallarni ko‘mishdagi surunkali pala-partishliklar hududni allaqachon qattiq ifloslantirib bo‘lgandi.

Aholi tig‘iz yashaydigan Farg‘ona vodiysidan teparoqda joylashgan Mayli-Suda hanuz ikki million kubometrdan ortiq radioaktiv chiqindi saqlanadigan 20 dan ziyod o‘ra-ombor mavjud, ayrim chiqindi o‘ralari mahalliy daryo yoqasida qazilgan. Shaharda kasallanish darajasi Qirg‘izistonning boshqa hududlariga nisbatan yuqori. Ushbu tog‘li, seysmik faol hududda biron tabiiy ofat ro‘y bergudek bo‘lsa, millionlab inson hayoti xavf ostida qolishi aniq.

Sovetlar atom sanoatining yana bir merosi – qo‘shni Norin viloyatidagi Ming-Kush degan joyda bo‘lib, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki moliyalagan ehtiyot choralaridan so‘ng zaharli chiqindilar ombori mustahkamlanib, hudud zararlanishining oldi olindi.

Ammo Qirg‘iziston bo‘ylab yana ko‘p joylarda kichik-kichik radioaktiv chiqindixonalar borki, ular mamlakat mustaqil bo‘lganiga 30 yildan oshgan bo‘lsa-da, hanuz qarovsiz va xatar manbai bo‘lib qolayotir.

Мишустин Ўзбекистондаги АЭС лойиҳасини тезлаштиришга чақирди. Экспертлар хавотирда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:07 0:00

Yadroviy kelajak – qismatmi?

Hozirda qirg‘iz mulozimlari uran timsolida eksport hisobiga mamlakatga barqaror valyuta keltiruvchi manbani ko‘rayotganga o‘xshaydi.

Qizil-Ompol iqtisodiy ahamiyati nuqtai nazaridan “ikkinchi Qumtor” bo‘lmasligi aniq esa-da, Qirg‘iziston 1990-yillardan buyon ishlatilayotgan asosiy konida oltin qazib olish kamayishi ehtimoliga qarshi chora o‘laroq yangi daromad manbalarini topishi kerak.

O‘tgan yili Qumtorda oltin qazib chiqarish hajmi 2022-yilgi 17,3 tonnadan – 13,6 tonnaga tushib ketganida hukumat nisbatan pastroq navli ruda qatlami yaqin kelajakda ishlab chiqarishni shu darajada saqlab turishi mumkin, deya bayonot bergan edi.

Bu yil hukumat ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida 4000 metr balandlikdagi uchastkada (ochiq qazuv o‘rniga) erosti qazuvi boshlanishini e’lon qildi va bu katta investitsiya jalb qilishi kerak.

Hukumat uran qazuvini boshlashni rejalashi – Qirg‘izistonda Rossiya texnologiyasida ishlaydigan yadroviy obyekt qurish g‘oyasi tobora reallashayotgan pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

So‘nggi paytlarda Rossiya o‘zini Markaziy Osiyoga mintaqada borgan sari chuqurlashayotgan energiya taqchilligini bartaraf etishga ko‘maklasha oladigan mamlakatdek tutishga urinyapti, “Rosatom” esa bu harakatlarda eng muhim rolni o‘ynaydi. Ammo loyihani amalga oshirish juda sust ketmoqda.

O‘zbekistonning AES loyihasiga nima bo‘ldi?

2018-yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga kelganida qiymati 11 milliard dollarga teng ulkan atom elektr stansiyasi (AES) qurish masalasi hal bo‘lgandek tuyulgan edi.

Biroq o‘tgan yilning noyabr oyi oxirlarida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston nafaqat Rossiya, balki boshqa xorijiy mamlakatlar “tajribasi va texnologiyalari”ni o‘rganayotganini aytdi, shuningdek har qanday potensial atom obyekti avvalboshda taxmin qilinganidan kichikroq bo‘lishi mumkinligiga shama qildi.

Mirzamahmudovning bu so‘zlari undan bir necha kun oldin “O‘zbekiston bilan AES qurish bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda”, deya bayonot bergan “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyovnikidan keskin farq qildi.

Qozog‘istondagi qarshiliklar

Bu yoqda Qozog‘iston ham bor: prezident Qasim-Jomart Toqayev mamlakatda AES qurish-qurmaslik masalasi umumxalq referendumida ovoz berish yo‘li bilan hal etilishini bir necha bor (so‘nggi marta – sentabr oyida xalqqa murojaatida) ta’kidlagan.

Putin o‘tgan yili kuzda, Ostonaga tashrifi oldidan “Rosatom” Qozog‘istonda AES qurishga katta qiziqish bilan qarayotganini tasdiqlar ekan, bo‘lg‘usi ob’ekt “atrof-muhit muhofazasi va xavfsizlikka doir eng yuqori xalqaro mezonlarga muvofiq bo‘lishi”ga ishonch bildirgandi.

Biroq qozoq jamiyatining yetarlicha kuchli qarshiligi manzarasida atom stansiyasi bo‘yicha referendum kuni hanuz belgilanmay qolmoqda, noqulay sukut esa tobora qattiq yangrayotir.

Agarda O‘zbekiston yoki Qozog‘iston mo‘ljallagan ishlardan voz kechib yuborsa, buni tushunsa bo‘ladi.

2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, uning harbiylari Yevropada eng yirik bo‘lmish Zaporojye AESni egallab oldi va ikki mamlakat o‘rtasidagi qaqshatqich janglar manzarasida potensial yadroviy halokat xavfi paydo bo‘lib, bu Moskvaning xalqaro maydonda o‘ta mas’uliyatsizlikda ayblanishiga olib keldi.

G‘arbning Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan joriy etgan keng ko‘lamli sanksiyalari ham chet eldagi loyihalarni amalga oshirishni qiyinlashtiruvchi omil bo‘lishi mumkin, garchi jahon yadroviy iqtisodiyotidagi muhim o‘yinchilardan biri bo‘lmish “Rosatom” sanksiya qo‘llangan shirkatlar ro‘yxatida bo‘lmasa-da.

Энергетика вазири: метан газ, свет ўчиши ва АЭС ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:36:48 0:00

AES qurishga yillar kerak bo‘ladi

Ammo Qirg‘iziston bitim tuzish masalasida ko‘p ham ikkilanayotganga o‘xshamaydi.

Qirg‘izlarning yadroviy obyekti qo‘shni O‘zbekiston va Qozog‘iston mo‘ljalidagi AESlarga nisbatan ancha kichik bo‘lishi turgan gap. Lekin keyinroq uni kengaytirish rejasi yo‘q emas.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sabirbek Sultanbekov o‘tgan yili Bishkekda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida Qirg‘iziston har biri 50 megavatt quvvatga ega ikki mini-zavod emas, balki yuz minglab uylarni elektr bilan ta’minlay oladigan 300 megavattli kichik modul reaktor (SMR) qurish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytgan edi.

“Rosatom” bilan Qirg‘iziston kichik reaktorlar qurish bo‘yicha hamkorlikka doir memorandumni 2022-yil yanvarda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan EXPO-2022 Butunjahon ko‘rgazmasida imzolagan.

Sultanbekovga ko‘ra, Qirg‘izistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 90 foizini beradigan gidro-elektr stansiyalar samaradorligi iqlimga bog‘liq bo‘lib qolayotgani mamlakatni atom energetikasi haqida o‘ylashga majbur etmoqda.

“Biz suv kamaygan davrni boshdan kechiryapmiz, bu o‘tib ketarku-ya, ammo taqchillik bizni shunday ahvolga soldiki, elektr energiyasini chetdan sotib olishimizga to‘g‘ri kelyapti”, deya qirg‘iz mulozimidan iqtibos keltirgan Kaktus Media.

“O‘tgan yili Qozog‘iston va Turkmanistondan 2,7 mlrd kVt-soat elektr import qildik. Bizga tabiat injiqliklari ta’sir qilmaydigan muqobil manba zarur. Bu manba – atom energetikasidir”, urg‘ulagan Sultanbekov.

XS
SM
MD
LG